Jamiyat | 18:08 / 14.05.2019
8643
3 daqiqa o‘qiladi

Xayriya natijasi: Yaxshilar sabab Islombek darddan forig‘ bo‘ldi

Yaqindagina saytimiz orqali “40 yoshga kirganimda o‘g‘illi bo‘ldim. Ertaroq operatsiya qilinmasa yuragi to‘xtab qolishi mumkin”. 3 yoshli Islom yordamga muhtoj sarlavhasi ostida xayriya aksiyasini e'lon qilgan edik.

Unda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani Armichan qishlog‘idan kelgan 3 yoshli Islom Hasanov haqida so‘z boradi. Islom yurak porogi bilan tug‘ilgan edi. Oilasi oddiy insonlar. Islombekni Toshkentga olib kelishadi. Shifokorlar operatsiya qilish zarurligini aytishadi. Ammo bu jarrohlik amaliyoti qimmatligi sabab Islombekning onasi yordam so‘rab saxovatpesha xalqimizga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. 

Quvonarlisi shuki, qisqa muddat ichida savobtalab yurtdoshlarimizning ko‘magi bilan kerakli mablag‘ yig‘ildi va Islombek jarrohlik stoliga yotqizildi.

Operatsiya o‘tgandan so‘ng Islombekning holidan xabar olish uchun uning yoniga bordik. Biz borganimizda Islom shirin uyquda ekan. Uning onasi Dilfuza Islomova o‘z xursandchiligini yashirib o‘tirmadi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Shundan so‘ng uning shifokori Jamshid Pirnazarovdan uning ahvoli haqida so‘radik.

“Hozir uning ahvoli yaxshi. Operatsiya ham yaxshi o‘tdi. Tez kunda uyiga javob beramiz. Barcha yordam qo‘lini cho‘zgan yurtdoshlarimizga ham rahmat deb qolamiz” deydi shifokor.

Azizlar, shu o‘rinda Kun.uz jamoasi ham saxovat va yaxshilik oyida bu oilaga yordam qo‘lini cho‘zgan va duoda bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizga o‘zining chuqur minnatdorchiligini bildirib o‘tadi. Rahmat oyidagi yaxshiliklaringizni yaratgan o‘z dargohida qabul aylab, ajr-savoblarini ko‘paytirib bersin. Islombek ham voyaga yetib saxovatli insonlar qatorida bo‘lishini tilab qolamiz. Savob ish qilishdan charchamang, tolmang, aziz va saxovatpesha yurtdoshlar.

Mavzuga oid