Sport | 13:20 / 06.03.2019
25200
6 daqiqa o‘qiladi

«Barselona» mendan «Real»ni yo‘ldan olishni so‘ragandi». «Ayaks»ning asosiy qahramonlari

«Ayaks» Chempionlar ligasining nimchorak finali doirasida javob uchrashuvida Madridda «Real»ni 4:1 hisobida mag‘lub etdi va ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra (5:3) chorak finalga chiqdi.

Quyida «ayaksidlar»ning asosiy qahramonlari haqida keltiriladi.

Dushan Tadich, 30 yosh

Qachondir Tadich shunday degandi: «Serbiyada mag‘lubiyat - o‘limga teng baholanadi». «Bernabeu»dagi o‘yinda bir gol urib, 2 golga uzatma bergan futbolchi o‘tgan mavsumda «Sauthempton» bilan APLda jon saqlash uchun kurashgandi. Inglizlar uni yozda «Ayaks»ga sotib yuborishdi -  hadeb o‘laverish shunchaki Tadichning joniga tekkandi.

Joriy mavsumda Tadich yana porlamoqda: Erediviziyada 16 gol, Chempionlar ligasida esa 9 gol va 6 golli uzatma (saralash o‘yinlari ham hisobga olinganda). «Bernabeu»da Tadich «Real»ni xo‘rladi, nafaqat golli uzatmalari bilan, balki ikkinchi gol urilgan hujum vaqtidagi «marselcha ruletka»si bilan. Madridda Zidanning finti - haddan tashqari bezbetlik va haddan tashqari jasurlik edi.

Frenki de Yong, 21 yosh

Qishda ushbu markaziy yarimhimoyachi «Barselona» bilan shartnoma imzoladi, u yozda Kataloniyaga ko‘chib keladi. «Real»ga qarshi javob o‘yinidan avval esa OAVda undan shunday iqtibos tarqaldi: «Men «Barselona» bilan shartnoma imzolaganimda, bu klub vakillari mendan «Real»ni Chempionlar ligasidan chiqarib berishni so‘rashgandi».

Tvitterda shunday hazil qilishmoqda: de Yong hali «Barselona» safida maydonga tushmay turib, klub afsonasiga aylandi.

Uning fintlari Kataloniyada barchani xursand qildi.

Hakim Ziyosh, 25 yosh

«4:1! Biz ertalab bunday bo‘lishini o‘ylay olmasdik», dedi o‘yindan keyin marokashlik futbolchi. Ziyosh o‘yinda hisobni ochdi, u Amsterdamdagi o‘yinda ham gol urgandi. U bu o‘yinlargacha ham «Ayaks»ning eng qimmatbaho futbolchilaridan biri bo‘lgan ( ma'lumotiga ko‘ra, 35 million yevro), endi esa unga Yevropa bozorida xaridorlar ko‘payishi aniq.

O‘tgan yil yozida u «Roma»ga o‘tib ketishiga bir baxya qolgandi, ammo futbolchining o‘zi «Ayaks»da qolishga qaror qildi.

David Neres, 22 yosh

Braziliyalik futbolchi o‘yindagi ikkinchi golni urdi, aslida bu g‘alaba goliga aylangandi. Ammo o‘yindan keyin uning goli emas, o‘ng burchak yaqinida Karvaxalga ishlatgan finti ko‘proq muhokama qilinmoqda. Bunday fintdan keyin shunday deyishadi: «U raqibni nafaqaga jo‘natdi».

Holbuki, qishki transferlar chog‘ida Neres Xitoy chempionatiga ravona bo‘lishi ham mumkin edi. «Guanchjou Evergrand» uning transferi uchun 30 million yevro taklif qilishgandi, ammo «Ayaks» ko‘proq so‘ragach, futbolchi Amsterdamda qolgan.

Matteys de Ligt, 19 yosh

Bu markaziy himoyachi superyulduz bo‘lishi kafolatlangan. Uning narxi hozirdan 70-80 million yevroga chiqib ketgan. Ushbu yosh futbolchida noodatiy sardorlik qobiliyati bor. U ikki yil oldin «Ayaks» Lionda Yevropa Ligasi finaliga chiqqanida muxlislar sektoriga chiqib borgandi va muxlislar ko‘z o‘ngida jamoa yetakchi va ilhomchisi bo‘lib gavdalangandi. Tasavvur qiling: u o‘shanda hali 17 yoshda edi.

U Madriddagi o‘yindan keyin ham amsterdamlik muxlislar qarshisiga yolg‘iz kelib, minnatdorchilik bildirdi.

Hozir u 19 yoshga chiqdi va Chempionlar ligasi tarixiga eng yosh sardor sifatida kirdi. Madriddagi o‘yinda ham u o‘n martalab raqibdan to‘pni olib qo‘ydi. Yozgi transferlar vaqtida uni katta klublardan biriga kuzatishimiz mumkin, da'vogarlar qatorida «PSJ», «Barselona», «Manchester Siti» va «Yuventus» kabi gigant jamoalar bor.

Mavzuga oid