O‘zbekiston | 09:48 / 18.04.2019
8146
3 daqiqa o‘qiladi

Shaxsiy ma'lumotlarning huquqiy rejimi belgilandi

Foto: Shutterstock

Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida «Shaxsiy ma'lumotlar to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi va qabul qilindi. Hujjat Oliy Majlis Senatiga yo‘llandi, deb yozmoqda Norma.

Eslatib o‘tamiz, bir qator hujjatlarda shaxsiy ma'lumotlar maxfiy axborot sirasiga kiritilgan. Biroq ushbu tushuncha huquqiy jihatdan to‘liq ochib berilmagan, shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish mexanizmlari mavjud emas.

Qonunda quyidagi tushunchalar qabul qilingan:

• shaxsiy ma'lumotlar – elektron, qog‘oz va (yoki) boshqa moddiy tashuvchida qayd etilgan, muayyan shaxsga tegishli yoki uni identifikatsiyalash imkonini beruvchi axborot;
• shaxsiy ma'lumotlar sub'yekti – shaxsiy ma'lumotlar tegishli bo‘lgan jismoniy shaxs;
• shaxsiy ma'lumotlar bazasi – shu jumladan axborot tizimi ko‘rinishidagi, shaxsiy ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan ma'lumotlar bazasi;
• shaxsiy ma'lumotlarni qayta ishlash – shaxsiy ma'lumotlarni to‘plash, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, qo‘llash, taqdim etish, tarqatish, uzatish, shaxssizlantirish va yo‘q qilishga doir bir yoki bir nechta harakatlarni amalga oshirish; 
• shaxsiy ma'lumotlar bazasi operatori – shaxsiy ma'lumotlarni qayta ishlovchi davlat organi, jismoniy va (yoki) yuridik shaxs;
• shaxsiy ma'lumotlar bazasining mulkdori – shaxsiy ma'lumotlar bazasiga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqiga ega bo‘lgan davlat organi, jismoniy va (yoki) yuridik shaxs;
• uchinchi shaxs – sub'yekt, mulkdor va (yoki) operator hisoblanmagan, biroq shaxsiy ma'lumotlarni qayta ishlashga doir hollar yoki munosabatlar sababli ular bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday shaxs.
 
«Shaxsiy ma'lumotlar to‘g‘risida»gi Qonun loyihasida ularga kirish mexanizmlari, shu jumladan ularni xalqaro uzatish tartibotlari belgilangan. Loyiha shaxsiy ma'lumotlar qayerda qayta ishlanishidan qat'i nazar, ularning himoyasini ta'minlash bo‘yicha talablarni o‘z ichiga olgan. Shuningdek, unda shaxsiy hayoti daxlsizligi bo‘yicha inson huquqlari himoyasini ta'minlashga qaratilgan normalar qayd etilgan.

Mavzuga oid