O‘zbekiston | 22:25 / 05.03.2019
14397
4 daqiqa o‘qiladi

Senat majlisida qanday masalalar ko‘rildi?

Senatning 18-yalpi majlisi o‘z nihoyasiga yetdi. 28 fevral va 1 mart kunlari senatorlar kun tartibga kiritilgan 23ta masalani ko‘rib chiqishdi. Yig‘ilishda jamiyat va davlat ahamiyatiga molik 23ta masala nima edi?

23ta masala shular qatorida Ombudsman, Adliya vaziri va Qashqadaryo viloyati hokimining axboroti tinglandi, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlariga turli mavzularda parlament so‘rovlari yuborildi.

Senat raisi o‘z nutqida maktab darsliklari, kitob nashrlarini tanqid qilgan bo‘lsa, senator Nizomxo‘jayev mutaxassislik fani bo‘yicha 50 ball ham to‘play olmagan barcha abituriyentlarning kirish imtihonlaridagi muvaffaqiyatsizligi aynan darsliklarning mukammal tuzilmagani, ortiqcha ma'lumot va eski uslubda yozilganini vaj qildi. Shu boisdan Bosh vazir o‘rinbosariga parlament so‘rovi yuborildi

Senat ma'qullagan boshqa qonun «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida»​ bo‘ldi. Aholi reproduktiv salomatligini yaxshilashning asosiy g‘oyasi erkak va ayollar bepushtligining oldini olish va davolash tizimini qonunchilik bazasini mustahkamlashdan iboratligi ta'kidlandi. Senatorlar qonuniy nikohda bo‘lgan er-xotinga EKO, ya'ni sun'iy ekstrakorporal urug‘lantirish yo‘li bilan farzandli bo‘lishni ma'qulladi.

Endi Parlament hukumatdagi tayinlovlarni ham nazoratga oladi, ya'ni vazirlikka nomzodning lavozimga mos tushishi ma'qullansagina, Prezident uni tasdiqlaydi. Shuningdek, Ombudsmanga katta vakolatlar berildi: u hech qanday to‘siqsiz qamoqxonalarga kirishi, mahkumlar bilan suhbatlashib, qiynoqlarga qarshi kurashishi kerak. Aytgancha, Ombudsman Senatda bir qancha ajoyib takliflarni ilgari surdi. Masalan, talabalar to‘lov-shartnoma narxi oshgani haqida kamida 3 oy avval xabardor qilinishi kerak, qamoqxonada yil qo‘shib berishga sabab bo‘luvchi harakatlarni kodeksga yozib qo‘yish taklif etildi.

Senator Farrux Dadaxo‘jayev xorijga chiqish pasportini olishda turli qiyinchilik va muammolar paydo bo‘lgani, amalda ishlar oxiriga yetkazilmaganini ta'kidlab, Bosh vazirdan izoh so‘radi, Senat parlament so‘rovini yuborishni ma'qul ko‘rdi.

Oliy Majlis Senatiga uy-joylarga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdagi byurokratik to‘siq va muammolar hal ​etilmayotganligidan norozi bo‘lgan fuqarolardan ko‘plab arizalar kelib tushmoqda​. Bu haqda senator shunday dedi:


«Kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmasligiga shahar hokim qarori bilan ajratilgan yer maydoni fermer xo‘jaligiga tegishli ekanligi va shu kungacha fermer xo‘jaligi hisobidan chiqarilmaganligi asosiy sabab qilib ko‘rsatilgan», — deydi senator. 

Shuningdek, Senat saylov kodeksi, atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun va ayrim toifa shaxslar ustidan ma'muriy nazorat o‘rnatish bo‘yicha qonunni ham ma'qulladi.

Kun.uz muxbiri Senat yakunlari bo‘yicha katta fotoreportaj ham taqdim etdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Mavzuga oid