Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Urgutda yer mojarosi. Fuqaro oliy suddan adolat kutmoqda
Mahalliy hokimliklar va tadbirkor, fuqarolar o‘rtasida yer, uy-joy bilan bog‘liq nizolar, tushunmovchiliklar so‘nggi vaqtlarda ko‘p kuzatilmoqda. Kun.uz tahririyatiga shu mazmunda ko‘plab murojaatlar kelishi davom etmoqda. O‘rganishlar davomida ayrim hollarda mahalliy hokimliklar yer yoki mulkni tortib olib, tadbirkor va fuqarolarning huquqlarini buzgan holatlarni ham uchratdik. Bu haqida jurnalistik surishtiruvlar natijasida saytimizda keng yoritib bormoqdamiz.
Tahririyatga shu mazmundagi navbatdagi murojaaat Samarqand viloyati, Urgut tumanidan keldi. «Andak» mahallasida yashovchi Azam Fozilov o‘z murojaatida otasiga tegishli yer Urgut tuman hokimligi tomonidan tortib olingani, bir necha yillardan buyon bu mojaro davom etayotganini bayon etgan.
Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Urgut tumanida bo‘ldik va murojaatchi bilan suhbatlashib, u taqdim etgan hujjatlarni ko‘zdan kechirdik.
O‘rganish davomida ma'lum bo‘lishicha, Azam Fozilovning otasi Azim Fozilovning arizasiga asosan, Urgut tumani avvalgi «Akramobod» jamoa xo‘jaligi a'zolari umumiy yig‘ilishining yer ajratish to‘g‘risida 1998 yil 16 fevraldagi 1-sonli qarori qabul qilingan.

Ushbu qaror bilan bosh reja asosida aholiga yakka tartibda uy-joy qurish uchun, shu jumladan, A.Fozilovga «Akramobod» jamoa xo‘jaligidan 6 sotix yer maydoni ajratish haqida Urgut tuman hokimining 1999 yil 16 mart kunidagi 154-K-sonli qarori chiqqan. A.Fozilovga nizoli yer maydoni tegishli dalolatnoma asosida o‘lchab berilgan.

Urgut tumani hokimining 2008 yil 25 sentabr kungi qarori bilan Bog‘ishamol mahallasi (avvalgi «Akramobod» jamoa xo‘jaligi) Qoratepa ko‘chasida joylashgan 1 xonali, yashash yuzasi 19,55 kv.metr, umumiy foydalanish yuzasi 19,55 kv.metrdan iborat bo‘lgan uy-joy Azam Fozilovga tegishli deb tan olinib, foydalanishda bo‘lgan jami 660,0 kv.metr yer maydoniga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi berilgan.

Ushbu qaror asosida tegishli tartibda barcha hujjatlar rasmiylashtirilgan, davlat ro‘yxatidan (kadastrdan) o‘tkazilib, soliq va boshqa to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lab kelingan hamda uy-joy qurilgan.

