Sport | 15:00 / 05.04.2019
17904
12 daqiqa o‘qiladi

Paradoks. PFLning navbatdagi g‘oyasi haqida

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda va futbol saytlarida O‘zbekiston Professional ligasining futbol klublariga yuborgan xati tarqaldi. 2 aprel kuni yuborilgan bu xatda klublarga muxlislar bilan yaxshiroq ishlash tavsiya qilingan, reglamentning 15-15-bandi tilga olingan, qanaqadir jarimalar haqida so‘z borgan.

Ochig‘i, bu xat aslida PFL tomonidan yuborilmagan «feyk» bo‘lishidan umid qilgandim. Xuddi shu holat o‘tgan yilning yozida ham kuzatilgan – o‘shanda Omon G‘ofurov imzosi bilan yuborilgan xatda chempionat formatini turnirning qoq yarmidan keskin o‘zgartirish taklifi klublarga berilgani ko‘rsatilgandi. Kechagi xatda esa, tushunmovchiliklar yetarli, bir qaraganda, klublardan o‘quv yurtlaridan talabalarni chaqirib, stadionni to‘ldirish yoki muxlislarni televizordan ko‘rinib turadigan sharqiy sektorga «haydash» talab qilinayotganga, aks holda jarima bilan qo‘rqitilayotganga o‘xshaydi.

O‘xshaydi, ammo aslida boshqacha ekan. Omon G‘ofurovning keyinchalik, «Tribuna»ga bergan intervyusiga qaraganda, xat mazmuni noto‘g‘ri tushunilgan. Kollejlar va mahallalar haqidagi gaplar klublarning marketing siyosati va yetarlicha targ‘ibot amalga oshirilmayotganiga ishora bo‘lsa, sharqiy zonani to‘ldirish futbolda yangilik emas, G‘ofurovning aytishicha, La Liga ham bu tajribani qo‘llaydi – mahsulot imijini oshirish uchun telekameralar ro‘parasini muxlislar bilan to‘ldirishning yomon tomoni yo‘q. Xo‘p.

Keling, endi vaziyatga chuqurroq yondashamiz. Avval, o‘sha mashhur 15.15-bandida nima deyilgan?

«Barcha musobaqalarga kirish chiptalarining narxi klub tomonidan mustaqil o‘rnatiladi. Shu bilan birga, chiptalarning minimal narxini O‘FA va O‘zPFL belgilaydi.

Kirish chiptalarining sotilishidan tushgan daromad uchrashuvda maydon «egasi» bo‘lgan klub ixtiyorida qoladi. Chipta narxining belgilanishida VIP-sektorlarga tutash sektorlar uchun chiqarilgan chiptalar narxi, qarama-qarshi tomon sektorlari uchun chiptalar narxidan kamida uch marta qimmatroq bo‘lishi shart. Bunda mana shu tutash sektorlar uchun chiqarilgan chiptalar narxi 50 ming so‘mdan kam bo‘lmasligi kerak».

«Agar klub VIP-sektorga qarama-qarshi, ya'ni, kamera obektivi ko‘rsatayotgan sektorlarining 70 foizi muxlislar bilan to‘lishiga ishonsa, u holda klub VIP-sektorga tutash sektorlar uchun chiptalarni istalgan narxda sotishga haqli. Yo‘qsa, klubga nisbatan jarima qo‘llaniladi».

Tarjima qilaman. Agar o‘yinda stadionning barcha sektorlari to‘lsa, ya'ni telekamera obektivi tushadigan sektorlar ham muxlislar bilan to‘liq bo‘lsa, PFL klubdan VIP-sektorga tutash sektorlar uchun chipta narxini kamida 50 ming so‘m (qarshi tomondagi sektordan uch barobar ko‘p) bo‘lishini talab qilmaydi.

Agar faqat VIP-sektorga tutash, ya'ni markaziy sektor to‘lib, televizorda ko‘rinib turadigan qarshi tarafdagi sektorlar 70 foiz to‘lmasa, tamom – 1) klub jarima to‘laydi 2) markaziy sektorlardagi chipta narxlarini kamida 50 ming so‘m qilmagani uchun reglamentni buzgan hisoblanadi.

Ya'ni, o‘zimizning tilda tushuntirganda, PFL stadioni odatda to‘lmaydigan klublarga aytyaptiki, «sizlar odatda muxlislar o‘tiradigan markaziy sektorlarni, boshqacha aytganda, soyabon ostidagi sektorlarni qimmat qilib qo‘yinglar, shunda muxlis majburan, 50 ming so‘mga chipta olmasdan, 15-20 ming so‘mga qarshi tomonda o‘tiradi. Natijada, televizorda ko‘rilganda, chiroyli turadi manzara». Shu.

PFL klublardan muxlislar bilan ishlashni, ular uchun sharoitlarni yaratishni, o‘yinlarni namoz vaqtlariga to‘g‘rilashni-yu, iftorliklar tashkil qilishni, oilaviy sektorlar, ko‘ngilochar dasturlar va boshqa bir qator yangiliklarni bir tomondan talab qilsa-yu, ikkinchi tarafdan, «markaziy sektorlar uchun chipta narxi 50 ming so‘mdan kam bo‘lmasin, agar arzon qilsang-u, qarama-qarshi taraf to‘lmasa, jarima to‘laysan», desa, qanday mantiq bo‘lishi mumkin? Bir vaqtning o‘zida muxlislarga «mijoz» sifatida qarab, hamma narsa ular uchun deb, ikkinchi tarafdan sharqiy tomonni to‘ldirish kerakligi bir-biriga zid emasmi?

Yana bir tomondan, klublar o‘z stadionidagi tashriflarni prognoz qilish orqali, narxlarni belgilashi kerak va yana, shu orqali, telekamera qarshisidagi sektorlar to‘liq bo‘lishi kerak, deyilyapti. Prognoz yaxshi narsa, Yevropadagi xususiy klublar bu ishni amalga oshirishadi va tashriflardan kelib chiqib, stadionni kengaytirish, sektorlarni ko‘paytirish yoki o‘rindiqlar kamayishi hisobiga sharoitni yaxshilash ustida ish olib boriladi.

Aksariyat klublarlarimiz viloyat markazida budjet puliga yoki Universiada uchun qurilib qolgan stadionlarda to‘p surishini e'tiborga olsak, ulardan «mana shu stadionni to‘ldir» deb talab qilish insofdanmi? Axir hech bir stadion sig‘imi o‘sha u yerda to‘p suradigan Superliga klubining muxlislar soni va prognozidan kelib chiqib aniqlanmagan-ku? Yoki ertaga, «Lokomotiv» har qancha marketing qilmasin, muxlislar bilan ishlamasin, stadionni to‘ldirolmasa, aksincha, vodiy jamoasi bu borada hech qanday ish qilmasdan ham, hududdagi xususiyatdan kelib chiqib, stadioni to‘laversa, nima bo‘ladi? «Lokomotiv» jarima to‘laydimi kollejlar yoki mahallalar bilan yaxshi ishlay olmagani uchun?

Balki klubning o‘zidan kelib chiqilsa, «Qizilqum» besh ming o‘rindiqli, «OKMK» uch ming o‘rindiqli ixcham, chiroyli stadion qurib olishi va PFLdan «muxlislar bilan ishlay olmayapsan» degan dakkilarni eshitmasligi, jarima to‘lamasligi mumkin-ku? Umuman, bunday qarash klublarga stadionni kengaytirishni emas, kichraytirishga ehtiyoj sezadigan qilib qo‘ymaydimi? Yoki yana o‘sha «Lokomotiv» OChLdagi ambitsiyalari va tomoshabinlar sonidan kelib chiqib katta stadion qurib qo‘yib, Superligani to‘ldira olmayotgani tufayli, bir umr jarima to‘lab yuradimi?

Xo‘p, endi buni PFL klublar bilan birgalikda rivojlanishni istayotgani, turli zamonaviy talablar orqali, ishlashni o‘rgatayotgani va bir kun hammasi yaxshi bo‘lishiga yo‘yish mumkindir. Butun dunyoda turli sektorlardagi chipta narxlarida tafovut bor. Ammo birinchidan, bu PFL tomonidan uch barobar bo‘lishi kerakligini talab qilishi, ikkinchidan jarimaga tortish kurakda turmaydi. Ha, Yevropada, La Ligada shunday, umuman Yevropa ligalarini misol qilish urf bo‘lib qolgan, lekin boshqa tarafdan, La Ligadagi o‘sha talablar ham, jarima summalari ham ma'lum bir ishlab turgan tizimning bir bo‘lagi sifatida paydo bo‘lganini tushunish qiyin emas-ku?

Xo‘sh, Ispaniyada bu qanday va nega biz ulardan o‘rnak olishimiz noto‘g‘ri?

Ispaniyada 2016 yilgacha o‘yinlar translatsiyasiga bog‘liq shartnomalar bilan klublar mustaqil shug‘ullanishgan. Natijada, butun dunyoda talab katta bo‘lgan «Barselona» va «Real» ligadagi boshqa klublardan bir necha barobar katta pul ishlashgan. Bu holatni o‘zgartirishga hatto La Liganing ham kuchi yetmay, oxiri, mamlakat Vazirlar Kengashi orqali, yangilikka qo‘l uriladi, ya'ni translatsiya huquqlari yaxlit shartnoma orqali sotishga erishiladi.

