Jamiyat | 10:32 / 04.05.2019
17786
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda suv charxpalaklari bo‘yicha petitsiya e'lon qilindi

Foto: sgp.uz

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida suv charxpalaklaridan foydalanish samaradorligini oshirish haqida petitsiya e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, Buxoro viloyati Peshku tumanida fermerlar va aholiga dehqonchilik qilish uchun kanallar va zovurlardan suv ko‘tarish maqsadida soatiga 770 kilovatt elektr energiyasini talab etadigan 3 ta nasos stansiyalari o‘rnatilgan. 

“Tumanda 60 dan ortiq turli quvvatdagi nasoslar fermerlarga xizmat qilmoqda. Demak, birgina bizning tumanimizda bir soatiga 4000 kilovatt elektr energiyasini sarflovchi nasoslar o‘rnatilgan. Fermer xo‘jaliklariga suvni yetkazib berayotgan nasoslarning xarajatlari davlat budjetidan qoplanadi. Bu esa sezilarli yirik summadagi mablag‘ni tashkil etadi”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Mazkur elektr nasos stansiyalariga sarflanayotgan energiyani tejash maqsadida qayta tiklanuvchi energiya manbai bo‘lgan suv charxpalaklaridan foydalanish taklif qilingan. 

Bildirilishicha, buning uchun qo‘shimcha tarzda suv charxpalaklari kanal va zovurlarga o‘rnatilsa, elektr energiyasida uzilishlar ro‘y berganda paxta va g‘alla, qolaversa, boshqa ekinlar hosiliga yetishi mumkin bo‘lgan zararning oldi olinib, yuqori hosildorlik ta'minlanadi. 

“Buning uchun respublikamizning ilg‘or suvchilari, olimlari, konstruktor-mexaniklarini jalb qilgan holda suv hajmi va tezligini hisobga olib, mukammal loyihalashtirilgan, puxta ishlangan, zamonaviy, ishlatishga qulay, suv chiqarish hajmi dehqon-fermerlarni qoniqtiradigan charxpalaklarni davlat budjeti hisobidan o‘rnatsak, maqsadga muvofiq bo‘lar edi”, - deyiladi petitsiyada. 

Eslatilishicha, bunday charxpalaklar 30-50 yil oldin Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida ham qurilgan bo‘lib, aholiga hali-hamon xizmat qilmoqda. 

Mazkur taklif o‘rganilib, ko‘rib chiqilsa, qishloq xo‘jaligini suv bilan ta'minlash va elektr energiyasidan samarali foydalanishda yangi imkoniyatlar yaratilgan bo‘lar edi, deya yakunlanadi murojaat.

Mavzuga oid