Sport | 14:10 / 04.03.2019
10181
9 daqiqa o‘qiladi

Tehronni «qo‘rqinchli qiladigan» «Persepolis». «Paxtakor»ning OChLdagi ilk raqibi haqida

Ertaga, 5 mart kuni Toshkentning «Paxtakor» klubi Osiyo Chempionlar Ligasidagi ishtirokini boshlaydi. 3 yillik tanaffusdan so‘ng yana Osiyoning klublar o‘rtasidagi eng nufuzli musobaqasiga qaytgan «Paxtakor» guruh bosqichini Tehronda «Persepolis»ga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. «O‘lim guruhi»dan o‘rin olgan «Paxtakor» uchun birinchi o‘yin juda muhim hisoblanadi. Futbolimiz bayroqdorining guruh bosqichidagi ilk raqibi qanday jamoa?

«Eronning «Paxtakor»i...

«Persepolis»ga «Eronning «Paxtakor»i» deb ta'rif berish mumkin. Har ikki klub o‘z mamlakatining eng mashhur jamoasi hisoblanadi. «Persepolis» 11 marta Eron chempioni bo‘lgan va bu borada rekordchi hisoblanadi. Chempionlikdan tashqari yana 10 marta turli xil ichki kuboklarda g‘olib bo‘lgan. 1991 yil Osiyo kubok egalari kubogida (hozir bunday musobaqa o‘tkazilmaydi) g‘olib chiqqan. Bu jamoada o‘z vaqtida Ali Dai, Ali Karimi, Mehdi Mehdavakiya, Karim Bagiri, Muhammad Nuri, Xudodod Azizi kabi Eron futboli afsonalari to‘p tepishgan.

«Persepolis» nafaqat futbol klubi, balki butun boshli sport industriyasi nomidir. «Persepolis»da 15ta sport turi bo‘yicha atletlar shug‘ullanishadi. Klubning ramzi tarixiy Persepolis shahridagi ustunlarda tasvirlangan buqalardan olingan.

«Qizil armiya»

Uy o‘yinlarini qizil libosda o‘tkazuvchi «Persepolis»ni muxlislar «Qizil armiya» deb atashadi. Shijoatli o‘yini bilan chinakam armiyani eslatuvchi bu klubning muxlislari ham armiya nomiga munosib. Osiyo Chempionlar Ligasida muxlislar tashrifi bo‘yicha bu klubga teng keladigani yo‘q. O‘z o‘yinlarini afsonaviy «Ozodi» arenasida o‘tkazadigan «Persepolis» OChLda ko‘p muxlis to‘plash bo‘yicha mutlaq rekordchi hisoblanadi.

OChL tarixida eng ko‘p muxlis yiqqan 20ta o‘yinning barchasi Eronda o‘tkazilgani hayratlanarli natija, shunday emasmi? 20ta o‘yinning 19tasi esa «Ozodi»da bo‘lib o‘tgan. Bu 19 o‘yinga yo «Persepolis», yo «Istiqlol» mezbonlik qilgan. OChL tarixida eng ko‘p muxlis yiqqan dastlabki 5ta o‘yin «Persepolis» mezbonligida o‘tgan. Ularning 4tasida stadionga 100 ming muxlis tashrif buyurgan.

Bunday o‘yinlar qatorida 2015 yil may oyida «Bunyodkor»ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuv ham bor. O‘shanda «qaldirg‘ochlar» 1:2 hisobida yutqazishgandi. Qayd etish kerakki, «Bunyodkor» 2009 yil «Persepolis»ni «Ozodi»da 1:0 hisobida mag‘lub etgandi. Rivaldoning penaltidan urgan goli toshkentliklar jamoasiga g‘alaba keltirgan o‘sha o‘yinni 95 mingdan ortiq muxlis stadionda tomosha qilgan. «Persepolis» OChLning amaldagi finalchisi ekanini va ayni damda Eron chempionatida yetakchilik qilayotganini inobatga olsak, «Paxtakor»ga qarshi o‘yinga ham juda ko‘p muxlis tushishini taxmin qilsak bo‘ladi.

«Persepolis» hozir eng yaxshi holatda

«Paxtakor»ning OChL guruh bosqichidagi ilk raqibi yana bir jihatdan Osiyo Chempionlar Ligasida eng yaxshilardan hisoblanadi. «Persepolis» Osiyo Chempionlar Ligasining yarimfinalida eng ko‘p o‘ynagan 4 jamoadan biridir. «Persepolis» 6 marta yarim finalga chiqqan va bu borada Janubiy Koreyaning «Seongnam» («Paxtakor»ni 2004 yil OChL yarim finalida qoldirib ketgan «Seongnam») klubi bilan bir xil ko‘rsatkichga ega. Faqat hamshahari «Istiqlol» (7 marta) va Saudiyaning «Al Hilol» (9 marta) jamoalari OChL yarim finalida «Persepolis»dan ko‘proq o‘ynagan.

