O‘zbekiston | 10:56 / 10.05.2019
8985
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Stokgolm konvensiyasini ratifikatsiya qildi

Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokgolm konvensiyasini ratifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur Konvensiya 2001 yil 22 mayda Stokgolm shahrida qabul qilingan. Bugungi kunda 182 ta davlat Konvensiya ishtirokchisi hisoblanadi.

«Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar haqida»gi konvensiya 2001 yil 22 mayda Stokgolm shahrida qabul qilingan va 2004 yildan kuchga kirgan. Yetakchi davlatlardan AQSh, Italiya va Isroil konvensiyani imzolagan bo‘lsa-da, ratifikatsiya qilmagan. 

Ushbu qonun majburiy xarakterga ega, aholi salomatligi va atrof-muhitni turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalardan muhofazalash maqsadida ularni keskin qisqartirishga, tashlanmalarini to‘xtatishga hamda odam organizmida va ekotizimlarda qayta tiklab bo‘lmas o‘zgarishlarga olib keluvchi 12 ta xavfli birikma (keyingi to‘ldirishlar hisobga olgan holda 26 ta modda) ishlab chiqarilishini, ishlatilishini chegaralash yoki taqiqlashga yo‘naltirilgan Konvensiyani ratifikatsiya qilishni nazarda tutadi.

Konvensiyani ratifikatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasiga turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar bilan bog‘liq ekologik holatning yaxshilanishiga, aholi, atrof-muhit, o‘simlik va hayvonot dunyosiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarni bartaraf etishga yordam beradi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Yevropa Ittifoqi imtiyozlari bosh tizimiga qo‘shilishi hisobiga mamlakatimizda ishlab chiqilgan mahsulotlarning eksport hajmi va geografiyasini kengaytirish imkonini yaratadi.

Mavzuga oid