O‘zbekiston | 12:00 / 24.05.2019
69474
3 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilikda «militsiya» so‘zi butunlay ishlatilmaydigan bo‘ldi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlari himoya qilinishini ta'minlash bilan bog‘liq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2015–XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:

194-moddaning (Militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik):

nomidagi «Militsiya xodimining» degan so‘zlar «Ichki ishlar organlari xodimining» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

birinchi qismi dispozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Ichki ishlar organlari xodimining huquqbuzarlikni to‘xtatish, hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish, ichki ishlar organlariga borish yoki ko‘rsatilgan muddatda ichki ishlar organlarida bo‘lish to‘g‘risidagi qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik, transport vositasini to‘xtatish, jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish haqidagi qonuniy talablarini bajarmaslik yoxud ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablariga boshqacha tarzda bo‘ysunmaslik, xuddi shuningdek jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta'minlash vazifalarini amalga oshirayotgan boshqa shaxslarning qonuniy talablarini bajarmaslik»;

195-moddaning (Militsiya xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish):

nomidagi «Militsiya xodimlarining» degan so‘zlar «Ichki ishlar organlari xodimlarining» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

dispozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Ichki ishlar organlari xodimining o‘z vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarmaslikka omma oldida har qanday shaklda da'vatlar qilish, xuddi shuningdek ichki ishlar organlari xodimlariga ommaviy ravishda bo‘ysunmaslikni keltirib chiqarish maqsadida bila turib soxta uydirmalarni tarqatish»;

196-moddaning (Huquqbuzarlik sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish yuzasidan militsiyaning yozma taqdimnomalarini bajarish choralarini ko‘rmaslik):

nomidagi «militsiyaning» degan so‘z «ichki ishlar organlarining» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

dispozitsiyasidagi «militsiyaning» degan so‘z «ichki ishlar organlarining» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

199-moddaning (Maxsus xizmatlarni qasddan aldab chaqirganlik) dispozitsiyasidagi «Militsiya» degan so‘z «Ichki ishlar organi» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

242-modda (Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolati bo‘lgan organlar (mansabdor shaxslar) birinchi qismining (Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni) 4-bandidagi «(militsiya)» degan so‘z chiqarib tashlandi.

Mavzuga oid