Jahon | 21:37 / 09.03.2019
26648
7 daqiqa o‘qiladi

Rossiya nega Ukrainadan o‘tgan gaz tranzitidan voz kechmayapti?

Rossiya Federatsiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev Lyuksemburgning Luxemburger Wort​ nashriga bergan intervyusida «rasmiy Moskva 2019 yildan keyin Ukraina orqali rus gazini Yevropaga yetkazib g‘oyasidan voz kechishni o‘ylamayotgani»​ni ma'lum qildi.

Medvedev sirtdan Germaniya kansleri Angela Merkelning fikrini ma'qullab, «Shimol oqim-2» quvur yo‘lining qurilishi bitgach ham, «Rossiya mazkur yo‘l orqali gaz yetkazib berishdan voz kechmoqchi emas»ligini aytgan.

«Shimoliy oqim-2», «Turk oqimi» yuzasidan Ukrainaga nisbatan bunday yo‘l tutishni nazarda tutmayapmiz. Biz 2019 yildan keyin ham Ukraina orqali tranzit gaz yetkazilishini saqlab qolish haqida o‘ylayapmiz​», —​ deydi RF Bosh vaziri. 

To‘rt yil avval Moskvada boshqa kayfiyat hukmron edi. Har ikki «oqim» ham Ukrainani gaz tranzitidagi geografiyadan chiqarib tashlovchi instrument sifatida ko‘rilgandi. «Gazprom» rahbari Aleksay Miller ham, Energetika vaziri Aleksandr Novak ham «2019 yildan so‘ng Ukraina hukumati bilan gaz o‘tkazish bo‘yicha shartnoma uzaytirilmasligi»​ni tasdiqlagandi.

Rus rasmiylari matbuot savoliga doim bir xil javob bergan: barcha kuch «Turk oqimi»ga qaratiladi va kelgusida Markaziy hamda Janubi-Sharqiy Yevropaga gaz aynan shu yo‘nalishdagi quvurlar orqali yetkazib beriladi.

«Muddatlar qat'iy belgilangan. Qurilish esa bugundan boshlanishi kerak», — degandi Miller 2015 yili aprelda.

Uning gaplari xuddi ultimatum sifatida yangragandi: kim «oqim»ga qo‘shilmasa, gazdan mosuvo bo‘ladi. Ammo konsepsiya o‘zgardi.

«Tranzit yo‘nalishlari qanchalik ko‘p bo‘lsa, yetkazib berish ham shunchalik ishonchli bo‘ladi», — deydi Dmitriy Medvedev. Balki muqobil quvur yo‘nalishlari bo‘yicha gapirishning o‘zi haqiqatga mos kelmayotgani fikrlarning o‘zgarib qolishi sababchisidir.

​​​«Turk oqimi» yo‘nalishi qurilishni yakunlash bo‘yicha muddatlar har ikki davlat — Turkiya va Rossiya prezidentlari, tomonidan tasdiqlandi. Shundan so‘ng, yo‘nalish Bolgariya-Serbiya-Vengriya bo‘ylab harakatlanishi lozim, keyin quvurlar Avstriyaga yetib boradi. Hozircha mana shu marshrut, Gretsiya variantini inobatga olmasak, asosiylaridan biri hisoblanadi.

Rossiya serb infratuzilmasiga 1,4 milliard dollar sarmoya kiritishga tayyor. Bu haqda Putin joriy yilning yanvarida ma'lum qilgan.

Foto: baltnews

Ammo muammo shundaki, Turkiyaning g‘arbida yastangan Bolgariya ham, Gretsiya kabi, Yevroittifoq a'zosi sanaladi. Sofiyaga tashrifi chog‘ida RF Bosh vaziri aytganidek, Rossiya YeIdan loyiha to‘sqinlikka uchramasligi bo‘yicha kafolat kutadi.

Gap shundaki, yaqin tarixda amalga oshmay qolgan «Janubiy oqim» taqdiri ham Yevroparlamentda hal qilingandi. Avstriyaga qadar cho‘zilishi nazarda tutilgan quvur aynan Bolgariyadan o‘tishi rejalashtirilgandi. Ammo u qurilmadi.

​«Shimoliy oqim-2» qurilishi esa 30 foizga bajarilgan. Quvurlarni Daniya hududidan olib o‘tishga hanuz ruxsat berilmagan. Ammo Angela Merkel qurilishni faol qo‘llab-quvvatlamoqda, u quvvatlov ortidan Vashington bilan «aytishib ham qolgan».

AQShning siqilgan gazini Yevropaga yetkazib berishni lobbi qilayotgan Donald Tramp Boltiq dengizidagi quvur qurilishini bir necha marta ochiqcha tanqid qilgan. U qurilishdan so‘ng, Yevropaning Rossiyaga qaram bo‘lib qolishini bashorat qilgandi. Ish shunchaki AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning qurilishni to‘xtatish borasida chaqirig‘i bilan tugamadi. 

AQShning Germaniyadagi elchisi Richard Grenell qurilishning pudratchi kompaniyalari hisoblanmish Uniper va Wintershall​, shuningdek Allseas (Shveytsariya) va Saipem (Italiya)​ kompaniyalariga ogohlantirish xati yuborgan. Elchi o‘z maktubida kompaniyalarning AQSh sanksiyalar ta'siriga tushib qolishi bilan tahdid qilgan.

Merkel rejasiga ko‘ra, «Shimoliy oqim-2» qurilishini qo‘llab-quvvatlash Ukrainadan o‘tuvchi tranzitning saqlab qolinishiga kafolat bo‘ladi. U bu masalada Putin bilan gaplashib olganini ma'lum qilgan. ​Vladimir Putin ushbu muloqotni tasdiqlab, Belgradda o‘tgan rus-serb muzokaralar yakuni bo‘yicha tashkil etilgan bayonotda fikr bildirgan.

Rossiya prezidentining aytishicha, 2018 yilda Yevropaga rekord hajmda gaz yetkazib berilgan. Mana shunday ko‘rsatkichni saqlab qolish uchun Rossiya Ukraina tranzitidan voz kechish haqida o‘ylamaydi.

«Shimoliy oqim-2» quvurlarining gaz o‘tkazish quvvati yiliga 55 milliard kubometr, ​«Turk oqimi»da esa 15,7 milliard kubometrni tashkil etadi. 2018 yili birgina Ukraina tranziti orqali 86,8 milliard kubometr gaz  Yevropaga yetkazib berilgan. 2020 yil 1 yanvar kuni gaz yetkazib berishda tranzitdan foydalanish bo‘yicha Ukraina-Rossiya kelishuvi muddat tugaydi.

Yevropa davlatlari energiya manbalari diversifikatsiyasi intilmoqda, AQSh ham 2020 yildan ko‘hna qit'aga gaz yetkazib berishni boshlaydi. Rossiya uchun gaz eksporti hajmini yuqori marrada ushlab turishning yo‘li, albatta, Ukraina bilan shartnoma muddatini uzaytirishdir.

Ukrainada joriy yil martda prezidentlik saylovi o‘tkazilishi belgilangan. Amaldagi Ukraina prezidenti Petr Poroshenko oqimlar qurilishini ashaddiy tanqidchisi, u gazning Ukraina orqali o‘tkazilishiga erishish uchun har narsaga tayyor. Rossiyaning Ukraina tranziti bo‘yicha o‘zgarib qolgan fikri prezidentlik sayloviga qisman ta'sir qilishi, yakunda Poroshenko bilan kelishuv muddati uzaytirilishi mumkin.

Bu vaqtda esa «Gazprom» Ukraina gaz tranzit yo‘li saqlanib qolayotgani uchun, Germaniya siyosiy ko‘magida «Shimoliy oqim-2» va «Turk oqim» qurilishini davom ettirishga imkon topadi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid