Sport | 07:57 / 11.03.2019
12948
4 daqiqa o‘qiladi

Bugun «Lokomotiv» Dohada «sherlar» bilan jang qiladi

Bugun, 11 mart kuni Toshkentning «Lokomotiv» klubi OChL guruh bosqichining 2-tur o‘yinini Qatarning «Ar-Rayyan» jamoasi maydonida o‘tkazadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 20:35da start oladi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

AR-RAYYaN – LOKOMOTIV
Doha. «Jassim bin Hamad» stadioni
Bosh hakam: Hiroyuki Kimura

Dohaning bu jamoasi Qatar futbol assotsiatsiyasi rasmiy saytida «mamlakatning eng mashhur klubi» deb aytiladi. «Sherlar» 8 marotaba Qatar chempioni bo‘lgan (oxirgi marta 2015/16 mavsumida), faqat «As-Sadd»da bundan ko‘proq (13ta) oltin medal bor. Har ikki klub ayni paytda bitta – «Jassim bin Hamad» stadionida uy o‘yinlarini o‘tkazmoqda. Qatar terma jamoasi ham o‘z uchrashuvlarini o‘tkazadigan bu arena asli «As-Sadd»ga tegishli bo‘lib, «Ar-Rayyan»ning o‘z stadioni buzib tashlangan – uning o‘rnida JCh-2022 uchun mo‘ljallangan o‘yingohlardan biri qad rostlamoqda.

Keyingi vaqtlarda «qizil-qoralar»ning ishlari yurishmayapti. Jamoa 2019 yil boshidan buyon o‘tkazgan 7ta o‘yinida 4 mag‘lubiyat, 1 durang va 2 g‘alabani qayd etdi. Ikki muvaffaqiyatli o‘yin 5 kun ichida bo‘lib o‘tgan, ulardan ikkinchisi OChL saralash pley-offi bo‘lib, unda «Ar-Rayyan» Eronning «Saypa» klubini mag‘lub etish evaziga guruh bosqichiga chiqqandi. Klub shundan keyingi uchta o‘yinda yirik hisobda yutqazdi, umumiy 1:12 to‘plar nisbatini qayd etdi.

Natijada «Ar-Rayyan» chempionat yakunlanishiga 4ta tur qolganida jadvalning 4-o‘rniga tushib qoldi; OChLda 1-turni o‘tgan dushanbada Saudiya Arabistonining «Al-Ittihod» jamoasi maydonida o‘tkazib, 1:5 hisobida yutqazdi. Oqibatda oktyabrdan buyon bosh murabbiy bo‘lib ishlab kelayotgan Bulent Uyg‘un iste'foga chiqarilib, uning o‘rniga klubning 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat jamoasini boshqarib kelgan Jilson Souza tayinlandi. Braziliyalik mutaxassis klubda uzoq vaqtdan buyon ishlab keladi, u hatto futbolchi sifatida ham «Ar-Rayyan» sharafini himoya qilgan.

Quyidagilar – braziliyalik chap qanot vingeri Lukka, argentinalik markaziy himoyachi Gonsalo Viyeyra, asli braziliyalik hujumkor yarimhimoyachi Rodrigo Tabata, asli urugvaylik hujumchi Sebastian Soriya, venesuelalik hujumchi Jyelmin Rivas, koreyalik yarimhimoyachi Miyeong Jin Ko «Ar-Rayyan» yetakchilari sanalishadi. Ular orasidan 38 yoshli xavbek Tabata OChLdagi oxirgi 11ta o‘yinida 12ta golda bevosita ishtirok etgani (6+6) e'tiborga loyiq. U 2011 yildan buyon jamoa a'zosi hisoblanadi.

«Lokomotiv» o‘z guruhida faqat «Ar-Rayyan» bilan ilgari to‘qnash kelmagan. Ushbu klub OChLning 2012 yilgi mavsumida «Nasaf» bilan bir guruhdan joy olib, har ikki o‘yinda ham g‘alaba qozongandi – Dohada 3:1, Qarshida 1:0 hisobi qayd etilgan.

OChLda 11 mart kungi o‘yinlar

«A» guruhi
19:00. Al-Zavra (Iroq) – Al-Vasl (BAA)
20:45. Al-Nasr (Saudiya Arabistoni) – Zo‘b Ohan (Eron)

«B» guruhi
20:00. Al-Vahda (BAA) – Al-Ittihod (Saudiya Arabistoni)
20:35. Ar-Rayyan (Qatar) – Lokomotiv (O‘zbekiston)

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid