Sport | 21:00 / 18.03.2019
33259
5 daqiqa o‘qiladi

«Futbol umri». Yana Messi haqida

Yaqinda ikki inson bilan suhbatlashib o‘tirganimda qiziq holatga duch keldim. Bir tanishimning otasi yoshligida vafot etgan, ikkinchi tanishimniki yaqinda — yoshini yashab, qariya holida olamdan ko‘z yumgan edi. Ikkisi o‘z otasini eslab, o‘zlari uchun nurli davrlarni yodga olgan bo‘lishdi. Ammo men ularning xotiralarida farqli jihatlarni kuzatdim: Otasini yoshligida yo‘qotgan tanishim alohida hodisalarni yodga olar, ikkinchi tanishim biror bir hodisani emas, otasining hayotini umumiy suratda tasvirlardi. O‘ylashimcha, otasi bilan uzoq yashagan, padari buzrukvorining diydoriga to‘ygan farzand hodisalar yo‘qligidan emas, hodisalar ko‘pligidan ularga to‘xtalmas, umr bo‘yi ko‘rib yurgan otasi haqida gapirib qo‘ya qolardi.

Kecha Lionel Messi het-trik muallifiga aylandi, uchta golining hammasi shedevrlar turkumidan joy oldi. Ayniqsa, oxirgi parashyut goli ta'rifga ehtiyoj sezmaydi. Jarimadan kiritgan goli ham.

Ertalab turib ijtimoiy tarmoqni kuzatadigan odatim bor (asosan, Tvitter), ana shu uchta gol borasida jiddiy bir eyforiya kuzatmadim. Bir-ikki «Barsa» ishqibozlaridan tvitlar o‘qigan bo‘ldim. O‘zim Messini alqab bir tvit yozdim:

«Messining het-trigi boshqalarning het-triklaridan ichida kamida ikkita shedevri bo‘lishi bilan ajralib turadi. Dahshat, lekin odatiy hol...»

Saldan keyin Qahramon Aslanov shunga o‘xshash fikr qoldirdi:

«Agar Messining kechagi gollarini boshqa istalgan o‘yinchi, hatto Krishtianu urgan bo‘lganda ham, dahshat deb baholanib, tinmay aylanayotgan bo‘lardi. Messi uchun oddiy hol».

Ikki odamning bir mavzuga e'tibor qaratishida jon bordek edi. Rostdan ham, Messining het-triklariga, chiroyli gollariga, jarimadan yo‘llanayotgan aniq zarbalariga ko‘nikib, o‘rganib bo‘ldik. Leo bizni hayratlantira olmayapti endi. Har hafta «Barselona» ishtirokidagi o‘yindan so‘ng argentinalik yulduzning qandaydir rekordni urgani haqidagi qaytariq xabarlaridan ham olam zerikib ketdi.

Ronaldu o‘tgan hafta «Atletiko» darvozasiga uch gol yo‘llab, jamoasini chorak finalga olib chiqdi. Krishtianu haqida olam yetarlicha yozdi. To‘g‘ri, kechagi «Betis»ning o‘yini bilan YeChL o‘yini farqli, ammo ishonavering, agar Leo shunaqa gollarini aprelda, «MYu» darvozasiga ursa ham, bu qadar alqanmasdi. Chunki o‘sha kuni Messining gollari uning harakatlaridan ajralib chiqmas, butun boshli o‘yinining mantiqiy yakuni hisoblangan bo‘lardi.

Ronaldu bilan Messi ko‘p masalada bir xil natija qayd etgan va hatto ba'zi o‘rinlarda portugaliyalik yulduz raqobatchisini ortda qoldirayotgan bo‘lsa-da, Leoning darajasini kelajakda boshqacharoq eslaymiz, deb o‘ylayman. Ronalduni eslaganimizda hodisalar bilan, qay bir o‘yinlar bilan, unda Krishning bir o‘zi xaloskor bo‘lgani bilan yodga olsak kerak. Messini esa, faqat o‘yini bilan, harakatlari, sehrgarligi bilan. Gollari soni Ronaldunikiga o‘xshash, ammo Messida goleadorlikdan tashqari boshqa bir o‘zgachalik — Messilik xususiyati bordek. Janubiy amerikalik iqtidor egasi bizga o‘zidan keyin hodisalarni emas, butun boshli futbol umrini tashlab ketayotgandek chamamda.

Ochig‘i, men bugun Messining o‘yinini tomosha qilishdan bir zavqlansam, ikki karra zavqim — yillar o‘tib, uni eslaganimda uyg‘onadi, bunga ishonchim komil. Chunki hodisalardan-da yuqoriga chiqib ketgan futbol hayotini eslash nimaligini faqat otamning rivoyatlarida eshitgandim, u ham bo‘lsa bitta futbolchini xotirlaganda — Peleni. Vaholanki, uning yoqimtoy yulduzi Kroyff edi. Men holland afsungari haqida hodisalarni bilaman faqat.

Hozir o‘ylab qoldim: o‘zim ham farzandlarimga Badjo, Zidan va hatto Maradona haqida hikoya qilganimda, ularning qay bir o‘yinlarini, xatti-harakatlarini eslab o‘tgan ekanman. O‘ylab qarasam, butun boshli futbol umrini hikoya qilarli darajadagi afsona men ko‘rgan yulduzlar ichida bo‘lmagan ekan. Endi otam bilan bu masalada o‘xshashligimiz bor.

Maradona meni kechirsin...

Xayrulla HAMIDOV

Mavzuga oid