Jamiyat | 08:13 / 21.03.2019
40670
6 daqiqa o‘qiladi

Lisenziyasidan mahrum bo‘lgan “Bravo” Bo‘zdagi bayram dasturida ishtirok etdimi?

Yurtda Navro‘z tantanalari bo‘lib o‘tmoqda. Bayramlarga esa qo‘shiqchilar, raqqos, askiyachi va so‘z ustalari fayz kiritadi. Bunday kunlarda taniqli san'atkorlar imkoni boricha ko‘proq tadbirga borib xalq ko‘nglini olishga harakat qiladilar. Albatta, tekinga emas. Bundan tashqari, san'at vakillarining gastrol-konsert faoliyati yuritishlari uchun tegishli muassasa - “O‘zbekkonsert”dan litsenziya, ya'ni ruxsatnomasi bo‘lishi ham zarur.

17 mart kuni, Andijon viloyat Bo‘z tumani hokimligining Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi “Bo'z Tumani Birinchi Sektor va Telegram messenjerida ham xuddi shu nom bilan yuritiluvchi sahifalarida tumanda Navro‘z bayrami tantanalari bo‘lib o‘tgani va konsert dasturi davomida “Bravo” guruhi chiqishlar qilgani aytildi.  

Jumladan, xabarda “Bayramda taniqli san'atkorlar va hozirgi kunda ko‘p sonli muxlislariga ega bo‘lib ulgurgan "Bravo" jamoasi ishtirok etib, yig‘ilganlarga a'lo kayfiyat ulashdi”, deyilib, guruh a'zolaring dastur davomidagi chiqishlari aks etgan fotosuratlar taqdim etilgan. Unda jamoaning uch vakili - Ahmad Temirov, Umid Umarov va Otabek Mirzaxolovlarning birgalikdagi ijro jarayoni aks etgan. 

Ijtimoiy tarmoqdagi xabar va suratlar ostida foydalanuvchilar: “Bravo”ning litsenziyasi olib qo‘yilmaganmidi?” degan savollar qoldirgan.  

Aslida, bayram kunlari san'atkorlarning ayniqsa, “Bravo” jamoasining xalq xizmatida bo‘lib, chiqishlar qilishiga hech kimning e'tirozi yo‘q. Faqat, litsenziyasidan mosuvo qilingan guruh a'zolari tegishli qoidalarni buzayotgani, “O‘zbekkonsert” tomonidan qo‘yilgan taqiqni pisand qilmayotgani taajjublanarli..

Bu holatni ko‘rgan fuqarolarda: “muassasa litsenziyani bekor qilsa ham, san'atkor bayram va to‘ylarda xizmat qilaverishi mumkin ekan” mazmunidagi xulosa paydo bo‘ladi.   

Bilamizki, guruhning eng faol a'zolaridan biri Otabek Mirzaxolov Andijon viloyatining Bo‘z tumanidan.    

Bu holat bo‘yicha “O‘zbekkonsert” tashkiloti litsenziya bo‘limi xodimi bilan suhbatlashganimizda, mas'ul shaxs tegishli qarorga asosan litsenziyadan mahrum qilingan san'atkorlarning bayram va boshqa tadbirlarda ishtirok etishi ma'n qilinishini bildirib, agar shunday holat aniqlansa, san'atkorlarga nisbatan tegishli chora qo‘llanilishini bildirdi. “Afsuski, joylarda o‘tkazilayotgan barcha tadbirlarni nazorat qilishning iloji yo‘q. Viloyat bo‘limlarimizda ishlaydigan xodimlar soni cheklangan. Lekin, shunday holat aniqlansa, albatta chora ko‘riladi”, deydi mutasaddi.    

Shuni aytib o‘tish lozim, “Bravo” yigitlari mazkur konsertda aynan guruh tarkibida (trio bo‘lib) chiqish qilishgan.  

O‘zbek tomosha san'ati vakillarining quyushqondan chiqayotgani to‘g‘risida o‘tgan ikki oy juda ko‘p yozildi. Ayniqsa, “Bravo” guruhi va aktrisa Halima Ibragimovaning xatti-harakatlari jamoatchilik o‘rtasida katta shov-shuvlar keltirib chiqardi.   

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi rahbari Odiljon Abduqahhorov fevral oyi boshlarida “Bravo” guruhining konsert dasturida oilaviy davrada ko‘rib bo‘lmaydigan qo‘pol hazillar mavjudligi, muassasaga ssenariy topshirilganida bunday hazillar ko‘rsatmay ketilganini bildirib, guruhning litsenziyasi bekor qilinishi haqida aytgandi.

Bu voqeadan oldin, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Alisher Qodirov «Bravo» guruhining konsert dasturi bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirgan va guruhning konsert dasturi bo‘yicha Markazga bir nechta murojaat bo‘lganini bildirgan edi.

Bu orada aktrisa Halima Ibragimovaning ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar bilan «gap talashuvlari», xususan «Instagram» sahifasida o‘zining haqligini isbotlash va boshqalarga «munosib» javob berish uchun gapirgan haqoratomuz so‘zlari tarqalib ketganidan xabaringiz bo‘lsa kerak.

Shunday qilib, 26 fevral kuni «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan «Turkiston» san'at saroyining majlislar zalida «Badiiy so‘z san'ati va sahna mas'uliyati» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir davomida «O‘zbekkonsert» bilan tuzgan litsenziya talablari va shartlari qo‘pol ravishda buzilgani, ya'ni o‘tkazilgan konsert dasturlarida Muassasaga topshirilgan ssenariydan chetga chiqib, milliy urf-odatlarimiz, odob-ahloq, ma'naviy qadriyatlarga yot bo‘lgan, fahshni targ‘ib qiluvchi hajviyalar orqali o‘zbek so‘z san'ati obro‘siga putur yetkazayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda san'atkor odobiga rioya etmagani uchun so‘z ustalari «BRAVO» va Ibragimova Halima Ubaydullayevnalarning litsenziyalari «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 23-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrdagi 354-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 37-bandiga asosan 2019 yilning 26 fevral kunidan amal qilishi tugatildi.

Yuqorida aytilganidek, bayram san'atkorlar bilan bayramdek o‘tadi. Ularning tantanalarda ishtirok etib, davraga fayz kiritishlariga hech qanday e'tirozimiz yo‘q. Faqat, o‘zining mas'uliyatsizligi oqibatida litsenziyasi olib qo‘yilgan san'atkorning o‘ziga xos jazolanishi jiddiy nazoratga olinsa, ertangi kun ana shunday xatolar bo‘lmasligiga ijobiy ta'sir qiladi, degan umiddamiz.    

Elbek Husanjonov

Mavzuga oid