Jahon | 14:30 / 24.05.2019
45818
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zim sevgan mamlakatga xizmat qilganimdan behad minnatdorman». Mey ko‘zda yosh bilan iste'foga chiqdi

Foto: AP Photo/Alastair Grant

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey 7 iyun kuni konservativ partiya rahbarligidan ketishini e'lon qildi. Uni iste'foga chiqishga Mey taqdim qilgan «Brekzit» bo‘yicha YeI bilan kelishuvdan norozi bo‘lgan partiyadoshlari, xususan Vazirlar Mahkamasi a'zolari majbur qilishdi. Bu esa Tereza Mey mamlakat bosh vazirligidan ham ketishi kerakligini bildiradi.

Mey xonim uning Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqish bo‘yicha taklif etgan rejalari qo‘llab-quvvatlanmaganidan afsusdaligini bildirgan. Dauning-stritdagi ehtirosli chiqishi vaqtida Mey xonim «Brekzit» tarafdorlari g‘alabasi bilan yakunlangan 2016 yilgi referendum natijalari bo‘yicha ishlarni yakunlash uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilganini aytib o‘tgan.

«Uch yil muqaddam britaniyaliklar o‘z tanlovlarini amalga oshirishgandi va prognozlarga qaramasdan, Yevroittifoqdan chiqishga qaror qilishgandi. Demokratik davlat o‘z fuqarolari tanlovini hurmat qilmog‘i lozim, men ham «Brekzit» amalga oshishi uchun barcha sa'y-harakatlarni qildim. Ammo men buni uddalay olmadim. Endi bu ish bilan yangi bosh vazir shug‘ullanishi kerak, uni Konservativlar partiyasi 7 iyunga qadar tanlashadi — men bugun lavozimimdagi oxirgi kunni o‘tkazaman. Mening izdoshim parlamentda kelishuvga erishishiga to‘g‘ri keladi, men esa bunga erisha olmadim. Ammo bu ish barcha tomonlar roziligisiz amalga oshmaydi. Uch yil ichida biz defitsitni qisqartirdik, davlat qarzini kamaytirdik, yangi ish o‘rinlari yaratdik va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni kuchaytirdik. Bu zamonaviy konservativ hukumat olib borgan ishlar samarasidir. Biz unutmasligimiz kerakki, buyuk kelajakka ega birlashgan davlatmiz. Men bu mamlakat tarixidagi ikkinchi ayol bosh vazir bo‘ldim, ammo oxirgisi emas. Men o‘zim sevgan mamlakatga xizmat qilish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan behad minnatdorman», degan Mey xonim.

U nutqini yakunlashga ulgurmasdan yig‘lab yuborgan.

Keyingi vaqtlarda Tereza Mey «Brekzit» jarayonini hal qila olmagani uchun hatto o‘zi yetakchisi bo‘lgan Konservativlar partiyasi tomonidan ham tanqidlarga uchrayotgandi.

Bi-bi-si ma'lumotiga ko‘ra, Mey xonim konservatorlar partiyaning yangi rahbarini tanlashmagunicha o‘z lavozimini bajarishda davom etadi.

21 may kuni Mey parlamentga «Brekzit» bo‘yicha yangi qonun loyihasini taqdim etgandi, unga ko‘ra qayta referendum o‘tkazilishi ko‘zda tutilgandi. Deputatlarning ko‘pchiligi bu loyihani ma'qullamadi.

Mey iste'foga chiqishi haqida 23 may kuni The Times nashri anons bergandi. Gazeta iste'foning sabablaridan biri sifatida hukumat YeIdan chiqish bo‘yicha kelishuvning yangi variantini qo‘llab-quvvatlamaganini keltirgandi, ammo Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Jyerem Hant Mey xonim yaqin vaqtlar ichida iste'foga chiqmasligini bildirgandi. Parlament Mey xonimning Brekzit bo‘yicha yangi taklifini ham rad etgan.

2018 yilning 15 noyabrida Buyuk Britaniya Vazirlar Mahkamasi YeIni tark etish bo‘yicha kelishuvni qabul qilgandi. 2019 yil 11 aprelida YeI va Buyuk Britaniya «Brekzit»ni 2019 yilning 31 oktyabriga qoldirishga kelishgan, Mey bu taklifni qabul qilgandi.

Mavzuga oid