O‘zbekiston | 13:40 / 22.05.2019
58726
3 daqiqa o‘qiladi

Prezidentlikka sobiq nomzod Sarvar Otamurodov partiya rahbarligidan ketdi

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Sarvar Otamurodov lavozimini tark etdi.

Kun.uz manbasi ma'lumotiga ko‘ra, u endi «O‘zagrosug‘urta»​ aksionerlik jamiyati rahbari lavozimida ish boshlagan.

«O‘zagrosug‘urta»​ AJga 2017 yilning avgustidan buyon rahbarlik qilib kelgan Saidqahhor Xolxo‘jayev biroz avvalroq Markaziy bank raisiga o‘rinbosar bo‘lgandi.

Sarvar Sadullayevich Otamurodov 1973 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1995 yilda Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) bitirgan. 1998 yilda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya Akademiyasini, 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Sotsiologiya fanlar nomzodi.

U O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi bo‘lish bilan birgalikda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi a'zosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari hisoblanardi.

U 2009 yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati etib saylangandi. 2010-2014 yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2013 yilda «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari etib saylangan.

2015 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosariga aylangan, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a'zosi edi. U bu lavozimlarini ham tark etgan.

Ma'lumot uchun, Sarvar Otamurodov 1995-2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi valuta-iqtisod Bosh boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari va Bosh boshqarma boshlig‘i vazifalarida ishlagan. 2006-2010 yillarda O‘zbekiston sug‘urta kompaniyalarida faoliyat olib borgan.

Eslatib o‘tamiz, Sarvar Otamurodov O‘zbekiston prezidentligi uchun sobiq nomzod hisoblanadi. U 2016 yilning dekabrida o‘tkazilgan saylovda «Milliy tiklanish» partiyasidan nomzod sifatida ishtirok etgandi.

Mavzuga oid