Jamiyat | 19:03 / 26.03.2019
23695
2 daqiqa o‘qiladi

Kaan Urganjio‘g‘li o‘zbek kinoijodkorlari haqida fikrlarini bildirdi

Turkiyalik taniqli aktyor Kaan Urganjio‘g‘li «Baron-2» filmini suratga olish jarayonida qatnashish uchun O‘zbekistonga keldi.

Kun.uz muxbiri aktyor bilan uning filmda gavdalantirayotgan obrazi, «Baron-2» loyihasi va O‘zbekiston-Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar to‘g‘risida suhbatlashdi.

«Rustam xo‘ja (aka) o‘z ishini juda yaxshi uddalar ekan. O‘zbekistonda ham tan olingan, hurmat qilingan rejissyorlardan. Professional yondashuv bor. Sahnalarning haqqoniy va hayotga yaqin chiqishi uchun ssenariyni ham qayta o‘rganib, uni yanada tabiiylashtirishga harakat qiladi. Yaxshi natija chiqishi uchun, menimcha, bu ajoyib usul va menga juda ma'qul.

O‘zbek aktyorlariga kelsak, ularning bari bir-biridan mahoratli, professional, vazifasini a'lo darajada uddalashadi. In Shaa Alloh, bu o‘zining natijasini ko‘rsatadi, xalqaro hamkorlik kelajakda ham samarali bo‘ladi degan umiddaman.

Turli madaniyat vakillari bilan ishlash, tajriba almashish men uchun ham tajriba maydoni bo‘lib xizmat qiladi», deya o‘zbek kinoijodkorlari to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan turkiyalik taniqli aktyor.

Shuningdek, suhbatda Kaan Urganjio‘g‘li O‘zbekiston tarixiga ham befarq emasligini, kelajakda hamkorlikdagi boshqa kinoloyihalarda ham rol ijro etishi mumkinligini yashirmagan.

Turkiyalik aktyor Kaan Urganjio‘g‘li bilan suhbatning to‘liq shaklini Kun.uz'ning YouTube va Mover sahifalarida tomosha qilishingiz mumkin.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Mavzuga oid