Jahon | 19:00 / 07.05.2019
31134
2 daqiqa o‘qiladi

Belarusda «O‘lmas polk»ni taqiqlash boshlandi

Foto: Viktor Tolochko / RIA Novosti

Belarusning Vitebsk shahri hokimiyati 9 may kuni shaharda «O‘lmas polk» aksiyalarini o‘tkazishni taqiqladi. Bu haqda Belset.eu sayti xabar bermoqda.

«Bu yil G‘alaba kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlar qatoriga «O‘lmas polk» paradi kiritilmagan», - deyiladi shahar rahbariyatining bayonotida. Rahbariyat «O‘lmas polk» o‘rniga «Belarus unutmaydi» umumxalq mitingida qatnashishni taklif qilgan.

«O‘lmas polk» tashkilotchilari hozircha qanday harakat qilishni bilishmayapti, lekin ular Lukashenko rozi bo‘lsa, paradni o‘tkazishmoqchi. Xabarda Qozog‘istonning Aqto‘be oblasti rahbariyati ham «O‘lmas polk»ni o‘tkazish «shart emas deb topgani» alohida ta'kidlangan.

Belarusda o‘tgan yili ham «O‘lmas polk»ni taqiqlashgan, lekin hukumat keyinchalik unga rozilik bildirgandi.

«O‘lmas polk» paradi Rossiyada o‘tkazilishi urfga kirgan zamonaviy marosim. Unda odamlar Ikkinchi jahon urushida qatnashgan yaqinlarining suratlarini ko‘tarib belgilangan maydon va ko‘chalar bo‘ylab aylanishadi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin har yili «O‘lmas polk»da o‘z otasining suratini ko‘targan holda qatnashadi va har safar chiqishlarida bu aksiyaning «naqadar muhimligi»ni ta'kidlaydi. Rossiya nashrlari esa boshqa davlatlarda, ayniqsa MDH davlatlarida «O‘lmas polk»ning o‘tkazilishiga qandaydir cheklov bo‘lsa, alohida urg‘u berib yoritadi. Xususan, Belarusda bu tadbirni o‘tkazishdagi cheklovlar Rossiya bilan aloqalarning «risoladagidek emasligiga» ishora deb qabul qilinmoqda.

Mavzuga oid