Jamiyat | 17:57 / 03.04.2019
9672
2 daqiqa o‘qiladi

I Xalqaro baxshichilik festivaliga 75 mamlakat vakillari tashrifi kutilmoqda

5-10 aprel kunlari Termizda o‘tkaziluvchi Birinchi Xalqaro baxshichilik festivalida 75 mamlakatdan 170 nafar xorijlik mehmonlar, jumladan diplomatik korpus vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, sharq madaniyati va san'ati sohasining musiqachilari va ekspertlari, shuningdek xorijiy OAV vakillari ishtiroki kutilmoqda. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.

Tadbirga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida tashkilotchilar shaharni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, festival qatnashchilari va mehmonlari uchun turar-joylarni inventarizatsiya qilish va yangilash, jamoat joylarida sanitariya-gigiyena obektlarini o‘rnatish va boshqa ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha ish olib borishmoqda.

Hozirgi vaqtda Termiz va shahar atrofida jami 4 716 ta o‘ringa ega 34 mehmonxona faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, tadbirga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida shahar va unga yaqin bo‘lgan hududda umumiy 483 o‘ringa mo‘ljallangan 102 mehmonxona uylari barpo etildi.

Festival ishtirokchilari orasida Surxondaryo viloyatining sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida tashkilotchilar tomonidan viloyatning sayyohlik salohiyati haqida uch tilda 22 mingta buklet va 1,5 ming tarqatma materiallar, shuningdek, viloyatning 2 mingdan ziyod turistik xaritalari tayyorlandi va chop etildi.

Ta'kidlash joizki, Sobir Termiziy nomli Surxondaryo viloyati axborot-kutubxona markazida Xalqaro baxshichilik festivali matbuot markazi ish boshladi. Bu yerda jahon hamjamiyatini baxshichilik festivali bilan bog‘liq xabarlarni tezkor va obektiv yoritish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Markaz zamonaviy axborot-kommunikatsion texnologiyalar hamda Wi-Fi zona bilan ta'minlangan.

Tadbirda dunyoning 20 mamlakatidan 30 ga yaqin jurnalist hamda O‘zbekiston OAV vakillari ishtiroki kutilmoqda.

Mavzuga oid