O‘zbekiston | 02:13 / 11.06.2019
38983
3 daqiqa o‘qiladi

IIV: «Propiska talablari bo‘yicha Toshkent shahri va viloyati alohida hudud»

Bugun, 10 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari ishtirokida “Ichki ishlar organlarining migratsiya jarayonlari va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorining ijrosi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Asosan jinoyatchiliklar profilaktikasi va migratsiya masalalari muhokama qilingan tadbirda ma'lum qilinishicha, respublika bo‘yicha profilaktika inspektorlari soni 5867 nafardan 7228 nafarga yetkazilgan, ularning 7056 nafari imtiyozli kreditlar asosida avtomashinalar bilan ta'minlangan.

2019 yilning 5 oyi davomida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan jinoyatlar soni 30,4 foizga (17484tadan 12171 tagacha) kamaygan. Jumladan o‘ta og‘ir jinoyatlar 17,5, og‘ir jinoyatlar 25,1, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar 33, yoshlar tomonidan sodir etilganlari 38,3, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilganlari 29,2, ayollar tomonidan sodir etilganlar jinoyatlar 27,1 foizga kamayishiga erishilgan.

9093  ta mahalladan 67,1 foizida umuman jinoyat qayd etilmagan.

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbirining “ma'lumki Toshkent shahri va viloyatida propiska rejimini buzganlar jarimaga tortiladi. Xuddi shunday amaliyot respublikaning boshqa hududlarida ham amal qiladimi? Ya'ni Toshkent shahrida yashovchi fuqaro biror viloyatga borib, belgilangan muddat davomida ro‘yxatdan o‘tmasa, jarimaga tortiladimi?”-degan savoliga IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Badriddin Shorixsiyev shunday javob berdi:

— Toshkent shahri va viloyati alohida region. Bunday amaliyot boshqa hududlarda qo‘llanilmaydi va boshqa hududlarga borganlar jarimaga tortilmaydi.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkinki, respublikamiz bo‘yicha pasport rejimni buzganlik bo‘yicha 586 mingdan ortiq jarima choralari qo‘llanilgan, lekin bularning ko‘p qismi pasport yaroqlilik muddati o‘tgani, yo‘qotilgani kabi holatlar bilan bog‘liq.

Mavzuga oid