2000-yillarda juda kuchli bo‘lgan «Persepolis» keyinchalik uzoq vaqt Osiyo maydonlarida muvaffaqiyatli o‘ynay olmadi. Lekin oxirgi ikki mavsumda klub Branko Ivankovich murabbiyligida Chempionlar Ligasida kamida yarim finalgacha yetib bormoqda. O‘tgan mavsum «Persepolis» ikki o‘yindan iborat finalda Yaponiyaning «Kashima Antlers» klubiga imkoniyatni boy berdi. 2017 yil esa yarimfinalda «Al Hilol»ga yengilgandi. Oxirgi ikki mavsumda Eron chempioni bo‘layotgan va OChLda kamida yarimfinalga chiqayotgan «Persepolis» hozir juda yaxshi holatda desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

«Persepolis» o‘ynaganda...

«Persepolis» hamda «Istiqlol» o‘rtasidagi Tehron derbisining ta'rifini eshitgansiz. Bu shunchalik katta o‘yinki, hatto FIFA saytida bu derbi oldidan prevyu beriladi. Shu kuni Tehron chinakamiga ikkiga bo‘linadi: ko‘klar va qizillarga. Biroq «Persepolis» o‘ynaganda shahar qizilga burkanadi. Mushfiq Kozimiyning mashhur «Ko‘rqinchli Tehron» romanini bizda ham ko‘pchilik o‘qigan. Tehron haqida eng mashhur asar hisoblangan bu roman chiqqach, Tehron bilan birga qo‘rqinchli so‘zini ishlatish qaysidir ma'noda urf bo‘ldi.

Tehron aslida ko‘pchilik o‘ylagani kabi qo‘rqinchli emas, lekin xiyobonlari ko‘p bu ajoyib shahar «Persepolis» o‘ynaganda raqib jamoalar uchun yaxshi ma'noda qo‘rqinchliga aylanishi bor gap. Futbolda qo‘rqinchli so‘zini masalan «Enfild» yoki «San Mames» kabi shovqinli stadionlarga nisbatan ham ishlatish mumkin. Bunday muhitda o‘ynash bir tomondan murakkabdir, lekin boshqa tomondan shovqinli stadionda o‘ynashning zavqi ham boshqacha.

Qanday futbolchilar bor?

«Persepolis» tarkibi u qadar yulduzi emas. Taqqoslash uchun «Paxtakor» ayni damda O‘zbekistonning ko‘plab yaxshi futbolchilarini o‘zida jamlagan. «Persepolis»da yulduzlar ko‘p bo‘lmasa-da, yaxshi darajadagi futbolchilar o‘ynashadi. Bu klub bejizga bo‘lajak yulduzlar uchun Yevropaga yo‘l ochmagan axir. Eron terma jamoasining oxirgi yillardagi asosiy posboni Alirizo Beyronvand aynan «Persepolis»da o‘ynaydi. Jamoa sardori Said Jalol Husayni ham ko‘pchilikka yaxshi tanish. Bu markaziy himoyachini Karlush Keyrush JCh-2018 va Osiyo Kubogi-2019 bahslariga olib ketmagandi. Eron JCh-2018 saralashida O‘zbekiston terma jamoasini Toshkentda 1:0 hisobida mag‘lub etgan va o‘sha o‘yindagi yagona golni aynan Said Jalod Husayni urgandi.

Mehdi Turobi ham mashhur futbolchi. Ektor Kuper kelganidan so‘ng terma jamoa ilk jiddiy o‘yinida aynan Eron bilan o‘ynagandi. 11 sentabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinida Eron 1:0 hisobida g‘alaba qozongan va yagona golga aynan Mehdi Turobi mualliflik qilgan. U asta-sekin Eron terma jamoasida Ozmun, Jahonbahsh, Ansarifard kabi hujumchilarga raqobatchiga aylanmoqda. Yana bir hujmchi Ali Alipur ham Eronda o‘z nomiga ega futbolchi. Xullas, «Persepolis»ga qarshi o‘yin «Paxtakor» uchun oson o‘tmaydi. O‘z navbatida «Paxtakor»ning hozirgi tarkibiga nazar solsak, «Persepolis» ham bu o‘yinda yaxshigina ter to‘kishiga to‘g‘ri keladi...

OChL-2019.
«D» guruhi. 1-tur
«Persepolis» - «Paxtakor»
Tehron. «Ozodi» stadioni, 20:00.
Bosh hakam: Xettikamkanamge Perera (Shri-Lanka).

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid