Sport | 17:43 / 25.04.2019
24177
3 daqiqa o‘qiladi

Osiyo chempionati. 10ta vazn toifasidan 5tasida O‘zbekiston vakillari finalga chiqdi

Tailand poytaxtida o‘tayotgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatida erkaklar o‘rtasidagi yarim final bahslari yakunlandi. Unda O‘zbekiston terma jamoasining ushbu bosqichga yetib kelgan 6 vakilidan 5 nafari finalga chiqdi.

Image
Shukurjon Rahimov / Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Kechki dastur janglarini o‘zbekistonlik bokschilardan Shukurjon Rahimov boshlab berdi. Rahimov, qolgan besh jamoadoshidan farqli ravishda, reytingi o‘zidan anchagina baland bo‘lgan jiddiy raqib – mo‘g‘ulistonlik Tsendbaatar Yerdenebatgaga qarshi ringga chiqdi. Yerdenebatga so‘nggi Osiyo o‘yinlarida Shunqor Abdurasulovni mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritgan va vazn toifasidan qat'i nazar havaskor ringda dunyoning eng kuchli bokschilaridan biri sanaladi. U Shukurjonni ochkolar hisobida yengib finalga chiqdi, Rahimov esa bronza medali bilan qaytadigan bo‘ldi.

Bu – O‘zbekiston terma jamoasining ikkinchi bronza medali bo‘ldi. Bunga qadar kunduzgi dasturda -69 kg vazn toifasi vakilasi Shahnoza Yunusova xitoylik Xong Gu bilan jangda mag‘lubiyatga uchrab, terma jamoaga dastlabki medalni taqdim etgandi.

Shundan so‘ng Bobo–Usmon Baturov (-69 kg) va Bahodir Jalolov (+91 kg) final yo‘llanmasi uchun janglarda mos ravishda hindistonlik Ashish hamda suriyalik Muhammad Mulayyesdan ustun kelib, final yo‘llanmasiga ega chiqishdi.

Bobo–Usmon Baturov / Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi
Bahodir Jalolov / Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Shu tariqa, ertaga, 26 aprel kuni erkaklar o‘rtasidagi final bahslarida 10ta vazn toifasidan 5tasida o‘zbekistonlik bokschilar ringga ko‘tariladigan bo‘ldi. Bugun kunduzgi bellashuvlarda Nodirjon Mirzahmedov (-49 kg), Mirazizbek Mirzaxalilov (-56 kg) va Sanjar Tursunov (-91 kg) ham final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning qolgan vazn toifalaridagi vakillari – Hasanboy Do‘smatov (-52 kg), Shunqor Abdurasulov (-64 kg), Isroil Madrimov (-75 kg) va Dilshod Ro‘zmatov (-81 kg) o‘z ishtiroklarini chorak finalda yakunlashgan edi.

Mavzuga oid