Jamiyat | 16:31 / 30.03.2019
4626
2 daqiqa o‘qiladi

TDAUda «Karera kuni» yarmarkasi o‘tkazildi

Joriy yilning 29 mart kuni Toshkent davlat agrar universitetida 150 dan ortiq korxona, tashkilot, muassasa va fermer xo‘jaliklarining mas'ul xodimlari ishtirokida “Karera kuni” yarmarkasi o‘tkazildi.

Universitetda 2018-2019 o‘quv yilida 17 ta bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha 1333 nafar, 23 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 135 nafar, jami 1468 nafar bitiruvchilar o‘qishni tamomlaydi.

Mazkur yarmarkadan ko‘zlangan asosiy maqsad bitiruvchilarning o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashtirish hamda iqtidorli va qobiliyatli bitiruvchi yoshlarni kasbiy va ilmiy-tadqiqot ishlariga keng jalb etish, ularning o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoit yaratish, yuqori malakali mutaxassis va ilmiy-pedagog xodimlar bo‘lib yetishishlarida amaliy yordam berishdan iborat.

Tadbir mobaynida bitiruvchilarni bugungi kun talabiga javob beradigan raqobatbardosh kadrlar qilib tayyorlashda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi, ularni sifatli ta'lim olishlari uchun mamlakatimizda yaratilayotgan shart-sharoitlar, malakaviy amaliyotlarni samarali tashkil etish mexanizmini tubdan takomillashtirilayotganligi, amaliyotlarni o‘tagan korxona va tashkilotlarga ishga joylashishlari shuningdek, kelajakda ish joylariga tez ko‘nikishlariga amaliy yordam berishi, yosh mutaxassislarning kasbiy bilim va tajriba to‘plashlarida sohaning yetuk mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab ustoz-shogird tizimini keng yo‘lga qo‘yish zarurligi ta'kidlab o‘tildi.

Natijada ish beruvchilar bilan bitiruvchilar o‘rtasida dastlabki natijalarga ko‘ra 90,2% “Yosh mutaxassisni ish bilan ta'minlashga ko‘maklashish to‘g‘risida” uch tomonlama shartnomalar imzolanib, har bir bitiruvchi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Mavzuga oid