Endi, translatsiya huquqlarining sotilishidan La Liga umumiy daromad qilib, bu summani klublar o‘rtasida taqsimlashni boshlaydi. Shunda ham, «Real» va «Barselona»ning ulushi boshqa klublarga nisbatan bir necha barobar ko‘proq bo‘lsa-da, umuman, Ispaniya o‘rtamiyona va autsayder klublarining ulushi ikki barobarga oshadi – ilk mavsumda La Liga «Leganes»ga 39,3 million yevro beriladi – bu eng kam miqdor.

Sharqiy tribunalar, telekamera qarshisida sektorlarning 75 foizga to‘liq bo‘lishi borasidagi talablar aynan o‘shanda, ya'ni TV va La Liga o‘rtasidagi yaxlit shartnoma tuzila boshlanganda paydo bo‘lgan va bizning holatimiz bilan farq katta.

Birinchidan, TV kompaniyasi xaridor sifatida Ligadan, Liga esa, o‘z navbatida, klubga pul berayotgani tashkilot sifatida mana shunday talab qo‘yishi mantiqan to‘g‘ri. Bizda butunlay teskari - klub PFLga badal puli to‘laydi. PFL esa, o‘yinlarni namoyish qilgani uchun «Sport TV»ga pul to‘laydi. Klub bevosita Ligaga, vosita bilan «Sport TV»ga pul to‘lab turib, yana buning ustiga jarima ham to‘lashi insofdanmi?

Ikkinchidan, jarima summalariga e'tibor qaratamiz.

La Liga stadionning TV obektiviga tushadigan qismi 75 foiz (bizda shuni 70ga tushirishibdi, rahmat) to‘lmagani uchun klubdan 5-6 ming yevro miqdorida jarima olishi belgilangan. Agar ko‘rsatkich 50 foizdan pastroq bo‘lsa, ikki barobar ko‘proq, ya'ni 10-12 ming yevro jarima belgilangan. Summalardan anglash mumkinki, bu bir targ‘ibot, tavsiya sifatida ishlatiladi, qat'iy, hal qiluvchi talab emas.

Masalan, bir klub mavsumdagi 19 o‘yinda shunday kamchilikka yo‘l qo‘ysa, maksimum 400 ming yevro jarima to‘laydi. Bu esa, Liga bir yil davomida klubga beradigan pulning 1 foiziga tengdir. Ya'ni, Liga klubga ma'lum bir talab qo‘ymoqda va bajarilmasa, o‘zi berayotgan pulning atigi 1 foizini jarima qilib undirmoqda, xolos.

O‘zbekiston PFL talab qilayotgan 15, 30 va 50 million so‘mlik jarima summalari qayerdan keldi? Klublardan tinmay professionallikni talab qilib, Ispaniya tajribalarini qo‘llayotganiga javoban, klublar ham «xo‘p, sen ham bizning futbol o‘ynayotganimiz uchun bir yilda falon million to‘lashing kerak, La Ligada ham shunaqa-ku?» deyishga haqli bo‘lib qolmayaptimi? Menimcha, tizimlar yaxlit holatda samarali bo‘ladi, umuman boshqa munosabatlar tizimidagi talablarni olib kelib, o‘rnatishga urinish to‘g‘ri emas, menimcha.

«Mahsulot imijini oshirish uchun» degan sabab keltirilmoqda, qizig‘i, klublar futbolini mahsulot sifatida sotmayotgandan keyin, aksincha, futbol o‘ynayotgani uchun PFLga va «Sport TV»ga pul to‘layotgan bo‘lsa, qaysi mahsulot imiji haqida gap ketmoqda? Bu sharoitda klub uchun o‘yini televizorda ko‘rsatilmasligi foydaliroq emasmi, sharqiy sektorni to‘ldirish, jarima to‘lash muammolari chiqmasligi uchun? Paradoks.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, agar PFL futbol imiji oshishi, futbol professionallashuviga erishmoqchi bo‘lsa, aynan o‘sha yorug‘ kunlar kelguncha, ya'ni butun futbolimiz, jumladan, PFL ham professionalga aylanib, o‘zini ta'minlashni boshlamaguncha, bunday jarimalar va bir tomonlama talablardan tiyilib turgani durust.

Qahramon Aslanov

Қаҳрамон Асланов
Tayyorlagan Қаҳрамон Асланов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid