Jamiyat | 19:26 / 25.03.2019
5417
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda shifokorlar o‘rtasidagi xalqaro turnirga qur'a tashlandi

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tashabbusi bilan joriy yilning 25–30 mart kunlari Toshkent shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Ukraina shifokorlarining futbol jamoalari ishtirokida «Doctors Community Cup – Tashkent – 2019» xalqaro turniri bo‘lib o‘tmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar qilishicha, 25 mart kuni musobaqaning tantanali ochilish va qur'a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Qur'a natijalariga ko‘ra, 1-guruhda Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hamda 2-guruhda Qozog‘iston, Belarus va Ukraina davlatlari shifokorlaridan iborat terma jamoalar o‘rin oldi. O‘yinlar ertaga, 26 martdan boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu xalqaro turnir doirasida «Tibbiyot va sportda innovatsiyalar» mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar ham o‘tkazilishi va unda tibbiyotning dolzarb masalalari bo‘yicha shifokorlarning o‘zaro tajriba va fikr almashishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, mehmon jamoalarning Samarqand shahriga sayohatini tashkil qilish orqali ularga yurtimizning turistik salohiyati va imkoniyatlarini keng namoyish qilish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid