Jamiyat | 18:47 / 02.06.2019
50340
5 daqiqa o‘qiladi

Qaysi amallar insonni jannat sari yetaklaydi?

“Kun hadisi” dasturining bugungi sonida taqdim etiladigan hadis mazmuni “Jannatga eltuvchi amallar”, deb nomlanadi. Bu mavzu haqidagi hadisni Toshkent shahridagi “Xo‘ja Alambardor” masjidi imom-xatibi Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li sharhlab berdi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix) 

Muoz ibn Jabal (r.a) aytadilar: “Men Nabiy sallollohu alayhi vasallamga: “Ey Allohning Rasuli. Menga shunday bir amalni aytingki, u meni jannatga kiritib, do‘zaxdan uzoqlashtirsin”, dedim. Payg‘ambar alayhissalom: “Sen ulkan narsa haqida so‘rading. Biroq Alloh taolo oson qilgan kishiga osondir. Allohga biron bir narsani sherik keltirmasdan ibodat qilasan. Namozni to‘kis ado etasan. Zakot berasan. Ramazon ro‘zasini tutasan va Baytullohga haj qilasan”, dedilar. 

So‘ng Payg‘ambar alayhissalom aytdilarki: “Senga yaxshilik eshiklarini ko‘rsataymi? Ro‘za qalqondir. Sadaqa bamisoli suv o‘tni o‘chirganidek, gunohlarni o‘chiradi. Kishining tunda o‘qigan namozi ham yaxshilik eshiklaridandir”. So‘ng Rasululloh sallollohu alayhi vasallam quyidagi oyatni tilovat qildilar: “Ularning yonboshlari o‘rin-joylaridan yiroq bo‘lur. Ya'ni, tunlarni ibodat bilan o‘tkazib, oz uxlaydilar”. 

So‘ng aytdilarki: “Senga ishning boshi, ustuni va cho‘qqisi haqida xabar beraymi?”. Men: “Ha, Allohning Rasuli”, dedim. U Zot: “Ishning boshi Islom, ustuni namoz va cho‘qqisi jihoddir”, dedilar. 

“Senga mana shularning barchasining o‘zagi haqida xabar beraymi?”, dedilar. Men: “Ha, Allohning Rasuli, xabar bering”, dedim. Nabiy sallollohu alayhi vasallam tillarini ushlab: “Mana buningni tiygin”, dedilar. Men: “Ey Allohning payg‘ambari, biz gapirgan gaplarimizga ham javobgar bo‘lamizmi?”, dedim. U Zot: “Seni yo‘qlab onang yig‘lasin, axir odamlarni yuzlari bilan yoki burunlari bilan do‘zaxga qulatadigan narsa tillarning mevalari emasmi?”, dedilar. 

Imom Termiziy rivoyati.
Mana shu hadisning sharhida ulamolarimiz, muhaddislarimiz aytadilarki, ushbu hadisda Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam ummat najot topishi uchun qilishi kerak bo‘lgan bir necha amallarni sanab, ularni savob jihatidan bir-biridan farq qilishini aytib o‘tmoqdalar. 

Birinchidan, Islom ruknlarini ado etish. Inson men musulmonman deyishi bilan do‘zaxdan abadiy qutulib qolmaydi. Undan qutulish uchun Alloh farz qilgan amallarni bajarishi zarur ekan. Shu sababdan Nabiy sallollohu alayhi vasallam Allohni bir deb bilish va unga hech narsani sherik keltirmaslikdan tashqari, namozni barpo etish, ro‘za tutish, zakot berish va haj qilish kerakligini ta'kidlab o‘tmoqdalar.

Ikkinchidan, Nabiy sallollohu alayhi vasallam farz amallarni to‘kis ado qilgach, Alloh taolo muhabbatini qozonish uchun nafl va sunnat ibodatlariga e'tiborli bo‘lishga chaqirdilar. Nafl ro‘za oxiratda o‘z egasini do‘zaxdan to‘sadi. Bir kunlik tutilgan nafl ro‘za insonni do‘zaxdan yetmish yil uzoqlashtirar ekan. Sadaqa-ehsonlar gunohlarni o‘chirtirib, hojatlarni ravo qilib, insonning boshiga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday ko‘rinishdagi kulfatlarning daf bo‘lishiga sabab bo‘lar ekan. Tungi, ya'ni nafl namozlarni o‘quvchilar Allohning har kungi mehmoni hisoblanar ekan. Chunki har kuni tunda Alloh: “Hojatini so‘rovchi bormi, men kutayapman”, der ekan. Demak, kim nafsiga qarshi chiqib, shirin uyqusidan ajralib, tahorat olib, olamlar Robbisiga sajda qilib, nima so‘raydigan bo‘lsa, albatta, Alloh taolo berar ekan.

Mavzuga oid