Sport | 23:49 / 04.04.2019
10357
5 daqiqa o‘qiladi

«PFL xati noto‘g‘ri talqin qilindi» – bosh direktor Omon G‘ofurovning intervyusi

PFL bosh direktori Omon G‘ofurov ijtimoiy tarmoqda tarqalgan xat mazmuni va bu haqdagi maqola bo‘yicha Tribuna.uz muxbiri savollariga javob berdi.

Avvalroq, Superliga klublarida muxlislarni stadionga jalb qilish ishlari sust olib borilayotgani va bu kamchilikni bartaraf qilish uchun bajarish lozim bo‘lgan chora-tadbirlar, shuningdek, bu talabni bajarmagan klublarga nisbatan jarima miqdorlari yozilgan PFLning ogohlantirish xati bo‘yicha Tribuna.uz muxbirining maqolasi e'lon qilingan edi.

-        Omon aka, bu xat haqiqatdan ham PFL tomonidan klublarga jo‘natilganmi?

-        Ha, bu xat haqiqatdan ham Superliganing barcha klublariga jo‘natilgan. Biz klublarning muxlislar bilan ishlashi, ularni stadionlarga jalb qilishi bo‘yicha tadbirlar sust olib borilayotgani uchun shu xatni jo‘natganmiz.

-        Xatda klublardan Oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari talabalari, mahalla aholisi bilan stadionlarni to‘ldirish talab qilinganmi?

-        Yo‘q. Bu yerda gap Oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari va mahalla idoralari bilan ishlash, hamkorlik qilish haqida ketmoqda. Klublar Oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlariga, mahallalarga borib, master-klass va shunga o‘xshash tadbirlar o‘tkazish orqali yoshlarni futbolga qiziqtirishi, ularni stadionga jalb qilishi talab qilingan. Afsuski, Superliga klublari bu talablarni bajarmayapti, yoshlarni, aholini futbolga qiziqtirish, stadionlarga jalb qilish ishlarini sust olib bormoqda.

-        Klublar VIP sektorga qarama-qarshi bo‘lgan sektorlarni muxlislar bilan to‘ldirishi lozimligi haqidagi talabga qanday izoh berasiz? Stadionlarimizning xususiyati shundayki, agar o‘yinlar kunduz kuni o‘tkazilsa, bu sektorlar quyosh tagida qolib ketadi-ku?

-        Birinchidan, TV kameralar qaratilgan sektorlarni muxlislar bilan to‘ldirishni biz o‘ylab topmaganmiz. Bu La Liga tajribasida ham bor. Avvalo bu narsa reklama beruvchilarni jalb qilish uchun, TV translatsiyasi jozibasini oshirish uchun qilinadi. Agar stadion tomoshabinga to‘lsa, reklama beruvchilar ham xursand bo‘ladi, ularning soni ko‘payadi, natijada Liganing ham daromadi oshadi. Bunday amaliyot dunyo futbolida bor. Ikkinchidan, Superliga o‘yinlarining aksariyati kechki paytda boshlanyapti. Ba'zilarini, masalan Samarqand va Termizdagi o‘yinlarni kunduz kuni boshlaganmiz, bu to‘g‘ri. Ammo stadionning yoritish tizimi talab darajasiga keltirilganidan so‘ng, bu stadionlardagi o‘yinlar ham kechqurun o‘tkaziladi. Demak, muxlislarning quyoshda jizg‘anak bo‘lishi, ozor chekishi haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkinmas.

-        Xatda VIP sektorlar yonidagi o‘rindiqlar chiptasi narxini kamida 50 ming so‘m qilib belgilash haqidagi talab bor?

-        Bu VIP sektorlar yonidagi o‘rindiqlarga emas, balki VIP sektorning o‘ziga taalluqli.

-        Klublarni 15, 30 va 50 million so‘m miqdorida jarimaga tortilishi masalasiga qanday izoh berasiz?

-        Klublar bu haqda yil boshida ham ogohlantirilgan. Muxlislar bilan ishlamagan, ularni stadionga jalb qilish uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rmagan klublar jazolanadi. Chunki, futbol muxlis uchun o‘ynaladi.

-        Nima uchun o‘zbek muxlislari stadionga kelmayapti, bu haqdagi fikringiz?

-        Agar statistikaga qaraydigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda stadionlarga kelayotgan muxlislar sonining oshganini ko‘rish mumkin. Biz ularning miqdorini yanada ko‘paytirishni maqsad qilganmiz. Hozirgi vaqtda Sport TV orqali o‘yinlar jonli efirda namoyish qilinmoqda, balki shuning uchun ham muxlislar soni biroz kamaygan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, futbolning sifati, stadiondagi sharoitlar ham muxlislarning o‘yinga kelishiga bevosita ta'sir qiluvchi omillardir. Biz shu muammolarning barchasini hal qilib, ularning sonini ko‘paytirish uchun barcha choralarni ko‘ramiz.

Mavzuga oid