Sport | 16:21 / 24.04.2019
10079
2 daqiqa o‘qiladi

«Dinamo» stadionidagi suv bartaraf etildi, faqat Termizdagi o‘yin sanasi o‘zgardi

Samarqanddagi «Dinamo» stadioni tinimsiz yomg‘irlar sabab suv ostida qolgan, shu tufayli Superliga 6-turidan o‘rin olgan «Dinamo» – «Navbahor» o‘yini boshqa sanaga ko‘chirilishi mumkinligi xabar qilingandi.

PFL rasmiy saytiga ko‘ra, Samarqand klubi «Navbahor» bilan o‘yinni o‘z vaqtida, ya'ni 26 aprel, juma kuni soat 17:30da boshlashga tayyor ekanini ma'lum qilgan.

«Dinamo» matbuot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, 23-24 aprel kunlari Samarqand shahrida tinimsiz yoqqan kuchli yomg‘ir tufayli va «Dinamo» o‘yingohi shahar sathidan nisbatan pastroqda ekanligi bois, katta suv oqimi stadion ichiga kirgan va o‘yingoh drenaj tizimi bunday bosimdagi suvni bir vaqtning o‘zida torta olmagan.

«Ammo yomg‘ir tingach, o‘yingoh drenaj tizimi hamda olib borilgan ishlar natijasida soat 14:00gacha favqulotda holat to‘liq bartaraf etildi, o‘yingoh holati borasida PFLga tushuntirish berildi», – deyiladi «Dinamo»ning rasmiy bildirishida.

Shuningdek, PFLning tasdiqlashicha, 6-tur doirasidagi «Surxon» – «Andijon» o‘yini mamlakat rahbariyatining Surxondaryoga ehtimoliy tashrifi munosabati bilan ikki kunga kechiktirilgan. Surxondaryo viloyati hokimiyati PFLdan o‘yinni ko‘chirishni so‘rab murojaat qilgan va u qanoatlantirilgan. Belgilanishicha, Termizdagi uchrashuv 29 aprel kuni soat 17:30da boshlanadi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid