Sport | 13:04 / 18.04.2019
25807
8 daqiqa o‘qiladi

Manchesterda shokka tushiruvchi o‘yin. Gvardiola yana o‘yindan tashqari holatda

Foto: Marc Atkins/Getty Images

«Manchester Siti» va «Tottenhem» Chempionlar ligasining chorakfinalida ertaknamo o‘yin namoyish etishdi - jamoalar birgalikda jami 7ta gol urishdi. Zamonamizning eng yaxshi murabbiylaridan biri Xosep Gvardiola bu safar ham finalga yetolmadi.

Chempionlar ligasi. 1/4 final. Javob o‘yini
«Manchester Siti» (Angliya) – «Tottenhem» (Angliya) – 4:3 (3:2)
Gollar
: Sterling, 4 (1:0). Son Xin Min, 7 (1:1). Son Xin Min, 10 (1:2). Bernardu Silva, 11 (2:2). Sterling, 21 (3:2). Aguero, 59 (4:2). Lorente, 73 (4:3).
«Manchester Siti»: Ederson, Uoker, Kompani, Lyaport, Mendi (Sane, 84), De Bryuyne, Gundo‘g‘an, Silva (Fernandinyu, 63), Sterling, Aguero, Bernardu Silva.
«TottenHem» (London): Lloris, Tripper, Alderveyreld, Fertongen, Rouz (Sanches, 90+1), Alli, Vanyama, Sissoko (Lorente, 41), Eriksen, Lukas Moura (Deyvis, 81), Son Xin Min.
Ogohlantirishlar: Sissoko, 41. Son Xin Min, 48. Rouz, 54. Vanyama, 77.
Hakam: Junayt Chaqir (Turkiya).
17 aprel. Manchester. «Etihad» stadioni.
Birinchi o‘yin – 0:1.

O‘yindan oldingi matbuot anjumanida Xosep Gvardiola mag‘lubiyatga tayyordek ko‘rinardi: «Agar yutqazsak, ikki kuncha g‘am chekamiz. Keyin yana qaytamiz, Premer-ligasida kurash avjida. «Siti»ning maqsadi APL chempionligi va Angliya Kubogi. YeChLga esa kuzda qaytamiz». Shu bilan birga u yarimfinalga chiqish imkoniyatlari haqida ham gapirib, o‘z faoliyatida bir zarba bilan ham finalga chiqqani va boshqa safar esa 33 zarba bilan ham yutqazganini yodga oldi. 

Manchesterdagi o‘yinning 12-daqiqasida televizorni yoqqanlar qattiq afsusda qolishdi. Ekranda ikkita ikkini ko‘rgan bu odamlarning reaksiyasini tasavvur qilish qiyinmas. Ular avvaliga buni qandaydir texnik nosozlik deb o‘ylagan bo‘lishsa ham ajabmas. Ammo unday emasdi - Chempionlar ligasi tarixida ilk marta tezkor to‘rt gol urildi. Keyin beshinchisi - bu ham turnir tarixidagi eng tezkor beshinchi gol edi.

Muxlislar 21-daqiqaga kelib endi o‘yinda 7:7 hisobi qayd etilishini orzu qila boshlashgandi. Futbol - avvalgi davrlardagi kabi shunchaki ko‘ngilxushlik uchun o‘ynaladigan o‘yinga aylangandi. Albatta, bu o‘yinda o‘ta fantastik hisob qayd etilmadi, ammo bu o‘yin mavsumning eng tomoshabop o‘yinlaridan biriga aylana oldi.

Gollar yomg‘irini kuzata turib, barcha turnirdagi kurashni unutgandek edi go‘yo. Lekin turnirdagi hisob-kitob ham muhim edi. Bu chorakfinalning javob o‘yini edi va «Manchester Siti» ikkinchi golni o‘tkazganidan keyin 3 gol bilan javob qaytarishi talab etilardi. «Shaharliklar» esa buni uddalashdi!

 

Londondagi birinchi o‘yinni zaxira o‘rindig‘ida kuzatgan Kevin de Bryuyne ikkinchi o‘yinda 3ta golga hammualliflik qildi. To‘rtinchi goldan keyin hamma «Siti» amalda yarimfinalga chiqqanini tan ola boshladi. Ammo bu o‘yinda mantiqqa o‘rin yo‘q edi, Sissoko jarohat olgach maydonga tushirilgan, bu mavsumda faqat o‘z jamoasi darvozasiga gol urgan, hisob 3:2 bo‘lib turganida qulay vaziyatdan oyoq bilan gol urolmagan Fernando Lorente bu o‘yinda beli bilan gol urishga erishdi. Chaqir bu vaziyatning videotakrorini bir necha daqiqa davomida o‘rgandi va golni inobatga olib, maydon markazini ko‘rsatdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda VAR yana katta sahnaga chiqdi - texnologiya Aguero ofsaydda qolganini ko‘rsatib, Sterlingning het-trigini bekor qildirdi.

Gvardiolaga savollar ko‘p: Messi, Xavi va Inestasiz u Chempionlar ligasi finaliga chiqa olmadi va unga buni faqat erinchoq odam eslatmadi. Bir yil muqaddam u «Liverpul»ga mag‘lub bo‘lib, chorakfinalda qolib ketganida ingliz muxlislar uni hatto firibgarga chiqarishgandi. Bir oqlanmagan umid - va futbol dahosidan oddiy «fizruk»ka aylanasan.

Kechagi o‘yin davomida ijtimoiy tarmoqlarda Gvardiola manziliga yana bo‘lmag‘ur so‘zlar yo‘llandi. Tushunarli, barchasi hissiyotlar. Lekin uning jamoasi ko‘rsatgan o‘yin kimnidir ranjitdimi? Bu o‘yin muzeylarda ko‘rgazmaga qo‘yiladigan o‘yin bo‘lmadimi?

Bu Chempionlar ligasiga xos o‘yin edi. Biz bu mavsumda «Ayaks»ning «Yuventus» va «Real»ga qarshi shiddatli o‘yinlariga guvoh bo‘ldik, biz «Barselona»ning go‘zal o‘yinlariga odatlandik, «Liverpul» o‘z yo‘lidagi kuchsiz raqiblarni yakson qilmoqda, «Manchester Siti» va «Tottenhem» esa tomoshabop futbol attraksionini uyushtirishdi, bu o‘yin finalni ham soyada qoldirishi mumkin bo‘ldi.

Yana VAR. Yana bu uch harf, bu so‘z endi futbol o‘yinlariga hamisha hamroh. «Barselona» va «Manchester Yunayted» o‘yinida avval bekor qilingan gol tiklandi - OAV esa endi bunday holatlarga parvo ham qilmay qo‘ydi. Barcha videotakrorlar endi futbolning ajralmas qismiga aylanib bo‘lganini anglab bo‘ldi. Xuddi darvoza to‘ridek, xuddi gazon chizig‘idek, xuddi to‘pdek.

Ammo Manchesterdagi o‘yin yakunida yangi texnologiyalar yangi darajaga chiqdi. O‘yin shundoq ham ehtiroslarga to‘la edi, VAR esa bu o‘yin yakunida barchasining oyog‘ini osmondan qildi - Sterlingning golidan keyin Maurisio Pochettino o‘zi va jamoasiga o‘n martalab la'nat o‘qishga ulgurdi, Pep Gvardiola esa xuddi 2009-10 yilgi mavsum yarimfinalida «Barselona» va «Chelsi» o‘rtasidagi o‘yinda Inesta urgan «oltin gol»dan keyin boshdan kechirganlarini qaytadan his qildi.

30 soniya o‘tib esa bosh hakam Junayt Chaqir katta sahnaga chiqdi va hushtagini chalib qo‘li bilan kvadratni ko‘rsatdi va qo‘lini yuqori ko‘tardi - ofsayd! Endi ikki murabbiyning tanasi almashib qolgandek edi. Ularning hissiyotlarini so‘zlarda ifodalab bo‘ladimi? Tasavvur qilish dahshat.

Gvardiola yana turnirni erta tark etdi, uning uchun bu fojiadir - qatorasiga ikkinchi mavsumda Chempionlar ligasining eng yorqin jamoasi chorakfinalda kurashni to‘xtatmoqda. Pochettino esa «Tottenhem» tarixidagi hech bir murabbiy qilolmagan ishni bajardi va jamoani Yevropaning eng yaxshi to‘rt jamoasi safiga qo‘shdi. Endi yarimfinalda «Barselona» - «Liverpul» va «Ayaks» - «Tottenhem» juftliklari.

Bu Chempionlar ligasidagi eng yaxshi mavsumlardan biri. Balki bunday mavsum yaqin orada bo‘lmagandir ham. Bu mavsumda oldinda yana beshta katta o‘yin kutmoqda.

Mavzuga oid