Sport | 08:51 / 29.03.2019
8228
3 daqiqa o‘qiladi

Sulsherga Mourinodan ikki barobar kam maosh to‘lanadi

Foto: Getty Images

«Manchester Yunayted» kecha, 28 mart kuni bosh murabbiy Ole-Gunnar Sulsher bilan 3 yillik shartnoma imzolanganini e'lon qildi.

The Sun`ning yozishicha, yangi bitimga asosan norvegiyalik mutaxassisga bir mavsumga 8,7 mln yevro maosh to‘lanadi. Bu bilan u APLda eng ko‘p maosh oluvchi murabbiylar sirasida uchinchi o‘rindan joy olgan.

Birinchi pog‘onada «Manchester Siti»dan 17,5 mln yevro maosh oladigan Xosep Gvardiola joy olgan. Keyingi o‘rin «Tottenhem» bosh murabbiyi Maurisio Pochettinoga tegishli – unga yiliga 10 mln yevro ish haqi to‘lanadi.

Qayd etilishicha, Sulsher maoshi miqdori bo‘yicha Yurgen Klopp («Liverpul», 8,2 mln yevro), Unai Emeri («Arsenal», 7 mln) va Mauritsio Sarri («Chelsi»,  6 mln) kabi APLdagi hamkasblarini ortda qoldirgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, «qizil iblislar»ning Sulsherdan oldingi bosh murabbiyi Joze Mourinoning ish haqi yiliga 17,5 mln yevro bo‘lgan.

46 yoshli Ole-Gunnar mankunianliklarni Mourinoning iste'fosidan keyin, 2018 yil dekabr oyida qabul qilib olgandi. Uning qo‘l ostida jamoa hozirgacha 19ta o‘yinda maydonga tushdi va ularning 14tasida g‘alaba qozonib, 2ta durang va 3ta mag‘lubiyat qayd etishdi.

Uchta mag‘lubiyatning ikkitasi oxirgi ikkita uchrashuvga to‘g‘ri keladi. Klub dastlab APLda asosiy raqobatchilaridan biri «Arsenal»ga yengildi (0:2), so‘ng «Vulverhempton»ga yutqazib (1:2), Angliya kubogidagi yurishini chorak finalda to‘xtatdi. Premer-ligada «MYu» 30-turdan keyin 5-o‘rinda bormoqda. Jamoani YeChLga yo‘llanma beruvchi 4-pog‘onadagi «Arsenal»dan 2 ochko, 3-o‘rindagi «Tottenhem»dan 3 ochko ajratib turibdi.

Mankunianliklar 30 mart, shanba kuni «Uotford»ni qabul qiladi. Sulsher jamoasini aprelda YeChL 1/4 finali doirasida «Barselona» bilan to‘qnashuvlar, ichki chempionatda esa «Manchester Siti» va «Chelsi»ga qarshi bahslar kutmoqda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid