Jahon | 13:41 / 02.04.2019
34684
10 daqiqa o‘qiladi

Urushlar va ixtiloflarga sabab bo‘layotgan bahsli hududlar

Bu mavzu ko‘lami juda keng. Sababi, har bir davlat qo‘shnisi bilan bahsli hududga ega, desak mubolog‘a bo‘lmaydi. Bu ixtiloflarni shartli ravishda to‘rt toifaga bo‘lish mumkin: 1. Unutilgan; 2. Unutilmagan bo‘lsa-da, o‘zaro munosabatlarni murakkablashtirmaslik uchun kun tartibiga qo‘yilmaydi; 3. Kun tartibiga qo‘yiladi va muntazam muzokaralar olib boriladi, ammo aytarli natijalarga erishilmaydi; 4. Muzokaralarda biror natijaga erishilmasligi aniq bo‘lib ulgurgan va ziddiyatlarga, yoki yanada yomonrog‘i haqiqiy janglarga kirishib ketilgan.

Bunday hududlar nihoyatda ko‘pligi uchun bugun ko‘proq shu to‘rtinchi toifaga to‘xtalamiz.

1. Tog‘li Qorabog‘. Ozarboyjon-Armaniston

Foto:  RIA Novosti

SSSR tarqalganidan so‘ng juda ko‘p bahsli hududlar muammosi yuzaga chiqdi. Lekin ularning birortasidagi ziddiyat Tog‘li Qorabog‘dagichalik bo‘lgan emas. Sababi, bu mojaroda ikki qo‘shni millat, ikki din vakillari, ikki prinsipial raqiblar qo‘llariga qurol oldilar va ayamay qon to‘kdilar. Hozir ham masalaga uzil-kesil yechim topilmagan va muzlatilgan. Bugungi kunda xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan 11 500 km.kv hududli bu respublikada 150 mingdan ortiq kishi yashaydi va davlat tili arman tili hisoblanadi. Aslida bu hudud Ozarboyjonga tegishli bo‘lsa-da, aholining ko‘pchiligini tashkil qiluvchi armanlar o‘zlari turkiylar deb atovchilar nazorati ostida yashashni istamay, qo‘llariga qurol olishgan, bu qurolli ziddiyat uch yil davom etgan hamda faqat o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha bitim imzolangan. Tinchlik shartnomasi hamon mavhumligicha qolmoqda.

2. Qrim. Rossiya-Ukraina

Foto:  RIA Novosti / Sergey Malgavko

Rossiya Qrim yarim oroli va Sevastopolni 2014 yilda o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Buning uchun aholi o‘rtasida o‘tkazilgan referendum natijalari asos sifatida ko‘rsatilgandi. Ammo jahon hamjamiyati bu referendum natijalarini tan olmagani holda, Rossiyaning bu harakatlarini anneksiya (boshqa davlat hududini zo‘rlik bilan tortib olish), Ukraina tomoni esa okkupatsiya (o‘zga suveren davlat hududida qurolli kuchlar ishlatish) deb baholadi. Ko‘pchilikning qarshiligiga qaramay Kreml pozitsiyasini o‘zgartirmadi va Qrim qaytarilmadi. Shundan so‘ng yetakchi davlatlar navbat bilan Rossiyaga qarshi turli-tuman sanksiyalar qo‘llay boshladi.

Shu kunlarda bo‘lib o‘tayotgan Ukraina prezidentligiga saylovlarda deyarli barcha nomzodlar o‘z dasturlarining katta qismini Rossiyaga qarshi kurash va Qrimni qaytarishga asoslashgan. Ammo amalda buning imkoni borgan sari kamayib bormoqda. Ziddiyat natijasida o‘zaro og‘a-ini bo‘lgan ikki slavyan xalqlari yuzko‘rmas bo‘lib ketishdi.

3. Jo‘lan tepaliklari. Suriya-Isroil

Rasman Suriya tasarrufida bo‘lgan Jo‘lan tepaliklarining muhim qismi yarim asrdan ortiq vaqtki amalda Isroil nazoratida turibdi. Tepaliklarning mudofaa tizimidagi strategik ahamiyatidan tashqari katta miqdordagi chuchuk suv manbasi ekanligi cho‘lli hududlardagi davlatlar uchun tepalikning ahamiyatini oshirib yuboradi.

Bu mojaro ham muzlab turgan toifaga kirishi mumkin edi. Ammo har qanday masalada tosh bosuvchi ovozga ega bo‘lgan AQSh hukumatining hududni Isroilniki deb tan olishi mojaroni keskin kuchaytirib yubordi. BMT, dunyoning deyarli barcha davlatlari, xususan arab ligasi vakillari bu qarorga keskin qarshi chiqishdi. Ammo o‘zi shundoq ham urushlar girdobiga tushib qolgan Suriyaning hudud ustidan nazorat o‘rnata olishi, kimdir AQSh prezidentini fikridan qaytara olishi amrimahol.

4. Kashmir. Hindiston-Pokiston

The Bangladesh Chronicle

Tog‘lardan iborat bu hudud go‘zal tabiati bilan birga strategik ahamiyati bilan ham mojarolarga sabab bo‘ladi. Kashmir muammosini bemalol bahsli hududlar ichidagi eng ziddiyatlisi, eng og‘iri va xavflisi deb atash mumkin. Sababi shu paytga qadar ham ikki qudratli davlatning to‘laqonli urushiga sabab bo‘lgan bu hudud atom urushiga turtki bo‘lishi mumkinligi istisno etilmaydi. Yanada ayanchlisi, Kashmir mojarosi ortida asrlarga singib ketgan hind-musulmon ziddiyati yotadiki, bunisi endi eng ayanchli natijalarga olib kelishi mumkinligini tarix isbotlab bo‘lgan. 1947 yilda boshlanib tinchigan urush 1971, 1975, 1980, 1984, 1989 yillarda ham kuzatildi. 1999 yildagi yirik to‘qnashuvda har ikki tomon mingdan ortiq askaridan ayrildi. Bu holat 2019 yilda ham yuzaga chiqdi va hanuz uzil-kesil yechim topilmadi.

5. Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i, Sharqiy Quddus. Isroil-Falastin

Bu mojaro uzluksizligi va amalda yechimi yo‘qligi bilan e'tiborga molik. Dunyo yangiliklarining birortasi bu mavzuga oid lavhasiz o‘tmaydi, deyilsa mubolag‘a bo‘lmaydi. Tor hududdagi ikki dushman tomonning ziddiyati shu qadar tarixiyki, insoniyat yaratilgandan boshlab qiyomatga qadar davom etuvchi deya ta'riflanishda asos bordek tuyuladi.

Falastinning hamon muxtoriyat maqomidan qutulmagani, to‘laqonli davlatga aylana olmagani, Isroilning o‘z hududini dushmanlari tomon qadamba-qadam kengaytirib borayotgani, yetakchi davlatlar, xususan AQShning Isroilga bevosita yoki bilvosita xayrixohlik bildirayotgani hududdagi yahudiylar davlati pozitsiyasi mustahkamligini ta'minlaydi. Harbiy salohiyat, iqtisodiy qudrat bo‘yicha ham Isroil ancha ilgarilab ketgan va yon bergisi kelmaydi. Masalaning yana bir nozik jihati Quddus shahrining har ikki din vakillari uchun ham nihoyatda muqaddas sanalishidadir.

6. Janubiy Tibet. Xitoy-Hindiston

Foto: Livemint

Bu ikki yirik davlatning har biri o‘ta qudratli armiyaga ega. Shu bois muzlatilgan bo‘lsa-da, bu mojaroning har qanday uchqun natijasida o‘t olish ehtimoli bor. Angliya koloniyalarining ozod qilinishi ko‘pchilik hududlarning kelajagi mavhumligiga olib kelgan. Shular orasida Janubiy Tibet muammosi ham tug‘ilgan va Xitoy hamda Hindistonning ham ana shunday hujjatlarni turlicha talqin qilishlariga sabab bo‘lgan. Masala faqat muzokaralardagi tortishuvlarda qolib ketmay, 1962 yilda haqiqiy qurolli to‘qnashuvlarga aylangan. 322 kishining o‘limi, 2140 kishining bedarak yo‘qolishi va ko‘plab yaradorlarga sabab bo‘lgan besamar urushdan keyin Xitoy o‘t ochishni bir taraflama to‘xtatish bo‘yicha e'lon qilgan. Bunga SSSRning Xitoyni qo‘llamagani, AQSh, Buyuk Britaniya kabi davlatlar Hindistonga qurol yetkazib berishga kirishgani sabab bo‘lgan.

7. G‘azo sektori. Isroil-Falastin

Xabarlarda keng o‘rin tutuvchi yana bir hudud. Hozirgi Isroil davlati shakllanishining ilk kunlaridanoq ziddiyatlarga o‘ralashib ketishi yana bir bor shu davlatga e'tibor qaratilishiga sabab bo‘ladi. G‘azo sektori hududi Misr tarafdan beton to‘siqlar bilan, Isroil tarafdan simto‘rlar bilan o‘ralgani, doimiy blokada va nazoratda turganiga qaramay u yerdagi XAMAS tashkiloti (ko‘pchilik davlatlar tomonidan terroristik deb tan olingan) doimiy ravishda qarshilik ko‘rsatib keladi. Buning uchun yetarli resurslar bor – uzunligi atigi 40, eni 6-12 kilometrni tashkil qiluvchi tor hududda taxminan 1,8 mln aholi yashaydi va ularning deyarli har biri Isroilga qarshi kurashni muqaddas burch hisoblaydi.

Bundan tashqari, dunyoda Rossiya va Yaponiya o‘rtasida Kuril orollari, Turkiya va Gretsiya o‘rtasida Shimoliy Kipr, nomlar chalkashligini keltirib chiqaradigan Xitoy Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida Tayvan kabi bahsli hududlar bor.

Bunday hududlar tinchlik va taraqqiyot ramzi sifatida namoyon bo‘luvchi Yevropa qit'asida ham hamon mavjudligi hayratlanarli. Shveytsariya, Avstriya va Germaniya o‘rtasida Boden ko‘li, Italiya va Fransiya o‘rtasidagi Monblan tog‘i, Ispaniya va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi Gibraltar, Serbiya va Kosovo Respublikasi o‘rtasidagi Shimoliy Kosovo bunga yorqin misol bo‘la oladi.

Ma'lumot uchun: O‘zbekiston ham qo‘shnilari bilan bahsli hududlarga ega. Ammo so‘nggi yillarda bu masalaga jiddiy e'tibor qaratilishi, konstruktiv muzokaralar olib borilishi natijasida yig‘ilib qolgan muammolar asta-sekin o‘z yechimini topa boshlagan.

O‘zbekiston Respublikasining Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarining Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod, O‘sh va Botken viloyatlaridagi davlat chegaralariga tutash ellikdan ortiq uchastkalarda hamkorlikdagi dala tadqiqotlari o‘tkazilgan. Bahsli hududlarning aksariyati bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishilib, qolganlari bo‘yicha ham rejalar tuzib olingan.

Abror Zohidov

Mavzuga oid