O‘zbekiston | 19:00 / 24.05.2019
11425
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda faoliyati qayta tiklangan saytlar o‘zgarishlarni qanday baholaydi?

YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezir tomonidan e'lon qilingan ayrim xorijiy axborot veb-resurslariga kirish imkoniyati cheklangani haqidagi ma'lumotni o‘rganib chiqqan O‘zbekistonning agentligi ayrim veb-resurslarning mamlakatda to‘laqonli ishlashiga sharoit yaratdi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonovning bayonotida ta'kidlanishicha, aniqlangan texnik nosozliklarni bartaraf etish borasida tegishli chora-tadbirlar ko‘rildi.

Shundan so‘ng, «Voice of America», «Amerika ovozi», «BBC Uzbek», «Deutsche Welle», «Amnesty International», «Human Righs Watch», «Reporters sans frontieres», «Eurasianet.org», «AsiaTerra», «Fergana Agency», «Centre1» va «Uzmetronom» kabi veb-resurslardan to‘liq foydalanish imkoni paydo bo‘ldi.

Kun.uz O‘zbekistonda faoliyatiga to‘sqinlik olib tashlangan veb-resurslar vakillari bilan muloqotda bo‘lib, ularning so‘nggi o‘zgarishlar haqidagi fikrini o‘rgandi.

«Ayrim saytlar faoliyatida kuzatilgan to‘siqlar olib tashlanishi mustaqillik yillari so‘z erkinligi borasida hukumat tomonidan tashlangan eng jiddiy qadam, deb bilaman. Bunga qadar, mamlakat rasmiylari tamoman teskari tamoyil bilan ishlagan — taqiq, yopish va to‘siq qo‘yishardi. Rahbarligim ostidagi sayt tahririyat siyosatini o‘zgartirmadi. Shunga qaramay, O‘zbekiston tomoni to‘siqlarni olib tashladi», — deydi Ts1 bosh muharriri Galima Buxarbayeva.

14 yil davomida O‘zbekistonda bo‘la olmagan Buxarbayevaning so‘zlariga ko‘ra, veb-resurslarga qo‘yilgan to‘siqlarning olib tashlanishi ko‘pchilikni xursand qildi, ammo buning uchun hukumat bilan muzokaralar olib borilmagan edi.

Ushbu so‘zlarni tasdiqlagan Bi-bi-si o‘zbek xizmati bosh muharriri Xayrullo Fayz ayni qadamni nafaqat bu nashrlar, balki O‘zbekiston uchun ham manfaatli bir amal bo‘lganini ta'kidladi.

«Bi-bi-si O‘zbek xizmatining bbc.com/uzbek sahifasi adashmasam o‘tgan yil yozidan beri ochiq edi, ammo bbcuzbek.com yopiq qolayotgandi. O‘ylaymanki, ayni qaror ortida turgan mulozimlar bu qadamni mamlakatga matbuot erkinligi qanchalar kerakligini anglab, ta'bir joiz bo‘lsa, ortga yo‘l yo‘qligini bilib qo‘yishgan. Umid qilamanki, O‘zbekistonda so‘z erkinligi yo‘lida hali harakatlar davom etadi. Bu yo‘lda qilinadigan ishlar talaygina», — deydi u.

O‘z jurnalistik qadriyatlaridan chekinmasligini ta'kidlagan, ayni paytda O‘zbekistonda to‘laqonli faoliyati uchun Tashqi ishlar vazirligiga qilgan murojaatlari samarasiz bo‘layotgan tahririyat rahbarlari akkreditatsiya berilishida ham ijobiy natijani kutishini bildirdi.

Veb-resursiga to‘siq olib tashlangan tashkilotlardan biri — Human Righs Watch vakili Stiv Sverdlov ham hukumat harakatini olqishlashini bildirdi.

«Nutq erkinligi, erkin matbuot va internet, aholining tanqidiy axborot bilan tanishishi O‘zbekiston mustaqilligidan buyon imzolab kelgan bir qator xalqaro hujjatlarda keltirilgan inson huquqlarining asosini tashkil etuvchi mezonlar hisoblanadi. Shunga qaramay, hanuz «Ozod Yevropa/Ozodlik» radiosi o‘zbek xizmati, Inson huquqlari bo‘yicha o‘zbek-nemis forumi, eltuz.org, avaaz.org va boshqa veb-resurslar faoliyatiga qo‘yilgan to‘siqlar olib tashlanmagan», — deydi u.

Aynan «Ozodlik» radiosi borasida yangragan savollarga munosabat bildirgan Komil Allamjonovning ta'kidlashicha, radioning ingliz tilidagi asosiy saytiga kirish imkoniyati tiklandi. 

«Agentlik «Ozod Yevropa radiosi / Ozodlik radiosi»ning o‘zbek xizmati jurnalistik etikaning umum qabul qilingan me'yorlariga zid ravishda faoliyat yuritayotganidan taassufda ekanini bildiradi.

«Ozodlik» tahririyatining noxolis va asosan ishonchsiz materiallarni nashr etishga qaratilgan bir yoqlama va yanglish siyosati jamoatchilik, umuman global auditoriyaning chalg‘ishiga sabab bo‘lib, bu vaziyat ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda. Bundan tashqari, ijtimoiy va maishiy masalalarga qasddan siyosiy tus berish, aldov yo‘li bilan ma'lumot to‘plash hamda audioyozuvlarni soxtalashtirish holatlari hayratlanarlidir», — deb yozgandi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘z bayonotida respublika hamda xorijiy ommaviy axborot vositalarini jurnalistikaning «vijdon kodeksi»ga rioya etishga va asoslanmagan fikrlar, mish-mishlar tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgandi.

Mavzuga oid