O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi qo‘shma bayonotning to‘liq matni e'lon qilindi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga binoan 2019 yil 24-26 mart kunlari Birlashgan Arab Amirliklarida rasmiy tashrif bilan bo‘ldi.
Davlat rahbari Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti, bosh vaziri, Dubay Amirligi hokimi shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum va Abu-Dabi Amirligi valiahdi, Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli Kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashdi.
Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi qo‘shma bayonot matnini e'lon qildi.
Qayd etilishicha, rahbarlar ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi strategik munosabatlarning bugungi holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish, ular bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishish masalalarini muhokama qildilar hamda o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashgan.
Rahbarlar:
davlatlararo aloqalarning o‘sish sur'atini, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va sermahsul munosabatlarning jadal va izchil rivojlanib borish tendensiyasini mamnuniyat bilan e'tirof etib, ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqish O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida uzoq muddatli, konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirishga katta turtki berishiga ishonch bildirgan holda, quyidagilar to‘g‘risida bayonot berdilar:
1. Rahbarlar ikki davlatning o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va innovatsion-texnologik hamkorligini yanada rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar. Shu munosabat bilan, rahbarlar ikki tomonlama tovar aylanmasi hajmini yanada oshirish, o‘zaro eksport-import operatsiyalari, xususan, yuqori darajada qayta ishlangan mahsulotlarni yetkazib berishni kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratish masalalarida Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning faoliyatiga yangi turtki berishga qaror qildilar.
2. Rahbarlar ikki mamlakat vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni chuqurlashtirish va o‘zaro delegatsiyalar almashinuvini faollashtirish, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, yangi texnologiyalar va ilmiy ishlanmalarni joriy etishni rag‘batlantirishga chaqirdilar.
Shu bilan birga, tomonlar tovar ayirboshlash tuzilmasini to‘liq diversifikatsiya qilish va uning hajmini kengaytirish masalalarini muhokama qilish maqsadida tegishli davlat organlari o‘rtasidagi muntazam muloqotni qo‘llab-quvvatladilar.
3. Rahbarlar keng ko‘lamli o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan intilishlaridan kelib chiqib, turli darajalarda maslahatlashuvlar o‘tkazish va sheriklik aloqalarini mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
4. Ikki mamlakat o‘rtasidagi mavjud tarixiy va madaniy mushtaraklikka asoslangan do‘stona aloqalardan kelib chiqib, rahbarlar madaniyat, ta'lim va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar. Shu o‘rinda, rahbarlar ikki davlatning musulmon mamlakatlari orasidagi mustahkam o‘rni, islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi, madaniy va tarixiy merosni muhofaza etishdagi xizmatlarini e'tirof etdilar.
5. O‘zbekiston tomoni Birlashgan Arab Amirliklarining mamlakatda xavfsizlik va farovonlik o‘rnatishga qaratilgan olib borilayotgan sa'y-harakatlarini hamda Yaqin Sharq mintaqasidagi nizolarni tinch yo‘l bilan hal etishga yo‘naltirilgan puxta o‘ylangan, vazmin va amaliy tashqi siyosatini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarining so‘nggi yillarda siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda erishgan salmoqli yutuqlari prezident shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar muvaffaqiyatining yorqin dalili ekanligi qayd etildi.
6. O‘z navbatida, Amirliklar tomoni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan, mamlakat salohiyatini mustahkamlash, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, xalq farovonligini oshirish va mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlash bilan bir qatorda, Markaziy Osiyoda o‘zaro manfaatli va sermahsul ko‘p tomonlama hamkorlik uchun qulay sharoitlar yaratadigan keng ko‘lamli o‘zgarish va islohotlar hamda muhim xalqaro tashabbuslarning ijobiy natijalarini e'tirof etdi.
7. Rahbarlar mintaqaviy va global darajada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga intilishlarini yana bir bor ta'kidladilar hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdori ekanliklarini tasdiqladilar.
8. Rahbarlar terrorizm, buzg‘unchi ekstremizm, noqonuniy migratsiya, giyohvandlik moddalarining noqonuniy muomalasi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, xavfsizlikka oid boshqa tahdid va xavflarga qarshi kurashishda qat'iy ekanliklarini hamda ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama darajalarda hamkorlikni mustahkamlash niyatida ekanliklarini tasdiqladilar.
9. Rahbarlar ikki tomonlama hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini amaliy, muhim va istiqbolli bitimlar bilan yanada kengaytirishga da'vat etdilar. Shu munosabat bilan, Fuqarolik va xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi davlatlararo bitimni yaqin orada imzolashning muhimligini ta'kidladilar.
10. Rahbarlar samarali uchrashuvlar, shuningdek, mazkur tashrif davomida imzolangan iqtisodiy va texnikaviy hamkorlik hamda boshqa turli sohalardagi bitim va memorandumlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlarini o‘zaro manfaatdorlik asosida mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.
11. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabi Amirligi valiahdi, Birlashgan Arab Amirliklari qurolli kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonga mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda unga o‘zi uchun qulay bo‘lgan vaqtda O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lishni taklif etdi. Taklif mamnuniyat bilan qabul qilindi. Tashrif sanasi diplomatik kanallar orqali kelishiladi.
Mavzuga oid
18:36 / 15.11.2024
Bu yil qishda iste’molchilarga 21 milliard kub metr gaz yetkazib berish rejalashtirilgan
21:17 / 14.11.2024
SSV huzurida «Xaridlar markazi» va uning 13 ta hududiy filiali tashkil etiladi
16:20 / 14.11.2024
“Iqlim o‘zgarishi muammolarini ayniqsa Markaziy Osiyoda o‘tkir his qilyapmiz” - Shavkat Mirziyoyev
14:37 / 13.11.2024