Sport | 20:00 / 02.04.2019
32512
6 daqiqa o‘qiladi

Kelishilgan o‘yinlar mojarosi - O‘FA nimani yashirmoqda?

O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasining axloq qo‘mitasi «Navbahor» klubining sobiq bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonovni 50 million so‘m jarimaga tortdi va futboldagi faoliyatdan 5 yilga chetlatdi.

O‘FA sayti xabariga ko‘ra, 40 yoshli mutaxassis 2017 yilda «kelishilgan o‘yinlarni tashkil qilish, jumladan, o‘yin natijasiga ta'sir qilish maqsadida «Navbahor»ning bir qancha futbolchilarini o‘yinni sotishga undagan».

Tribuna.uz manbasi ma'lumotiga qaraganda, Mo‘minjonov barcha ayblovlarni inkor qilgan va o‘ziga qarshi ko‘rsatma berganlarni tuhmatda ayblagan.

O‘FA sayti xabarida Mo‘minjonov qaysi futbolchilarni o‘yinni sotishga undagani haqida ma'lumot yo‘q. Ammo, «Surxon» klubining texnik direktori Sherzod Sharipov axloq qo‘mitasiga surishtiruv jarayonida yolg‘on ko‘rsatma bergani va qo‘mitani qaror chiqarishda chalkashtirgani, shuningdek, «Surxon» klubi sardori Dilshod Jabborov «Navbahor»ning sobiq bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonovga kelishilgan o‘yinlarni tashkil qilishda yordam bergani va futbolchilarni o‘yinni sotishga undagani, shuningdek, qo‘mitaning yozma va og‘zaki so‘rovlariga e'tibor bermay, uzrli sababsiz qo‘mita yig‘ilishiga kelmagani haqida xabar bor. Ularning har ikkalasi ham 2019 yil oxiriga qadar futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlatilgan.

Qayd etish joizki, Mo‘minjonov bilan deyarli bir xil «qoidabuzarlik» sodir etgan va ustiga-ustak, qo‘mitaga ko‘rsatma berishdan bosh tortgan Dilshod Jabborovning jazosi nega yengil bo‘lganiga ham izoh berilmagan.

Jazolanganlarning ikki nafari «Surxon» nomi bilan bog‘liq bo‘lsa-da, Termiz shahri klubining bu ishlarga aloqasi yo‘q. Gap shundaki, 2019 yil mavsumi boshlanishidan oldin, Ilhom Mo‘minjonov «Surxon» klubi bosh murabbiyi qilib tayinlangan edi. Shundan so‘ng, u bilan «Navbahor» klubida ishlagan xodim va futbolchilar Termiz klubiga o‘tgan. Ularning orasida Sherzod Sharipov va Dilshod Jabborov ham bor. 

2019 yil fevral oyida O‘FA Mo‘minjonovni «Aziz Turg‘unboyev ishi» bo‘yicha futboldagi faoliyatdan bir yilga chetlatgan edi. Shundan so‘ng, u «Surxon» klubi bosh murabbiyligidan ketdi.

Agar adashmasam, «Mo‘minjonov ishi» - o‘zbek futbolidagi kelishilgan o‘yinlar bilan bog‘liq birinchi ishdir va u aynan shunday qoidabuzarlik uchun jazolangan ilk murabbiydir. Shu paytgacha, O‘FA qoshida necha yillar davomida kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurash qo‘mitalari, komissiyalari ishlagan bo‘lsa-da, ularning birortasi bunday qaror chiqarmagan. Demak, O‘FAning bu qarorini faqat olqishlash mumkin.

Ammo, tanganing ikkinchi tomoni ham bor. O‘FA xabarida Mo‘minjonovning o‘z futbolchilarini qaysi o‘yinlarni sotishga undagani haqida ma'lumot yo‘q. Vaholanki, O‘FA surishtiruv o‘tkazgan va futbolchilardan ko‘rsatma olgan ekan, bunday ma'lumotga ham ega bo‘lishi kerak edi. Chunki o‘yinni sotish uchun, uni sotib oluvchi, evaziga bir narsa taklif qiluvchi tomon ham bo‘lishi kerak. Xo‘sh, O‘FA bu ma'lumotlarni nega oshkor qilmayapti?

Tribuna.uz manbalari ma'lumotiga ko‘ra, bu ish bo‘yicha 10ga yaqin futbolchi ko‘rsatma bergan va 2017 yilda yuz bergan bu voqealarga faqat «Navbahor»ning emas, balki yana kamida ikkita klubning aloqasi bor. Ulardan biri yuqori o‘rinlar uchun kurashgan, ikkinchisi esa ligada jon saqlab qolishga harakat qilgan. Qayd etish joizki, mavsum yakuniga ko‘ra bu vazifa «muvaffaqiyatli» tarzda bajarilgan va klublar o‘z maqsadiga yetgan.

O‘FA kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashni izchillik bilan davom ettirib, davrani kengroq olishi, qing‘ir ishlarga aralashgan bu klublar bo‘yicha ham surishtiruv o‘tkazishi va ularning nomini oshkor qilib, ularni ham jazolashi lozim edi.

Bu ikkala klub hozirgi vaqtda ham Superligada ishtirok etmoqda. Agar ularning kelishilgan o‘yinlarga aloqasi borligi isbotlansa, nohalol yo‘l bilan qo‘lga kiritgan sovrinlaridan mahrum qilinishi, jarimaga tortilishi, kerak bo‘lsa Superligadan tushirib yuborilishi, joriy mavsumdagi ochkolaridan mahrum qilinishi kabi jazolar tayinlanishi mumkin edi. Bunday amaliyotni dunyo futbolida ko‘ryapmiz.

Kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurash har doim izchil olib borilishi shart. «Kelishib olish»ni taklif qilgan ham, bu taklifni qabul qilgan tomon ham, xullas zanjirning barcha qismi aniqlanishi va jazosiz qolmasligi kerak. Aks holda u ko‘zlangan samarani bermaydi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid