Jamiyat | 16:20 / 01.06.2019
142357
27 daqiqa o‘qiladi

Tushdan qaytish. Uch xil intervyu orasidagi «Andijon voqeasi»

28 may kuni internetda andijonlik 35 yoshli tikuvchi ayol Xurshida Tillayevaning videomurojaati e'lon qilingach, bu mavzu haftaning asosiy voqeasiga aylandi. Ayol o‘z murojaatida aytishicha, unga mutasaddilar 16 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi vaqtida «O‘zbekiston 24» telekanali kamerasi qarshisida yangi uyli bo‘lgani haqida gapirishni tayinlashgan, u xursandchilik bilan bergan intervyu efirga uzatilgan. Ammo ayolga uy berilmagan. Shuningdek, davlat rahbariga «uy berilgan» deya ko‘rsatilgan boshqa ayollardan, Xurshida Tillayevaning hamkasblaridan ham uylar qaytarib olingan.

So‘nggi kunlar davomida turli nashrlar bu mavzuni turli rakurslardan yoritishdi va yoritishda davom etishmoqda. Kun.uz muxbirlari ham surishtiruv o‘tkazib, Andijondagi vaziyat tafsilotlarini o‘rgandi.

Intervyu tarixi

Xurshida Tillayeva Pushkin ko‘chasidagi eski uyda ikki farzandi, singlisi va uning farzandi bilan

Xurshida Tillayeva «O‘zbekiston 24» telekanali uchun bergan intervyusida Andijon shahri bilan chegaradosh bo‘lgan Xo‘jaobod tumanidagi Xidirsha massivida bunyod etilgan shaharchadagi shart-sharoitlar, o‘zi ham ikki farzandi bilan kottejlardan biriga ko‘chib o‘tgani haqida quvonib so‘zlagandi. So‘nggi vaqtlarda Andijon shahri markazidagi «Mustaqillik» MFY, Pushkin ko‘chasi umumiy hovlidagi onasining uyida istiqomat qilib kelayotgan bu ayol butun O‘zbekistonga prezident tomonidan uy sovg‘a qilingan baxtiyor ayol sifatida ko‘rsatildi.

16 may kuni «O‘zbekiston 24» telekanali efirida ketgan lavhada Xurshida Tillayeva uy egasi sifatida ko‘rsatildi.

Endi esa unga aslida kottej emas, o‘zining ish haqi hisobidan ko‘p qavatli uydan ikki xonali kvartira berilishi ma'lum qilinmoqda. Uning onasiga esa mahalla «Obod mahalla» dasturi doirasida buzilishi tufayli shahar tashqarisidan – Xidirsha massividan kottej berilgan.

Tikuvchilik sexi

Xurshida Tillayeva 2018 yilning sentyabrida tashkil etilgan «Mustaqillik tikuvchilik majmuasi» MChJ tikuvchilik korxonasida ishlaydi. Bu tikuvchilik sexi Andijon shahridagi buzilayotgan mahallalarda hech qanday kadastr hujjatlarisiz yashab kelayotgan, o‘sha hududdagi uylarda ijara asosida uzoq yillardan beri istiqomat qilib kelayotgan yoki bir xonadonda siqilib yashayotgan bir necha oila vakillari bo‘lgan ayollarni ish bilan ta'minlash maqsadida tashkil etilgan. Mazkur loyiha uysiz, ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga uyga pul yig‘ish imkoniyatini yaratish uchun yo‘lga qo‘yilgan.

Xurshida Tillayeva turmushi buzilganidan so‘ng ikki bolasi bilan onasining oldiga kelib, «Mustaqillik» MFY, Pushkin ko‘chasidagi umumiy hovlida yashay boshlagan. Bu xonadonda uning onasi Halima Tillayeva, nogironligi bor ukasi Oyatillo va singlisi Irodaxon bir farzandi bilan istiqomat qilib kelgan. Ya'ni, bir xonadonda uch oila. Onasining uy-joy uchun barcha hujjatlari mavjudligi sababli unga Xidirsha massividan kottej binosi ajratiladi. Singlisi onasiga ukasiga qarashda yordamchi sifatida oila bilan qoladigan bo‘ladi - Xurshidaning oilasi uchun esa alohida boshpana zarur edi. Yolg‘iz ona shuning uchun tikuv korxonasiga ishga kirgan.