Ammo 2013 yilda ushbu yer bo‘yicha mahalliy hokimiyat va fuqaro o‘rtasida nizo boshlanadi. Ya'ni, Urgut tumani hokimining 2013 yil 16 noyabrdagi 1063-K-sonli qarori bilan faqatgina mutaxassislar xulosasiga asoslanib, fuqarolar ogohlantirilmasdan «660,0 kv.metr yer maydoniga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi berilgani» haqidagi tuman hokimining 2008 yil 25 sentyabrdagi 814-K-sonli qarori bekor qilingan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 38-moddasiga ko‘ra, «Ushbu kodeks 36-moddasi 1-qismining 6-11-bandlarida nazarda tutilgan hollarda, shuningdek, yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgan boshqa hollarda yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organ yer egasini yoki yerdan foydalanuvchini oldindan ogohlantirganidan keyin yer uchastkasini bergan organga yer uchastkasini olib qo‘yish haqida taqdimnoma kiritadi», deb ko‘rsatilgan.
Birinchidan, bu holatda qandaydir asoslar bo‘lgan taqdirda ham mutaxassislar emas, taqdimnoma kiritilishi ko‘rsatilgan. Ikkinchidan, ushbu yerga berilgan egalik huquqi Yer Kodeksi 36-moddasida ko‘rsatilgan, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishiga asos sifatida ko‘rsatilgan holatlarning birortasiga to‘g‘ri kelmaydi yoki mansub emas. Uchinchidan, yer olib qo‘yilishi yoki olib qo‘yilishi mumkinligi to‘g‘risida yer egalari ogohlantirilmagan.
Urgut tuman hokimligi fuqaroning ushbu yer uchastkasiga bo‘lgan huquqini bekor qilgandan so‘ng, o‘sha vaqti yangi qurilayotgan tuman IIB binosi oldida avtoturargoh qurish uchun ajratgan.
Demak, yangi qurilgan IIB binosi hududini kengaytirish uchun yer kerak bo‘lgan va tuman hokimligi masalani fuqaroning yerini uni ogohlantirmasdan qaror chiqarib, tortib olib qo‘yish bilan hal qilib qo‘ya qolgan.
Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 4-bandida tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yer uchastkasini olib qo‘yish, yer uchastkasida joylashgan uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlarni, inshootlarni buzish va dov-daraxtlarni ko‘chirib tashlash to‘g‘risidagi tegishli qarorlari nusxalarini bildirishnomaga ilova qilgan holda, buzish boshlangungacha 6 oydan kechikmay, imzo qo‘ydirib uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar mulkdorlarini qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilishi shartligi qayd etilgan.
Shuningdek, ushbu Nizomning 26-bandida yuridik shaxsga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan uy, ishlab chiqarish imoratlari, boshqa imoratlar, inshootlar, dov-daraxtlar joylashgan yer uchastkasi olib qo‘yilgan holda unga avvalgisiga teng qiymatli mol-mulk berilishi va yer uchastkasi davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi oqibatida yetkazilgan zarar to‘laligicha qoplanishi belgilangan.
Ammo yer qaytarib olinishida bu Nizom talablariga amal qilinmagan.
Urgut tuman hokimligi va fuqaro o‘rtasidagi nizo Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudi 2016 yil 14 noyabr kunidagi hal qiluv qarori bilan fuqaroning da'vo arizasi qanoatlantirilib, Urgut tumani hokimining 16.11.2013 yildagi №1063-K-sonli va 04.12.2013 yildagi №1101-K-sonli qarorlari haqiqiy emas deb topadi.
Shundan so‘ng, bu nizo FIB Samarqand viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqiladi va ikkinchi manfaatdor taraf bo‘lgan hokimiyat vakillarining ko‘rsatuvlariga asosan yer foydalanmasdan qarovsiz qoldirilgani vaji bilan FIB Toyloq tumanlararo sudining 2016 yil 14 noyabr kungi hal qiluv qarori bekor qilinadi.
Urgut tumani hokimligi apellyatsiya instansiyasining yuqoridagi ajrimiga asoslanib, Azim Fozilovga nisbatan o‘zboshimchalik bilan qurilgan binolarni buzdirish va noqonuniy egallangan yer maydonini qaytarish haqidagi da'vo arizasi FIB Toyloq tumanlararo sudida ko‘rilib, 2018 yil 17 aprel kunidagi hal qiluv qaroriga asosan tuman hokimiyatining da'vo arizasi qanoatlantirilgan.
Fuqaroning ushbu qarordan norozi bo‘lib, apellyatsiya tartibida kiritgan shikoyat arizasi FIB Samarqand viloyat sudining 12.07.2018 yilgi ajrimiga asosan rad qilinib, birinchi bosqich sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Ushbu holatlarda Azim Fozilovning o‘g‘li, ishonchli vakili Azam Fozilov o‘zlarining huquqlari buzilgani, adolat qilinmayotganini, bir necha yillardan buyon sarson-sargardon bo‘lishayotganini ta'kidlamoqda.
O‘rganish davomida mazkur masala yuzasidan Urgut tumani hokimi Mamatjon Turdiyev bilan suhbatlashdik. Tuman rahbari hammasi sudda ko‘rib chiqilishi va masala sud qarori asosida hal etilishini bildirdi.
Ma'lum bo‘lishicha, ayni vaqtda bu nizo Oliy Sudda ko‘rib chiqilishi arafasida.
Kun.uz bir necha yillardan buyon hal etilmayotgan bu masala adolatli yechim topishiga ishonch bildiradi va voqealar rivojini kuzatib boradi.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
14:57 / 09.05.2025
Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uyda gaz portladi. 6 kishi halok bo‘lgan
12:20 / 05.05.2025
10 metrlik jarlik ichidagi changalzorga tushib ketgan ikki kishi qutqarildi
10:20 / 05.05.2025
Nurobodda qariyb 17 ming gektar maydonda zararli chigirtkalar tarqalgani aniqlandi
13:48 / 18.04.2025