Sport | 21:20 / 28.04.2019
7605
4 daqiqa o‘qiladi

«Zenit» YeChLga qaytdi. Rossiya chempionligi yaqin qoldi

Rossiya chempionatining 26-turida «Zenit» «Krylya Sovetov»ni mag‘lub etdi. Sankt-Peterburgdagi «Gazprom Arena» stadionida kechgan uchrashuv mezbonlarning 4:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

O‘yinda hisob 9-daqiqadayoq ochildi. Birinchi gol muallifi piterliklar to‘purari Serdar Ozmun bo‘ldi, uni bu vaziyatda Yuriy Jirkov golli pas bilan ta'minladi. 30-daqiqada Artyom Dzyubaning pasidan keyin eronlik hujumchi dublni rasmiylashtirdi. Bu gollari evaziga Ozmun jami gollari sonini 12taga yetkazib, turnir to‘purarlari ro‘yxatida TsSKA hujumchisi Fyodor Chalovga yetib oldi.

Oradan 5 daqiqa o‘tib samaraliklar himoyachisi Taras Burlak to‘pni o‘z jamoasi darvozasiga kiritib qo‘ydi va hisob yirik ko‘rinishga keldi. Birinchi bo‘limning oxirgi 5 daqiqaligida Denis Tkachuk ikkita gol urib, hisobni qisqartirdi.

78-daqiqada mehmonlar hujumchisi Ramil Sheydayev qizil kartochka olib maydonni tark etdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Igor Smolnikov jamoasining g‘alabasini mustahkamladi.

Bu g‘alabadan keyin «Zenit» ochkolari sonini 57taga yetkazdi va Rossiya Premer-Ligasi turnir jadvalini boshqarishda davom etmoqda. «Krylya Sovetov» 27 ochkosi bilan 13-o‘rinda joylashgan. Samaraliklar tarkibida o‘yinning boshidan oxirigacha O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi Vitaliy Denisov harakat qildi.

Peterburgliklar bu g‘alaba evaziga qolgan turlarda qanday natijalar qayd etilishidan qat'i nazar RPL uchligida qolishini kafolatladi. Ikkinchi o‘rindagi «Lokomotiv» (49) 8 ochko ortda qolgan, keyingi o‘rinlarda TsSKA (25 turdan keyin 44) va «Krasnodar» (25 turdan keyin 43) jamoalari bormoqda. Bu esa «Zenit» keyingi mavsumda Chempionlar ligasida ishtirok etishini ta'minlaydi. Rossiya chempionatining birinchi va ikkinchi jamoalari YeChLda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etadi, uchinchi o‘rin sohibi esa saralash bosqichidan o‘tishi kerak bo‘ladi.

Semak shogirdlari 4 may kuni «Axmat»ga qarshi safar o‘yinida g‘alaba qozonsa va shu kuni «Lokomotiv» Tulada «Arsenal»ga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotsa muddatidan oldin chempionlikni rasmiylashtirishi mumkin. Grozniyda durang natija ham piterliklarni qoniqtirishi mumkin, buning uchun «Loko» Tulada yutqazishi, TsSKA esa bugun «Krasnodar» va 5 may kuni «Dinamo»ga qarshi o‘yinlarda jami 6 ochko to‘play olmasligi talab etiladi.

«Zenit» oxirgi marta Chempionlar ligasida 2015/16 yilgi mavsumda ishtirok etib, guruhdan chiqqan, ammo nimchorak finalda «Benfika» to‘sig‘idan o‘tolmagandi.

Rossiya chempionati
26-tur
Zenit – Krylya Sovetov 4:2
(3:2, 1:0)
Gollar: 1:0 – 9 Ozmun, 2:0 – 30 Ozmun, 3:0 – 35, avtogol Burlak, 3:1 – 40 Tkachuk, 3:2 – 44 Tkachuk, 4:2 – 90 Smolnikov.
Zenit – Lunev, Rakitskiy, Ivanovich, Smolnikov, Jirkov, Noboa, Rigoni (Shatov, 55), Ozdoyev, Ozmun (Musayev, 90), Dzyuba, Driussi (Anyukov, 67).
Krylya Sovetov –     Rijikov, Samardjich, Burlak, Denisov, Shishkin, Zinkovskiy (Kornilenko, 63), Rabiu, Ananidze (Yakovlev, 80), Tkachuk, Zotov (Anton, 73), Sheydayev.
Ogohlantirishlar: Driussi (14), Sheydayev (47), Ozdoyev (47), Rabiu (49), Rigoni (54), Jirkov (88).
Chetlatish: Sheydayev (78).

Mavzuga oid