O‘zbekiston | 16:35 / 11.04.2019
14750
8 daqiqa o‘qiladi

Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi e'lon qilindi

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni» loyihasi joylashtirildi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asoslanadi va ushbu Qonun, ushbu Qonundan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan normativ hujjatlar, O‘zbekiston Respublikasi «Davlat statistikasi to‘g‘risida»gi Qonuni va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.

Aholini ro‘yxatga olishning maqsadi demografik, ijtimoiy va iqtisodiy tavsiflar bo‘yicha rasmiy statistik ma'lumotlarni shakllantirish hamda uning natijalarini mintaqaviy, milliy va xalqaro miqyosda foydalanish hisoblanadi.

Aholini ro‘yxatga olish fuqarolarning shaxsiy hayoti, uy-joy daxlsizligi qonuniy huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshiriladi va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga asoslanadi.

Aholining ro‘yxatga olishni o‘tkazishning asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat:

ilmiy-uslubiy asoslanganlik;

davriylik;

umumiylik va bir vaqtda ekanlik;

individual ro‘yxatga olish (shaxsan);

shaxsiy ma'lumotlarning maxfiyligi;

yakuniy ma'lumotlarning ochiqligi va olish imkoniyatining mavjudligi;

aholini ro‘yxatga olish dasturining, shuningdek uni o‘tkazish va ma'lumotlarni qayta ishlash uslubining O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlari uchun bir xilligi.

Aholini ro‘yxatga olish jarayonida so‘rov o‘tkaziladigan jismoniy shaxslarga quyidagilar kiradi:

qonunning 12-moddasi 4-qismida ko‘rsatilgan chet el fuqarolaridan tashqari aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;

aholini ro‘yxatga olish sanasida respublika hududi tashqarisida bo‘lgan, lekin O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari.

Respondentlar quyidagi huquqlarga ega:

ularning shaxsiy ma'lumotlari qaysi maqsadda yig‘ilishi, ushbu ma'lumotlardan kim va qanday foydalanilishi haqida ma'lumotga ega bo‘lish;

ularga to‘ldirilgan so‘rovnomalar bilan tanishib chiqish, ro‘yxatga olish varaqalariga kiritilgan shaxsiy ma'lumotlarga ularning to‘liqligi
va ishonchliligini ta'minlash uchun aniqlik kiritish;

ro‘yxatga oluvchi xodimdan guvohnomasini ko‘rsatishini talab qilish, guvohnomani ko‘rsatishdan bosh tortilgan taqdirda, ro‘yxatga olish varaqasi savollariga javob bermaslik.

Respondentlar aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga to‘sqinlik qilmaslikka va ro‘yxatga olish varaqasi bo‘yicha ishonchli shaxsiy ma'lumotlarni taqdim etishga majburdir.

Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarning o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilishini ta'minlash, ro‘yxatga olish ishlarining o‘tkazilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish, ro‘yxatga olish natijalarini tahlil qilish O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha hududiy komissiyalar tuzilib, ular normativ-huquqiy va uslubiy hujjatlar asosida aniq chora-tadbirlar hamda mas'ul ijrochilarni ko‘rsatgan holda tayyorlov tadbirlarini tashkil etish va aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish maqsadida, o‘z vakolatlariga muvofiq quyidagilarni belgilaydi:

aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish ishlarini moliyalashtirishga javobgar davlat boshqaruvi organini;

kartografiya materiallarini tayyorlashga mas'ul bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarini;

ko‘chalar nomi va uylarni raqamlash ishlarini tayyorlashga mas'ul bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarini;

ro‘yxatga oluvchilar xavfsizligi, so‘rovnomalar va boshqa ro‘yxatga olish hujjatlarini saqlashni ta'minlashga mas'ul bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarini;

aholining alohida toifalarini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga mas'ul bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarini;

aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, natijalarni qayta ishlashni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan yuklarni uzluksiz qabul qilish hamda shoshilinch yetkazib berishni ta'minlashga mas'ul bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarini;

aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, natijalarni qayta ishlashni amalga oshirish uchun zarur aloqa vositalarining uzluksiz ishlashi, pochta jo‘natmalarining navbatsiz qabul qilinishi hamda yuborilishini ta'minlashga mas'ul bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarini;

aholini ro‘yxatga olishga jamoatchilik e'tiborini jalb etish maqsadida ommaviy axborot vositalarida aholini xabardor qilishga mas'ul bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruv organlarini;

mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining aholini ro‘yxatga olish uchun mas'ul vakolatli organga ko‘maklashish bo‘yicha vazifalarini.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimliklari:

aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga jalb etilgan shaxslarning o‘qishi va ishlashi uchun yaroqli bo‘lgan mebellar va aloqa vositalari bilan jihozlangan vaqtinchalik binolar ajratilishini;

aholini ro‘yxatga olish varaqalari va boshqa hujjatlarni vaqtinchalik saqlash uchun qo‘riqlanadigan binolar ajratilishini;

zarur transport va aloqa vositalari taqdim etilishini;

davlat kadastri va davlat statistika organlari bilan birgalikda doimiy yashovchi aholi sonini ko‘rsatgan holda aholi punktlarining to‘liq ro‘yxati tuzilishini ta'minlaydi.

Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishni amalga oshiruvchi davlat organlari o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:

aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish masalalarini muhokama qilish va hal etishda ishtirok etish;

aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish ishlari doirasida alohida ishlar va tadbirlarni bajarishda zarur hollarda, ko‘maklashish uchun boshqa vazirliklar, idoralar, yuridik shaxslar va xalqaro tashkilotlarni jalb etish.

Aholini ro‘yxatga olishda ishtirok etuvchilar to‘g‘risidagi shaxsiy ma'lumotlar quyidagilardan tarkib topadi:

familiyasi, ismi, otasining ismi

jinsi;

yoshi;

tug‘ilgan joyi;

millati;

fuqaroligi;

yashash joyi (turar joyi);

tili;

ma'lumoti;

nikoh holati;

uy xo‘jaligi tarkibi;

uy-joy sharoiti;

bandligi;

yashash uchun daromad manbasi.

Aholini ro‘yxatga olish dasturiga belgilangan tartibda boshqa qo‘shimcha savollar ham kiritilishi mumkin.

Fuqarolarning huquq va erkinliklarini buzadigan, javobi davlat, tijorat yoki qonun bilan himoyalanadigan boshqa sirlarga taalluqli axborotlarni o‘z ichiga oladigan savollar kiritilishi mumkin emas.

Mavzuga oid