Sport | 14:40 / 18.04.2019
19235
7 daqiqa o‘qiladi

«Tottenhem» va «Tiki-Taka»

Foto: REUTERS

Yo‘q, maqola kutganingizdek, sarlavhadan taxmin qilganingizdek, ko‘rinishidan, nomidan haqiqiy britan jamoasi bo‘lmish «Tottenhem»ning tanish uslub ustidan qanday g‘olib chiqqani haqida emas.

Chorak final o‘yinlari oldidan ko‘pchilik yarim finalda «Ayaks», «Barselona», «Liverpul» va yana Gvardiolaning «Manchester Siti»si bo‘lishini kutishgandi va 70-yillar boshidan muvaffaqiyat qozona boshlagan «total futbol», yoki boshqacharoq aytganda «tiki-taka»ning triumfi o‘laroq qabul qilishgandi. Ammo «Tottenhem» barchasini buzib yuborgandek bo‘ldi.

Lekin agar chuqurroq qaralsa, «Tottenhem» ham bu «guruh»ga begona emas ekan, aksincha, bu jamoa golland futboliga tarixan ancha yaqinroq ham. Pochettino jamoasi «Ayaks»ga o‘xshashroq futbol ko‘rsatishida, shuningdek, londonliklar tarkibida to‘rt nafar sobiq ayaksid o‘ynashida kattaroq sabablar bor ekan. Stanislav Minin o‘zining telegramdagi «Dozvolennyye rechi» kanalida aynan shu haqida hikoya qiladi. Juda qiziq. 

Chunki «Tottenhem» bilan ham bunday bog‘liqliklarni topish mumkin. 1912 yilda Piter Makuillyam «Tottenhem» murabbiyi etib tayinlanadi. Ko‘pchilikdan, jumladan, o‘sha paytdagi yetakchi ingliz murabbiylaridan farqli ravishda, Piter qisqa paslar bilan o‘ynab, to‘pni nazorat qilish muhimligini aytar, to‘pni tepib yuborib, orqasidan yugurish samarasiz deb hisoblardi.

Makuillyam bunga Shotlandiyaning «Kuinz Park» klubida o‘rgangandi. Hozir tasavvur qilish qiyin, ammo rost, 19-20 asr oralig‘ida aynan shotlandiyaliklar pas bilan ko‘proq o‘ynash haqida o‘ylay boshlagan va o‘sha zamonlardan biroz ilgarilab ketgan ekanlar.

Makuillyam tashabbusi bilan Kent ligasida «Nortflit Yunayted» nomli jamoa tuziladi va u yerda «Tottenhem» uchun futbolchilar tarbiyalana boshlandi. Angliyadagi «La Masiya» deb ham tushunish mumkin. Bolalarga asosan to‘p bilan yaqin bo‘lish o‘rgatilardi.

Makuillyam 1927 yilda «Midlsbro»ga ketadi, 1938 yilda esa, yana «Tottenhem»ga qaytadi. Uning g‘oyalari hamon o‘sha o‘sha edi. Uning jamoasida Artur Rouv (30-yillarning Busketsi yoki Gvardiolasi deyish mumkin), Bill Nikolson, Vik Bekinhem kabi futbolchilar yetakchi edi. Rouv va Nikolson keyinchalik «Tottenhem»ga murabbiylik qilishdi va ustozlarining falsafasini davom ettirishdi. Bekinhem esa...

Vik Bekinhem «Nortflit» tarbiyalanuvchisi, murabbiy sifatida 1959 yilda «Vest Bromvich» bilan Angliya Kubogini yutadi. Va o‘sha yili Niderlandiyaga ketib, «Ayaks» bosh murabbiyiga aylanadi. Bekinhem u yerda o‘ziga mos futbolchilar bilan to‘qnashadi – u yerda ham o‘z akademiyasi bor va bolalar pas bilan o‘ynashga yoshlikdan o‘rgatilar edilar. «Ayaks» Vikning bir paytlar «Tottenhem»da o‘rgatilgan g‘oyalarini qabul qilishga tayyor edi.

Vik Sheffildga ketdi, ammo keyinroq, 1964-65 yilgi mavsumda yana Amsterdamga qaytadi. Vik faqat bir yil ishlaydi, mavsum ancha muvaffaqiyatsiz chiqadi. Ammo 1964 yilning noyabrida aynan Vik hali yosh va hech kim tanimaydigan Yoxan Kroyfni ilk bor maydonga tushirgandi.

1965 yilda Bekinhem o‘rniga Rinus Mixels tayinlanadi. Uyog‘ini bilasiz, murabbiy Mixels va futbolchi Kroyf juftligi Yevropa futbolida inqilob qilgandi. Keyin esa, aynan Mixels va Kroyf Barselonaga total futbolni olib keladi.

Qizig‘i, ularning futboliga Barselona allaqachon tayyor edi. Nega? Chunki 1969 yilning oxirida «Barselona» rahbariyati Vik Bekinhemni jamoaga murabbiy sifatida tanlagandi.

Aynan uning g‘oyalari bilan «Barselona» Mixels va Kroyf kelishiga moslashib bo‘lgandi. Vik shogirdlarini har daqiqada ssenariy o‘zgarib turadigan film aktyorlariga qiyoslab, maydondagi o‘zgarishlarga doim moslashish, har bir lavhaga ta'sir qilish lozimligini uqtirardi. Bekinhem ancha avvalroq Kroyfni «Barselona»ga taklif qilmoqchi bo‘lgan, ammo Ispaniyada legioner futbolchilarga taqiq mavjudligi tufayli uning kelishi kechikkandi. Kroyf keyinroq, 1973 yilda Kataloniya poytaxtiga keladi. U paytda Vik jamoani tark etib bo‘lgan, uning o‘rniga jamoani Rinus Mixel boshqarayotgandi. 

Davom etamiz, 50-yillarda «Vest Bromvich»da, 60-yillarda «Fulhem»da Bekinhem qo‘l ostida Bobbi Robson o‘ynagan. U esa o‘z navbatida, 90-yillarda bir mavsum «Barselona»ni boshqarganini bilasiz. Robson Barselonaga kelishidan oldin ham, keyin ham, Niderlandiyada murabbiylik qilgan.

Angliyalik mashhur tahlilchi va jurnalist Jonatan Uilsonning hisoblashicha, 1980-90 yillar oralig‘ida bir-biridan mustaqil ravishda ikki murabbiy total futbolning zamonaviy futbolga moslashtirishgan. Bu g‘oyani katta jismoniy kuch, temp va pressing talab qilinadigan yangi futbol talablariga javob beradigan shaklda rivojlantirishgan.

Lui van Gaal va Marselo Belsa. Van Gaalda hammasi tushunarli – «Ayaks» va «Barselon». Buyuk niderlandiyalik murabbiylarning yo‘li.

Marselo Belsa esa, Yevropaga kelishidan oldin o‘z g‘oyalarini Argentinaning «Nyuells Old Boyz» klubida amalda sinab ko‘rgan. Belsa u yerda avvaliga murabbiy yordamchisi, keyin yoshlar murabbiyi, keyinroq esa bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritgan. O‘sha paytlarda uning qo‘l ostida Maurisio Pochettino ham ulg‘aygan. «Tottenhem» bosh murabbiyi. Aylana berkildi...

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid