O‘zbekiston | 11:41 / 30.03.2019
37333
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi davlat qo‘mitasiga rais tasdiqlandi 

Foto: vetgov.uz

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 28 martdagi PF-5697-son farmoniga muvofiq Bahromjon To‘rayevich Norqobilov O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga tasdiqlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Prezidentning 2019 yil 28 martdagi “Veterinariya va chorvachilik sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5696-son farmoni bilan Davlat veterinariya qo‘mitasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil etildi.

Qo‘mita veterinariya, chorvachilik va naslchilik sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.

Quyidagilar Qo‘mita tarkibiga o‘tkazildi:

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti va uning akademik litseyi;
Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti;
Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti;
Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti.

Ma'lumot uchun: Bahromjon Norqobilov 1973 yil Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, 1995 yilda Samarqand qishloq xo‘jaligi institutini; 2000 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini; 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining Oliy biznes maktabini tamomlagan.

Mutaxassisligi veterinariya vrachi, iqtisodchi, biznes boshqaruvi. Shu vaqtga qadar Davlat veterinariya qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Mavzuga oid