O‘zbekiston | 19:17 / 17.05.2019
12290
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Xalqaro Valuta Jamg‘armasi rahbarini qabul qildi

Bugun, 17 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Xalqaro valuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristin Lagardni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston va Xalqaro valuta jamg‘armasi o‘rtasidagi amaliy muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

2017 yilning sentyabrida Nyu-York shahrida va joriy yil aprel oyida Pekin shahrida o‘tgan ikki tomonlama muzokaralar samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va yanada kengaytirishga xizmat qilgani ta'kidlandi.

Bugungi kunda jamg‘arma mamlakatimizda ilg‘or xalqaro tajriba va bilimlar asosida keng miqyosli islohot va yangilanishlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda muhim sheriklardan biri ekani alohida qayd etildi.

Keyingi ikki yilda jamg‘armadan jalb etilgan texnik ko‘mak hajmi sezilarli darajada ortdi: mamlakatimizga XVJning 14 missiyasi tashrif buyurdi, soliq va moliya sohalari bo‘yicha yetakchi xalqaro konsultant va ekspertlar jalb etildi.

Jamg‘arma ko‘magida O‘zbekiston XVJ statistika ma'lumotlari tarqatishning umumiy tizimiga qo‘shildi, Markaziy bank va valutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonunlarning yangi tahriri loyihasi ishlab chiqildi, yangi Soliq siyosati va ma'muriyatchiligi konsepsiyasi va boshqalar joriy etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Xalqaro valuta jamg‘armasining hamkorligi istiqbollari batafsil muhokama qilindi va bu boradagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Pul-kredit va soliq-budjet siyosatini takomillashtirish, monetar siyosatning samarali vositalarini joriy etish, mamlakatimizda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash hamda boshqa yo‘nalishlarda faol hamkorlikni davom ettirishga alohida e'tibor qaratildi.

O‘z navbatida, XVJ boshqaruvchi direktori O‘zbekistonga tashrif bilan kelish taklifi hamda ko‘rsatilayotgan samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Kristin Lagard jamg‘arma mamlakatimizda barcha tarmoq va yo‘nalishlarni qamrab olgan holda faol amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholashini alohida ta'kidladi.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash va o‘zaro ishonchni oshirish, mintaqaviy savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish borasidagi sa'y-harakatlari alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida Kristin Lagard Xalqaro valuta jamg‘armasi mamlakatimizda samarali islohotlarni amalga oshirish va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta'minlashga har tomonlama ko‘maklashishni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi.

Mavzuga oid