Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident baxshichilik san'ati bo‘yicha yangi qaror imzoladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Baxshichilik san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi va Surxondaryo viloyati hokimligining Termiz shahrida davlat muassasasi shaklida Respublika Baxshichilik san'ati markazini hamda uning huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Baxshichilik san'atini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish haqidagi takliflari ma'qullandi.
Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
baxshichilik san'atining ilmiy-nazariy va amaliy asoslarini chuqur o‘rganish va mustahkamlash;
sohada shakllangan ijodiy maktablarning o‘ziga xos ijro uslublari, “ustoz shogird” an'analarini qayta tiklash va rivojlantirish;
baxshi-shoirlar, folklorshunos olimlar, o‘qituvchi va mutaxassislarning ijodiy va ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;
madaniyat markazlari, bolalar musiqa va san'at maktablari va boshqa ta'lim muassasalari qoshida baxshichilik san'ati to‘garaklarini tashkil etish;
baxshi-shoirlar ijodiga keng yo‘l ochib berish, ommaviy bayramlar va madaniy tadbirlarda ularning faol ishtirokini ta'minlash;
baxshichilik san'atining sara namunalarini to‘plash va fondini yaratish, ularning audio va video variantlarini ko‘paytirish, bu sohani yurtimizda va dunyoda keng targ‘ib etish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, televideniye va Internet imkoniyatlaridan samarali foydalanish;
baxshichilik san'ati yo‘nalishida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, bu borada o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, jumladan, turli xalqaro anjumanlar va tanlovlar, konsertlar va mahorat darslarini tashkil etish.
Jamg‘armaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
moliyaviy va tashkiliy yo‘nalishlarda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish asosida baxshichilik san'atini yanada rivojlantirishga ko‘maklashish;
mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan baxshi-shoir, oqin va jirovlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
Madaniyat vazirligi tizimidagi muassasalarni baxshichilik san'atiga oid zarur adabiyotlar, o‘quv qo‘llanmalar va davriy nashrlar bilan ta'minlash;
madaniyat va san'at muassasalari qoshidagi baxshichilik to‘garaklarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zarur cholg‘ular va jihozlar bilan ta'minlash;
baxshichilik san'ati bilan bog‘liq ilmiy-tadqiqotlar, nashr ishlari hamda kompleks ilmiy ekspeditsiyalarni moliyalashtirish;
baxshichilik san'atiga doir homiylikni rivojlantirish, sohaga xorijiy sarmoya va grantlarni jalb etish;
qonunchilikda belgilangan manbalardan tushadigan mablag‘larni jamg‘arish, ulardan maqsadli va samarali foydalanishni ta'minlash.
Mavzuga oid
14:52 / 22.05.2025
Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi tasdiqlandi
10:27 / 22.05.2025
Toshkentda YTHning oldini olish uchun 2 mlrd so‘m ajratiladi
13:54 / 01.05.2025
O‘zbekistonda zamonaviy standartlar asosida kamida 58 ta maktab quriladi
13:31 / 29.04.2025