Jamiyat | 22:57 / 02.04.2019
14482
3 daqiqa o‘qiladi

QQS to‘lovchilar soni 5 barobarga ortgan - DSQ birinchi chorak yakunlarini e'lon qildi

Soliq ma'muriyatchiligining isloh etilishi, amaliyotga ilg‘or xalqaro tajribalarning joriy etilishi tufayli milliy soliq sohasida shaffoflik va adolatlilikni ta'minlashga erishilmoqda, deyiladi DSQ matbuot xizmati tomonidan Kun.uz’ga taqdim etilgan ma'lumotda.

Jumladan, joriy yilning birinchi choragida soliqlardan budjetga tushum 18,4 trillion so‘mni tashkil etgan, bu esa o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 1,6 barobar ko‘p demakdir.

Jismoniy va yuridik shaxslardan soliq tushumlari yakuniy hisoblari ham fuqarolar tobora qonunga rioya etishayotgani, tadbirkorlar esa soyadan chiqa boshlashganidan dalolat beradi. Masalan, joriy yilning birinchi choragida qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha tushumlar ko‘rsatkichi ikki barobarga ortgan. QQS to‘lovchilar soni esa 5 barobarga ortgan, bu esa 35 ming tadbirkorlik sub'yektlari degani.

Tanlangan iqtisodiy yo‘lning bosh indikatori sifatida foyda solig‘i xizmat qiladi. Bu yo‘nalishda birinchi chorakdagi tushumlar ko‘rsatkichi o‘tgan yilning shu davriga taqqoslansa, o‘sish 2,6 barobarni tashkil etganiga guvoh bo‘lasiz. Ushbu soliqni to‘lovchi tadbirkorlar soni 5 barobarga oshib, 32 minglik ko‘rsatkichdan o‘tgan.

Shu bilan birga, joriy yilning dastlabki uch oyi davomida suv solig‘ini 49,7 ming yuridik shaxs to‘lagan bu esa o‘tgan yilgi natijalardan 14,4 barobar ko‘p degani.

Yer solig‘ini to‘lovchilar soni bu davr ichida 5,8 martaga o‘sgan va 75 ming yuridik shaxsni tashkil etmoqda.

Ushbu yildan boshlab jismoniy shaxslarning daromadlariga 12 foiz miqdorda yagona soliq stavkasining joriy etilishi ish o‘rinlarini legallashtirish uchun qo‘shimcha chog‘lantirish bo‘lib xizmat qilmoqda.   

Endi soliq stavkasining pasaytirilishi tufayli mehnatga haq to‘lash fondiga yukni kamaytirish evaziga korxonalar ixtiyorida 169 milliard so‘m qolmoqda. Ilgari budjetga tushgan 1,7 trillion so‘m esa ishchilarda qolmoqda. 

Umuman olganda, chorak mobaynida daromad solig‘i to‘lovchi jismoniy shaxslar soni 4,8 million kishiga yetgan, ya'ni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ularning soni 450 ming kishiga yoki 10 foizga oshgan.

«Soliqqa tortish tizimining yangi konsepsiyasi shaffoflik va adolatlilik, barcha uchun teng sharoit yaratish prinsiplariga asosan qurilmoqda, bu esa Davlat budjeti shakllanishining barqarorligini ta'minlaydi. Uning ish ko‘rsatkichlari esa yuqorida sanab o‘tilgan, ilk marta jamoatchilik e'tiboriga taqdim etilayotgan ma'lumotlardir», — deyiladi DSQ matbuot xizmati ma'lumotida. 

Mavzuga oid