O‘zbekiston | 15:21 / 12.03.2019
11776
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ilk bor Harbiy jurnalistika yo‘nalishi tashkil etildi

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Harbiy jurnalistika kasbiy tayyorlash kursi va 2019-2020 o‘quv yilida Harbiy jurnalistika yo‘nalishi ochilishining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbirining xabar berishicha, O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilayotgan harbiy jurnalistika yo‘nalishi ikki bosqichda amalga oshiriladi:

4 yillik bakalavriat ta'lim yo‘nalishi;

4 oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslari;

2019-2020 o‘quv yilida Harbiy jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha 20 nafar talaba grant asosida o‘qishga qabul qilinadi. Talabalarga maxsus yo‘naltirilgan maxsus o‘quv reja ishlab chiqilgan bo‘lib, unda talabalarga jurnalistika sohasi bilan birgalikda harbiy bilim va ko‘nikmalarni shakllantiruvchi darslar ham o‘tiladi.

O‘qishga qabul qilish jarayoni test va og‘zaki suhbat asosida olib boriladi. Bakalavriat yo‘nalishini tamomlagan talabalarga harbiy jurnalist diplomi berilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 4 oylik kasbiy qayta tayyorlash dastlabki o‘quv kurslariga O‘zbekiston Respublikasi MV, O‘zbekiston Respublikasi BQ, O‘zbekiston Respublikasi IIV, O‘zbekiston Respublikasi DXX, O‘zbekiston Respublikasi FVV xodimlari qabul qilinishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari taqdimotda jurnalistik faoliyat bilan shug‘illanayotgan jurnalistlar ham o‘qishlari mumkinligi aytib o‘tildi. O‘quv kurslari pullik asosida tashkil etiladi.

Taqdimot so‘nggida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘rtasida kelishuv memorandumi imzolandi.

Harbiy sohaga yo‘naltirilgan jurnalistlarni qayta tayyorlash kursi

Ta'lim sohasi:          220000 – Jurnalistika va axborot 

Ta'lim yo‘nalishi:      5220100 – Jurnalistika (Harbiy jurnalistika)

O‘qish muddati:         4 oy (576 soat)