Jahon | 17:45 / 01.06.2019
11563
2 daqiqa o‘qiladi

Milliarder Uorren Baffett yangi rekord o‘rnatdi

Foto: Scott Morgan / Reuters

Berkshire Hathaway kompaniyasi sohibi va dunyoning eng mashhur investorlaridan biri Uorren Baffett o‘zi bilan tushlik qilish huquqini rekord qiymatga sotishga muvaffaq bo‘ldi, deya xabar beradi Economic Times.

Ma'lum bo‘lishicha, o‘z shaxsini sir tutishni istagan boyvachcha Baffett bilan tushlik qilish huquqini qo‘lga kiritish uchun xayriya kimoshdi savdolarida 4,57 million dollar to‘lagan. Tushlikning o‘ziga xos jihati shuki investorga biznesga oid kelgusi rejalaridan tashqari har qanday savolni berish mumkin.

Ma'lumki, Uorren Baffett 2000 yildan buyon har yili o‘zi bilan tushlik qilish huquqini sotib keladi va tushgan mablag‘ni xayriyaga sarflaydi. Bu aksiya doirasida eng kam mablag‘ 2001 yilda 18 ming dollar to‘langan bo‘lsa, oldingi rekord 2012 va 2016 yillarda qayd etilgan – 3,45 million dollar.

Baffett nafaqat sayyoramizning eng badavlat odamlaridan biri (bugungi kundagi boyligi 81,5 milliard dollar), balki eng katta xayr qiluvchilarning yetakchisi hamdir.

Bundan oldin u o‘z boyligining 99 foizini hayotligida yoki vasiyati orqali xayriyaga sarflashini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid