Jamiyat | 12:02 / 06.04.2019
32242
2 daqiqa o‘qiladi

MIB xodimini kaltaklagan talabaga nisbatan sud hukmi e'lon qilindi

Ommaviy axborot vositalarida talaba yigitning MIB xodimiga qarshilik qilgani haqida ma'lumotlar tarqalgandi. Ushbu masala bo‘yicha Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati ma'lumot berdi. 

Qayd etilishicha, Norin tumanidagi “Sho‘rariq” mahallasida yashovchi xonadonlardan birining egasi aliment to‘lovidan 32,76 million so‘m qarzdor bo‘lgan, ya'ni fuqaro “otalik burchini” unutib aliment mablag‘ini to‘lamay kelgan. 

Ma'muriy sud Norin tuman bo‘limining 2018 yil  oktyabrdagi qaroriga ko‘ra unga nisbatan o‘n besh sutkalik ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan. Biroq, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan fuqaro o‘z farzandi uchun aliment to‘lashni yana paysalga soladi. 

Endi to‘lovni undirish uchun mol-mulkka qaratiladi. Joriy yilning 6 fevral kuni soat 18:00larda MIB tuman bo‘limi davlat ijrochisi uydagi qo‘yni xatlashadi.

Shunda xonadon egasining 1993 yilda tug‘ilgan, Andijon tibbiyot instituti 6-kursda o‘qiydigan talaba o‘g‘li X.T. “Uyda yana boshqa buyumlar bor”, deb uyga taklif qilgan. Ijrochi uyga kirishi bilan talaba yigit uy eshigini qulflab olib, xodimni kaltaklagan. Oqibatda davlat ijrochisining chap qo‘l bilak suyagi sinib, tuman shifoxonasiga yotqizilgan. 

Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Norin tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, sudning 2019 yil 5 apreldagi hukmiga asosan, fuqaro Jinoyat Kodeksining 105-modda 2-qismi, 219-modda 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil-u 4 oyga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid