Sport | 10:20 / 17.04.2019
21594
9 daqiqa o‘qiladi

YeChLda nostalgiya. Ronaldu – «Ayaks»ning navbatdagi qurboni

Foto: AFP

«Ayaks» yana bir sensatsiya qayd etdi. Yosh niderlandlar «Real» ortidan «Yuventus»ni ham javob o‘yinida mag‘lub etib (2:1), Chempionlar ligasidagi yurishini davom ettirdi.

Chempionlar ligasi. 1/4 final. Javob o‘yini 
«Yuventus» (Italiya) – «Ayaks» (Niderlandiya) – 1:2 (1:1)
Gollar
: Krishtianu Ronaldu, 28 (1:0). van de Bek, 34 (1:1). de Ligt, 67 (1:2).
«Yuventus»: Shchensni, De Shilo (Joau Kanselu, 64), Rugani, Bonuchchi, Sandro, Pyanich, Matyuidi, Emre Jan, Krishtianu Ronaldu, Dibala (Kin, 46), Bernardeski (Bentankur, 80).
«Ayaks»: Onana, Feltman, de Ligt, Blind, Mazraviy (Sinkgraven, 11. Magalyan, 82), van de Bek, Shone, de Yong, Neres, Tadich, Ziyosh (Huntelaar, 88).
Ogohlantirishlar: Emre Jan, 69. Krishtianu Ronaldu, 90+3.
Hakam: Tyurpen (Fransiya).
16 aprel. Turin. «Yuventus» stadioni.
Birinchi o‘yin – 1:1.

Amsterdamlik keksa sinora
«Ayaks» mavsumdagi eng muhim va eng murakkab o‘yinlaridan biriga yumor bilan tayyorlandi. Chempionlar ligasi chorak finalidagi javob uchrashuvini «Ayaks» rasmiy saytida keksa sinora anons qildi. «Ayaks» muxlisi bo‘lgan 80 yoshli xonim o‘z klubi muvaffaqiyatlariga ishonch bildirdi. «Men Frenki de Yongga ishonaman», - dedi Sonya ismli amsterdamlik keksa yoshli xonim.

Keyingi kunlarda amsterdamliklarning 21 yoshli yetakchisi Turindagi o‘yinda maydonga tushish-tushmasligini hamma muhokama qildi. De Yong shanba kuni ichki chempionat doirasida «Ekselsior»ga qarshi o‘yinda belidan jarohat olgan va o‘yin boshlanishiga bir soat qolgunicha u safga qaytganini hech kim bilmasdi. Faqat murabbiylar tarkiblarni e'lon qilganida yosh organizm o‘zini ko‘rsatgani, Frenki boshlang‘ich tarkibda harakatlanishga tayyorligi ma'lum bo‘ldi. Birinchi o‘yinda durang natijaga erishilishida katta ish qilgan «Ayaks» yetakchisi bunday o‘yinni o‘tkazib yuborishi mumkin emasdi. «Yuve» esa o‘yin oldidan jiddiy yo‘qotishga uchradi - jamoaning asosiy hujumchilaridan biri Mario Manjukich shamollab qoldi va maydonga chiqa olmaydigan bo‘ldi. Massimiliano Allegri Dibalani maydonga tashlashga qaror qildi - jamoa sardori bog‘ichi bilan.

«Ayaks» baribir yo‘qotishdan qutulib qololmadi. Italyanlar chap qanotdan hujum uyushtirib, to‘pni darhol o‘ng qanotga uzatishganida bu to‘p uchun Dibala bilan kurashda muvaffaqiyatsiz harakat qilgan Mazraviy jiddiy jarohat oldi va 11-daqiqadayoq o‘z o‘rnini Sinkgravenga bo‘shatib berishga majbur bo‘ldi.

Ronalduda yana gol
«Yuve» tezkor gol urdi. Buni yana Ronaldu qildi va yana to‘pni birinchi o‘yinda bo‘lgani kabi bosh bilan darvozaga yo‘lladi. Portugaliyalik hujumchi «Ayaks»ning barcha futbolchilari ko‘zini shamg‘alat qilib, Onanani ham dog‘da qoldirdi. Bu vaziyatda ko‘pchilik futbol muxlislari hujum vaqtida turinliklar tomonidan qoida buzilganini iddao qila boshlashdi, ammo hakam videotakrorni ko‘rib chiqib, golni hisobga oldi. Haqiqatan ham bu vaziyatda «Ayaks» himoyachilari o‘zaro to‘qnashib ketgandi.

«Ayaks» ustozi Erik ten Haag xafaligini ichiga yutib, Krishtianuni navbatdagi goli bilan tabrikladi. U ko‘p vaqt xafa bo‘lib turmadi - 5 daqiqa o‘tib van de Bek raqib himoyasidagi palapartishlikdan foydalanib hisobni tenglashtirdi.

Bu vaziyatda ham fransiyalik arbitr Kleman Tyurpan videotakrorga murojaat qildi va bu safar ham gol haqqoniy urilganini tasdiqladi. Bu o‘yinda VAR ishlatilganining yagona foydasi bu futbol spektaklining yanada uzoqroq davom etishiga sabab bo‘lgani bo‘ldi - hakam o‘yinga 5 daqiqa qo‘shib berdi.

O‘yin yanada uzoqroq davom etishini istagan yana bir inson turinliklar darvozaboni Shchensni edi. Ikkinchi bo‘limda «Yuve» mudofaasi sochilib ketdi, darvozabon esa mo‘jizalar ko‘rsatishga majbur bo‘ldi. U goh Ziyoshning kuchli zarbasini to‘sib qolar, goh van de Bekning darvoza «to‘qqizligi»ga ketayotgan zarbasini bartaraf etardi.

Allegrining hujumdagi rejalari o‘zgarib ketdi
Shchensnining «Yuve»ni qutqarib qolish yo‘lidagi harakatlari zoye ketdi. Mehmonlarning yana bir hujumi burchak zarbasi bilan yakunlandi. Bu vaziyatda raqib jarima maydonida hammadan baland sakragan 19 yoshli sardor Matteys de Ligt bosh bilan aniq zarba yo‘llab, hech kimda shubha tug‘dirmaydigan gol muallifi bo‘ldi.

«Keksa sinora»ning hujumdagi rejalari chippakka chiqdi. Allegri tanaffusda g‘alati qaror qabul qildi va Dibalani o‘yindan olib, 19 yoshli Moyze Kinga ishonch bildirdi (o‘yindan keyingi matbuot anjumanida u bu qarorini argentinalik hujumchida kichik jarohat yuzaga kelgani bilan izohladi). Ammo turinliklarning yosh forvardi Ronaldu va Bernardeski bilan o‘ynab keta olmadi. «Yuve»ning tanaffusdan keyingi o‘yini shunchaki ilojsizlikning o‘zginasiga aylandi, de Yong esa maydon markazida yakkahokimlik o‘rnatdi.

Ikkinchi goldan keyin ham «Ayaks» himoyaga yotmadi - holbuki endi «Yuventus»ga ikkita gol kerak, amsterdamliklarni esa durang natija ham qoniqtirardi. Ammo ten Haag shogirdlari raqib maydonida bosim uyushtirar, to‘pni egallab olgach esa zarba berishga shoshilmasdan, raqib hududiga bir-biriga aniq paslar uzatib «vaqtni o‘ldirar», ham raqibni charchatardi. O‘yin yakunlanib borgani sari esa mehmonlar uchinchi golni urishga urinishdi va vaziyatlardan biri to‘p darvoza to‘riga borib tushishi bilan yakunlandi. Ammo qanot hakami Ziyosh bu vaziyatda ofsaydda qolgan deb topdi. Ammo «Yuventus» ikki gol tugul bir gol urolmadi. Na Ronaldu, na uning sheriklari va na videohakamga e'tirozlar «Ayaks»ga sensatsiya yaratishga xalaqit qiloldi. Yosh futbolchilar oxiri yo‘q paslar bilan «Yuve» himoyachilarining boshini aylantirib tashlashdi.

YeChL tarixida eng yaxshi to‘purar sifatidagi o‘rnini mustahkamlagan Ronaldu ikkinchi golni urolmadi, «Yuve» uning darajasiga yetolmadi, jamoadoshlari unga to‘p yetkazib bera olishmadi, uning o‘zi o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda fol ishlatib, sariq kartochka oldi. 16 aprel oqshomi uning faoliyatidagi eng yomon oqshomlardan biriga aylandi. U qatorasiga to‘rtinchi bor YeChLni ololmaydi. Muxlislar finalda Messi va Ronaldu qarama-qarshiligiga guvoh bo‘lishdan mosuvo bo‘ldi. Ronaldu ertaga ham, indinga ham, keyingi mavsumda ham, bir asrdan keyin ham buyuk futbolchiligicha qoladi, ammo u bu oqshom YeChLni tark etdi.

Bu oqshomda muxlislar haqiqiy futbol guvohi bo‘lishdi. Bu futbolda nomlar hech narsani anglatmaydi. «Ayaks»da katta yulduzlar yo‘q, ammo bu bolalar rohat olish uchun to‘p surishadi. Yozda bu jamoa talon-toroj bo‘lib ketishi mumkin, ammo ular bugun rohatlanib futbol o‘ynashadi. 

Ayaksid hammani o‘tgan asrning 90-yillariga qaytardi. Bu jamoani endi hamma yaxshi ko‘rib qoldi. Bu jamoa bosim neligini bilmaydi. «Manchester Siti», «Tottenhem», «Barselona» yoki «Liverpul» raqib bo‘ladimi, bu bolalarga farqi yo‘q.

Mavzuga oid