Bu masala internetda ko‘tarilgach avvaliga dastlabki versiya sifatida «Xurshida Tillayeva hokimlik ko‘p qavatli uydan kvartira berganiga qanoat qilmasdan kottej istayotgani» aytildi. Bu versiya murojaatchining o‘z so‘zlariga asoslangandi.

Xurshida Tillayevaning uchinchi intervyusi

Xurshida Tillayeva onasi Halima Tillayeva bilan Xidirsha massividagi kottejda
30 may, «Mustaqillikning 27 yilligi» mahallasi

Xurshida Tillayeva muxbirning savollariga tushkun holatda javob berdi.

«O‘zbekiston 24» telekanaliga kottej egasi sifatida intervyu bergandim. Bolalarim bilan keng kottejda yashagim bor. Agar, ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilsam, menga ham kottej berishadi, deb o‘yladim. Xidirsha massivida qurilayotgan ko‘pqavatli uyga ishxonam tomonidan boshlang‘ich to‘lov to‘langani va kvartiramiz sentabr oylarida bitishidan xabarim bor», deydi u g‘amgin holatda.

Halima opa Tillayeva qo‘shimcha qiladi: «Qizim bilan munosabatlarimiz yaxshi. Ikkita farzandi bor. Alohida yashashni orzu qiladi. Kottej berilishiga ishonib qolgan ekan».

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix) 

Uning «O‘zbekiston 24» uchun bergan birinchi va telefon kamerasiga qarata bergan ikkinchi intervyusini ham eslaymiz. 

«Necha yilda uy qilarkanman deb o‘yimga yetolmasdim. Hozir esa tushga tushib qolgandekman, bu mo‘jiza bo‘ldi-da. Uy judayam chiroyli, ayol kishiga kerak bo‘lgan, ayol kishi orzu qilgan barcha narsalar bor. Judayam xursandman, men vatanli bo‘ldim. Prezidentimizga mingdan-ming rahmat. Dadam o‘tib ketgandi, lekin biz haqimizda qayg‘uradigan mehribon otamiz bor ekan. Bir umr duo qilib o‘tamiz», degandi u birinchi intervyusida.

«Men Tillayeva Xurshida, Andijon shahar, Pushkin ko‘chasi, 49-umumiy hovlida ikki nafar farzandim bilan yashayman. 2018 yil 22 sentyabrida ochilgan «Mustaqillik tikuvchilik majmuasi»da ishlab kelaman. Fabrikada ishlayotgan ayollar orasidan sharoiti o‘ta og‘ir, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni tanlab, 27 mart kuni Bog‘ishamoldagi kottejlarga olib borishdi. Bizga shu uylar sizlarniki deyishdi. Prezidentimiz kelgan kuni ham 24-kanal («O‘zbekiston 24» telekanali) muxbirlariga xursand bo‘lganimdan «shu uyga ko‘chib o‘tdim» deb aytdim. Lekin bizga «ko‘chib o‘tyapmiz» deb aytinglar deyishgandi. Hozir esa bu kottejlarni bizga berishmadi, uylarning boshqa egalari borligini aytishyapti. Sentabr oyidagi kvartiralardan beriladi deyishmoqda. Menga shu kottejlarni ko‘rsatishganida juda xursand bo‘lgandim. Menam yorug‘ kunlarga chiqarkanman, menam yorug‘ kunlarni ko‘rarkanman deb o‘ylagandim.

Endi shu bilan kattalarni ayblamoqchi emasman. Lekin vaziyatga aniqlik kiritilishini so‘ramoqchiman».

Bu esa Tillayeva ko‘zbo‘yamachilik qurboni bo‘lganini bilganidan keyin bergan ikkinchi intervyusi.

O‘z videomurojaati internetda shov-shuv bo‘lib ketgach, Xurshida Tillayevaning tinchi buzilgan – uning uyidan muxbirlar va mutasaddilarning oyog‘i arimay qolgan. U endi muxbirlarga berayotgan intervyularida butunlay boshqacha – videomurojaatidagi gaplariga teskari gapirmoqda va vaziyatni chigallashtirmoqda. U nega avvalgi gaplarini qaytarib olayotgani kattagina savol ostida.

Xurshidaning hamkasblari bergan ma'lumotlar
Ma'lum bo‘lishicha, Xurshida Tillayeva va u ishlaydigan tikuvchilik sexining yana 9 xodimiga kottejlar berilishi va'da qilingan, ammo yakunda 10 kishidan faqat bir kishi – Dilfuza Hojimatova kottejli bo‘lgan. Unga berilgan uyga Prezident Shavkat Mirziyoyev, viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov hamda viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Pazliddinovna Yunusova tashrif buyurgan.

Prezident, viloyat hokimi va uning o‘rinbosari Dilfuza Hojimatovaga berilgan uyda.
16 may, «Mustaqillikning 27 yilligi» mahallasi

Tillayeva bilan tikuvchilik sexida birga ishlaydigan hamkasblarining so‘zlariga ko‘ra, u «O‘zbekiston 24» telekanali uchun intervyu bergan kuni o‘ziga alohida kottej berilishiga ishongan. Chunki, u va yana 9 ishchiga Andijon shahar hokimligi tomonidan kottej berilishi aytilgan edi.

Natijada televideniye kamerasiga quvonch bilan chiroyli gaplarni so‘zlagan ayol bir hafta o‘tib, telefon kamerasiga butunlay boshqacha intervyu beradi.

Tsexdagi tikuvchilardan biri Jamilaxon Irisova vaziyatga oydinlik kiritadigan so‘zlarni ma'lum qildi.

«Bizning korxonada 63 nafar ayol ishlaydi. Shulardan 48 nafari aynan uy olishga mablag‘ yig‘ish uchun ishga kirgan. O‘zinglar ishlab topgan pul evaziga Xidirshadagi ko‘p qavatli uylardan uy beramiz deyishgan. Shartnomalar qilingan. Lekin 10 nafar ishchiga esa o‘sha yerdagi kottejlarni va'da qilishdi. Bunga oramizdan hech kim qarshimasdi. Xurshidaga ham kottej beriladi, deb aytishgandi.

Kottej olishi kutilayotganlar televideniyega chiqib intervyular berishdi. Qizlarimiz «kottejli bo‘ldik» deb rosa ishonib qolishgandi. Umidvor bo‘lib qolishgandi. O‘zingiz o‘ylang, butun O‘zbekistonga kottej egasi, deb ovoza qilishdi. Lekin umidvor bo‘lib qolgan Xurshida va boshqa kottej berilishi kutilayotganlarga xodimlar bo‘limi boshlig‘i Mavludaxon Nishonova «Yo‘q sizlarga kottej emas, ko‘pqavatli uylardan beriladi», deganidan keyin ular tushkunlikka tushib qolishdi. Biz ayniqsa Xurshida juda tushkun kayfiyatda qolganini ko‘rdik. Internetga alam-achchiqda so‘zlagani aniq. Chunki, u va'dalarga ishonib qolgandi», deydi u.

Tikuvchi ayollarning so‘zlariga ko‘ra, xodimlar bo‘limi boshlig‘i Mavludaxon Nishonova Xurshidaning nafsoniyatiga tegadigan gaplar aytgan ekan. O‘sha o‘n kishi ichidan bir kishiga – prezident bilan uchrashgan Dilfuza Hojimatovagagina kottej berilgach, Xurshida Tillayeva videomurojaat bilan internetga chiqqan.

Mavludaxon Nishonova Kun.uz muxbiriga Tillayeva Xurshidaxon Jabbor qiziga yangi uy uchun ish haqi hisobidan to‘lash yo‘li bilan 12 million so‘m o‘tkazilgani haqidagi to‘lov topshiriqnomasini ko‘rsatdi.

Ko‘rib turganingizdek, to‘lov topshiriqnomasida pul 22 may kuni o‘tkazilgani qayd etilgan. Xurshida Tillayeva televideniyega intervyuni 16 may kuni bergan, unga mo‘ljallangan namunali uy uchun boshlang‘ich to‘lov 22 may kuni o‘tkazilgan.

Demak, Xurshida chindan ham avvaliga ko‘p qavatli uydan kvartira emas, kottej olishi rejalashtirilgan bo‘lgan, deyishga asos bor.

Uy va'da qilingan boshqa ayollar

Andijon viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusova uy-joyga muhtoj ayollar bilan yangi uylarda
(2019 yil mart).

«Daryo» muxbiri ushbu holat yuzasidan jurnalistik surishtiruv o‘tkazib, boshqa aldangan ayollar bilan ham gaplashgan.

Ulardan biri, «Mustaqillik tikuvchilik majmuasi»da ishlovchi 30 yoshli Muyassar Rahimova 4 oy muqaddam viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusova unga va uy-joyga muhtoj yana bir necha kishi, jumladan Xurshida Tillayevaga ham Prezident sovg‘asi sifatida namunali uylardan berilishini ma'lum qilgani, aprel oyida u yangi uylar oldida «O‘zbekiston 24» telekanali uchun intervyu berganini ham aytib o‘tgan (bu intervyuni mana bu havola orqali ko‘rish mumkin).

«Bundan to‘rt oy avval Manzura Pazliddinovna 10 nafar haqiqiy uyga muhtojlarni o‘sha namunali uylarga olib bordi. Ular ichida mendan tashqari Xurshida, Dilfuza Hojimatova, Shohista Bakirova, Zulfiya opa, Xayriniso xola, Kamoliddin aka ham bor edi. O‘shanda Manzura opa «Prezidentimiz sovg‘asi bu sizlarga. Biz faqat buyruqni bajaryapmiz. Uylar sotilmaydi, ko‘ngilni to‘q qilinglar. Barcha qiyinchiliklar hali ortda qolib ketadi. Podshohning nazari tushib, uyli bo‘lyapsizlar», dedi. Biz esa uydan umid qilib, ishchi kiyimlar va postellar ishlab chiqaradigan «Mustaqillik» tikuvchilik sexida dam olish kunlari ham ko‘p pul topish maqsadida astoydil ishlashda davom etdik. Bu yerga oktabr oyida ishga kirganman. O‘shanda operatsiyani boshdan kechirganimga bir hafta bo‘lgandi. Maoshim o‘zimning hisobim bo‘yicha o‘rtacha bir million so‘m bo‘lishi kerak edi. Ammo kompyuterga buning yarmi tushardi. Ikki marta bolam kasal bo‘lganda ilojsiz 200 mingdan 400 ming so‘m va bir marta mukofot sifatida 100 ming so‘mni amallab oldim, xolos. Qolgan pullarimiz esa uy uchun o‘tardi. Mutasaddilar qistovi va xursandligimdan aprel oyida «O‘zbekiston 24» telekanali uchun intervyu ham berganman. Muxbirlar sexda ish qilayotganimni va biz uchun ajratilgan uy oldida mamnuniyat bilan gapirganimni s'yomka qilishgandi.

Prezident viloyatimizga kelgan kuni ertalab soat 08:00lar atrofida o‘sha uylarda yig‘ildik. Manzura opa «Ortiqcha gap-so‘z qilmaysizlar, rahmat aytinglar xolos. Uylar albatta beriladi sizlarga, faqat ko‘chayotganlaringizda o‘rni almashishi mumkin. Kayfiyatni buzmanglar», deya qattiq tayinladi. O‘zim adras ko‘ylak-lozim, farzandlarim ham chiroyli kiyinishi kerakligini aytishdi. Uyda bir so‘m ham mablag‘im yo‘qligi bois bir tanishimdan 500 ming so‘m qarz olib, bolalarim bilan kiyinib, yasandik. O‘sha kuni o‘zini Prezident qo‘riqchisi deya tanishtirgan bir aka menga berilgan uyga kirib, «Sizlarga bu uylar jihozlari bilan berilishi haqida topshiriq bo‘lgan. Qulluq bo‘lsin!», deb tabrikladi. Manzura opa Tanzila Norboyevaga (O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi) men, Xurshidaxon va Shohistaxon uchun yangi uylarning hujjatlari rasmiylashtirilayotganini aytayotganini eshitgach, ko‘nglimiz yanada yorishdi.

Prezidentni kuzatib, uyga qaytishimdan keyin hech qancha vaqt o‘tmay seximizning kadrlar bo‘yicha mutaxassisi Mavluda opa telefon qildi. «Muyassar, hammaga birma-bir aytib chiqdim. Senlarga uy berilganiga boshida ishongandim men ham. Ammo uy yo‘q ekan. Sizlar aktrisalik qilibsizlar», dedi. Uning bu gaplaridan shokka tushib qoldim. O‘sha kundan beri tinchim yo‘qoldi. Umidsizlikda yashash juda qiyin ekan.

Qizlik uyimda ikki xonada 15ga yaqin odam juda qiyin ahvolda yashaymiz. O‘z Vatanim bo‘lishini, bolalarim o‘qimishli bo‘lishini istayman. Hayot qiyinchiliklarini yengib, 3 farzandim uchun kurashishdan aslo ortga chekinmayman. Menga o‘sha namunali uylar oldida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan birini beramiz, deyishdi. Ammo ko‘nmayapman. Bizni shu paytgacha nega aldab kelishdi? Nima uchun Prezident kelib-ketgach, uyni yana qaytarib olishdi? Eshitishimcha, menga deb berilgan o‘sha yangi uy hozir xususiy bog‘chaga aylantirilibdi», degan u.

Tikuvchilik sexida ishlovchi Shohistaxon Bakirova esa Prezident maslahatchisi Tursinxon Xudoybergenov kelib, hokimlik vakillari oldida ishchilarga bunyod etilayotgan yangi uylardan berilishini aytgani, lekin oradan uch oy o‘tgach, shahar xotin-qizlar qo‘mitasidan Ravshanoy opa kelib, barchaning sexdagi pullari endilikda ko‘p qavatli uylar uchun o‘tishini ma'lum qilgani, undan ko‘p o‘tmay esa viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Pazliddinovna sex ishchilarini yangi uylarga olib borib, bittadan ajratib bergani haqida gapirgan.

Shohistaxon va Shirinxon aya Bakirovalar.
Foto: «Daryo»

«Men quvonib, Navro‘zdan so‘ng «O‘zbekiston 24» telekanaliga intervyu berganman. Ishonmasangiz, kanal arxividan izlasangiz, chiqib qoladi.

Xullas, Prezident namunali uylarga borgan kuni kechga yaqin u yerdan, ertasiga eski ijara uyimizdan haydaldik. Keyin Manzura opa bilan ko‘rishdik. Uning yordami orqali shu uyda vaqtinchalik yashayapmiz. Deyarli har kuni ijrochi ayollar kelishib, tezroq chiqib ketishimiz kerakligini aytishyapti. 22 may kuni Muyassar ikkimiz yig‘lab, birovlardan qarz-havola qilib Prezident portalidan yordam so‘rab, Toshkent sari otlandik. U yerda xodimlarga bor gapni aytdik va tashkilot raisining qabuliga yozilib qaytdik. Oy oxirida yana boramiz. Nega Prezident uyiga kirgan va suhbatlashgan ayol — Dilfuza Hojimatovaga uy berilyapti? U ham boshida biz bilan ro‘yxatda edi-ku. Oilamizga bermoqchi bo‘lgan ko‘p qavatli uylar avgustda bitarkan. Balkoni, kanalizatsiyasi yo‘q binoda keksa onam bilan qanday yashaymiz? Bizni nega aldashdi boshida? Shunga hayronmiz», — deydi Shohistaxon Bakirova.

Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi ko‘zbo‘yamachilik faktini tan oldi

«Gazeta.uz» nashri viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusova bilan gaplashgan.

Hokimlik vakili ham ayollar aldanganini tan olgan, faqat bu aldov ezgu maqsadlar yo‘lida qilingan go‘yoki.

U ayollarni ular yuqorida aytganidek chindan ham yangi uylarga olib borgani va ularga «bularning barchasi ular uchun ekani»ni aytganini tasdiqlagan.

«Biz «O‘zdaryotrans»dan ularning yuklarini tashib berishni so‘radik. Uylar ular uchun qurilganini aytdik. Biz ularni yanada yaxshiroq ishlashga ruhlantirish uchun shunday dedik», — degan u.

Viloyat hokimi nima dedi?

31 may kuni Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazdi va «kottej mojarosi»ga ham to‘xtaldi.

«Andijon shahrining «Mustaqillik», sobiq Pushkin MFYda 14ta ko‘cha bo‘lib, ularda 1539ta xonadonda 2256ta oila istiqomat qiladi. Mahalla 1920-1930 yillarda umumiy hovli shaklida barpo etilgani sabab bugungi kunga kelib, yaroqsiz holatga tushib qolgan. Aholi sonining ortishi natijasida bitta xonada bir necha kishi istiqomat qilishiga to‘g‘ri kelgan. Hatto omborxonalardan turar-joy sifatida foydalanayotganlar ham ko‘p. Shu bois mahalla ahlining yashash sharoitini yaxshilash, turmush tarzini shakllantirish,doimiy ish o‘rni bilan ta'minlash choralarini ko‘ra boshladik. 

Xo‘jaobod tumanining Andijon shahri bilan tutashgan qismida dastlab 226ta turar-joy binosi qurib bitkazildi. Ayni paytda davom etayotgan qurilishlar tufayli ularning soni 1000ta yetadi. Buning natijasida 2256ta oilaning 1000tasi namunali, arzon va barcha qulayliklarga ega bo‘lgan 2 sotixli hovli-joyga ega bo‘lishadi. Aholining qolgan qismi aynan shu yerda qad rostlayotgan ko‘p qavatli uylarga ko‘chib o‘tadi. Aytish, joiz barpo etilayotgan uylarning umumiy qiymati 75 million so‘mdan 85 million so‘mgachani tashkil etadi. «Mustaqillik» ko‘chasidagi uylarning erkin savdodagi narxi esa 4 million so‘mdan 55 million so‘mgachaligini inobatga olsak, aholi e'tiroziga o‘rin qolmaydi. Amaldagi tartiblarga rioya etiladigan bo‘lsa har bir xo‘jalikka bittadan uy qurib berishimiz ham mumkin edi. Biroq biz unday qilmadik. Mana shu xo‘jalikda nechta oila mavjud bo‘lsa, ularning barchasini alohida turar-joy bilan ta'minlashga qaror qildik. Oqibatda 2 sotixli hovli-joylar haqiqiy ro‘yxatda turuvchi fuqarolarga bepul qurib berildi. Bir hovlida istiqomat qiluvchi ikkinchi oila vakillari, ya'ni uy bekasining qizi yoki o‘g‘li esa ko‘p qavatli turar-joy binolariga ko‘chirilishi ko‘zda tutilgan. Aytish joizki, ularning aksariyati hatto ushbu hududda doimiy ro‘yxatda ham turishmaydi. Ana shunday fuqarolardan X.Tillayeva, M.Rahimova, Sh.Bakirova, X.Ermatova hamda M.Abduvaliyeva ham ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarga egalik qilish huquqini qo‘lga kiritgan va ular uchun ajratiladigan xonadonlarning dastlabki to‘lovlari «Mustaqillik tikuvchilik majmuasi» MChJ tomonidan oldindan to‘lab berilgan.

Umuman olganda, 46 nafar og‘ir sharoitdagi ayollar bilan 15 fevral kuni shartnoma tuzilgan bo‘lib, 596 mln. 700 ming so‘m dastlabki to‘lov uchun mablag‘lar o‘tkazib berilishi shakllantirilgan», — degan viloyat hokimi.

Bundan tashqari, u Tillayevaning onasidan tashqari opasiga ham kottej berilganini aytmoqda. Bu gap qayerdan paydo bo‘lib qolgani hozircha tushunarsiz.

Lekin bu mavzuning asosiy nuqtasi — hokimlik va «O‘zbekiston 24» telekanali prezidentga ko‘zbo‘yamachilik qilganida edi-ku?

Hokim esa avvalroq bir necha nashrlarda yozilgan versiyani dastak qilmoqda — «Xurshida Tillayeva onasiga berilgan uyda uning nomidan intervyu bergan va endi o‘zi ham kottej istamoqda».

Lekin bu versiya allaqachon o‘z vaznini yo‘qotdi.

Birinchidan, hokim o‘rinbosari Manzura Yunusova ayollar kottejlarga olib borilib, ularga bu uylar ular uchun deb aytilganini tasdiqladi. Bu Andijonda prezidentga ko‘zbo‘yamachilik qilinganini tasdiqlash demakdir.

Ikkinchidan, «Mustaqillik tikuvchilik majmuasi»da ishlovchi ayollardan biri Dilfuza Hojimatovaga boshqa hamkasblaridan farqli o‘laroq kottej berildi — demak tikuvchilik sexida ishlagan 10 ayolga kottej va'da qilingandi va ularning faqat bittasida kottej qoldirildi. Buni manfaatdor bo‘lmagan o‘nlab guvohlar — tikuvchilik sexi ishchilari tasdiqlashmoqda.

Muammo faqat Xurshida Tillayeva bilan bog‘liq emas - u kabi aldangan boshqa ayollar ham bor - ular uy olgani haqida yana o‘sha «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyular ham bor - buni o‘chirib yuborib bo‘lmaydi.

Uchinchidan, Xurshida Tillayevaning to‘lov topshiriqnomasi bo‘yicha tushunarsiz vaziyat yuzaga kelgan – unda to‘lov arzon namunaviy uy-joy, ya'ni kottej uchun qilinganini ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qishloq joylarda va fuqarolarning ayrim toifalari uchun arzon uy-joylar qurishni kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2018 yil 24 noyabrdagi PQ-4028 sonli qarorida arzon namunaviy uy joy va arzon kvartiralar alohida ko‘rsatilgan.

To‘rtinchidan, muhtoj xotin-qizlarga imtiyozli shartlarda uy-joy berish tashabbusi prezidentga tegishli. Viloyat hokimi esa bu borada olib borilayotgan ishlarni o‘z tashabbusi sifatida ko‘rsatmasligi kerak.

Vazirlar Mahkamasining 12.04.2018 yildagi 285-son qarori bilan arzon uy-joylarni berish tartibi tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, nogironligi bo‘lgan, kam ta'minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan onalar toifalariga mos keluvchi xotin-qizlar arzon uy-joylarni olishlari mumkin.

Viloyat hokimi esa «insoniylik nuqtai nazaridan» «Mustaqillik» mahallasidagi eski uylarda yashayotgan ayollarga yordam ko‘rsatish uchun ularni «Mustaqillik tikuvchilik majmuasi»ga ishga joylashtirib, «Qishloqqurilishinvest» MChJ bilan joriy yilning 15 fevralida tuzilgan shartnomaga asosan ish haqlari hisobidan ko‘p qavatli uylardan oladigan kvartirasi uchun boshlang‘ich to‘lov sifatida 12 million so‘mdan 15 million so‘mgacha, jami 596 million 700 ming so‘m mablag‘ o‘tkazib berilgani, shundan 94 million 759 ming so‘mi kvartira oluvchilarning ish haqi hisobidan, 431 million 641 ming so‘mi korxona foydasi hisobidan homiylik tarzida o‘tkazilganini pesh qilmoqda.

Lekin bu viloyat hokimining vallomatligi emas, uning prezident topshiriqlarini ijro etishidagi vazifalaridir.

Prezident shu yil martidagi videoselektorda ilgari surgan beshinchi tashabbus ham xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash masalalarini nazarda tutadi.

Bir yil muqaddam Prezident tomonidan «Andijon xalqi baxti» deya alqangan Shuhrat Qo‘shoqboyevich endi o‘z hududida prezidentga ko‘zbo‘yamachilik qilinishiga yo‘l qo‘yib berdi, uning matbuot anjumanida bergan ma'lumotlari vaziyatni yanada chalkashtirdi. Hokim ayollarni kvartira olishga rozi bo‘lmagani uchun noshukrlikda aybladi va ularni norozi qildi.

Viloyat hokimi matbuot anjumanida bu masala bo‘yicha savollarga javob qaytarganini aytdi va u bu mavzuga boshqa qaytmoqchi emas. Ammo unga hali ko‘p savollar bor.

Xurshida Tillayeva va uning hamkasblari holatida ko‘rinib turibdiki, ular vaziyat qurboniga aylanishdi. Ular aldov qurboni bo‘lishdi. O‘z haqqini talab qilib murojaat qilishganida esa turli bosimlarga uchrab, huquqlari buzildi. Axir u prezidentni «otam» deb chin dildan gapirgandi.

Ayni paytda viloyat hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruhi mazkur holatni o‘rganmoqda. Lekin bu masalaga respublika darajasida yondashilishi va haqiqat qaror topishi, aybdorlar aniqlanib, ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilar jazosini olishiga zarurat yuzaga kelgan.

Toki, bir yolg‘onni yopish uchun yolg‘on so‘zlashda davom etish qanday oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligi joylardagi barcha mutasaddilar uchun ibrat bo‘lsin.

Aziz Qarshiyev

Mavzuga oid