Sport | 14:20 / 12.06.2019
28230
17 daqiqa o‘qiladi

Baza. Terma jamoamizning so‘nggi o‘yinlariga nazar

Futbol jamoasini tayyorlashda ikki faktor juda muhim rol o‘ynaydi: taktika va strategiya. Taktika ko‘proq jamoa o‘yinini yaratish, uslubdagi bazaviy qadriyatlar, bog‘lamlar ustida ishlaydi. Strategiya esa ma'lum bir raqibga yoki turnirga mos ravishda, mavjud salohiyatdan kelib chiqib, eng samarali rejani ishlab chiqishdir.

Strategiya tuzishda raqibning ustunlik va kamchiliklari muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, jamoaning aynan bugungi holati, tarkibi va formasini ham hisobga olish muhim sanaladi. Mana shu ma'lumotlar asosida, bo‘lajak o‘yinda raqibni qurolsizlantirish, o‘z ustunliklaridan maksimal foydalanish, kamchiliklarni yopish ustida ish olib boriladi.

Taktika esa, biroz kengroq tushuncha. Bu jamoaning bazaviy poydevori bo‘lib, har kungi mashg‘ulotlarda, tayyorgarlik bosqichlarida rivojlantirib boriladi. Agar murabbiyning g‘oyasi futbolchilariga yaxshi «o‘tirsa», jamoa har qanday vaziyatda ham o‘sha poydevorga, bog‘lamlarga suyanishi mumkin. Ya'ni, jamoaning raqibdan, qarshilik darajasidan qat'i nazar, foydalanadigan qurollar majmuasi.

Dunyoda har ikki yo‘nalishning o‘z ustalari bor, ammo bu degani, yaxshi taktik murabbiy strategiyadan uzoq bo‘ladi yoki aksi, deb tushunmaslik kerak. Masalan, Pep Gvardiola uchun taktika muhim, lekin biz uning alohida muhim o‘yinlarga yoki raqiblarga qarshi ajoyib rejalar ishlab chiqishini ham yaxshi bilamiz. O‘sha mashhur klasikoda (6:2) chap qanot hujumchisi bo‘lgan Messini markazga olib, «Real»ni dovdiratib qo‘ygani ko‘pchilikning yodida.

Yoki strategiya dahosi sanalgan Joze Mourino jamoalarida ham asos bo‘lib xizmat qiladigan tizimlar bor. Tezkor vertikal qarshi hujumlar, ko‘pchilik «avtobus» deb ta'rif beradigan ikki qatorli himoyalanish – bu tizimlar Jozening ajralmas qismi va yuzidir.

Qay darajada ish berishi boshqa masala, lekin strategiyani ishlab chiqish osonroq – jamoani yangi qabul qilgan murabbiy bo‘lajak raqib va o‘z jamoasining so‘nggi o‘yinlarini va futbolchilarni yaxshilab o‘rganib, kerakli rejani ishlab chiqishi va qisqa muddatda muvaffaqiyatga erishishi mumkin. Taktika, uslubni singdirish esa, biroz qiyinroq, ma'lum vaqt va aniq yo‘nalishdagi mashg‘ulotlar lozim bo‘ladi.

Ektor Kuper o‘tgan yili bir qator o‘rtoqlik o‘yinlarida milliy jamoamizni maydonga olib tushganida, hatto Osiyo kubogida ham, undan ko‘proq strategik qarorlarni talab qildik. Chunki asosiy masala, futbolchilarga aniq natijalar orqali, ishonchni qaytarish va Osiyo chempionatida muvaffaqiyat qozonish edi. Bir-biridan farqli bo‘lgan o‘yinlarda, masalan, Ummonga qarshi ishonchsiz o‘yin ko‘rsatilganda ham, Avstraliya bilan uchrashuvda ataylab «ikkinchi rol» tanlanganda ham, bu natija uchun strategiya o‘laroq qabul qilindi. Kuper rejalari o‘xshasa, demak yutamiz, o‘xshamasa, yo‘q – masalaga shunday qaraldi va yangi murabbiyga nisbatan, balki eng to‘g‘ri yo‘l shu edi.

Ammo endi, to‘laqonli turnir va undan keyingi ikki yig‘indan so‘ng, nihoyat, biz Kuperdan taktikani, ya'ni, terma jamoamiz suyanishi kerak bo‘lgan ASOSni talab qilishga haqqimiz bor, deb o‘ylayman. Natijalardan, raqiblardan qat'i nazar, o‘yin kartinasida aynan mana shu asosni ko‘rsak, jamoa to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganiga yoki murabbiy belgilagan yo‘ldan to‘g‘ri ketayotganiga amin bo‘lamiz.

Endi, biz siz bilan «soatlarimizni to‘g‘rilab olgach», Kuperga savollar berishni boshlaymiz: xo‘sh, mana shu rakursdan qaraganda, milliy jamoamiz o‘yini qanday taassurot qoldirmoqda?

TAKTIKA VA STRATeGIYa UYG‘UNLIGI HOZIRChA SAMARASIZ

Kuper so‘nggi yig‘inda har ikki masala ustida bosh qotirgani shubhasiz. Buni men ikki jihatda ko‘raman: Shomurodov haqidagi matbuot anjumanidagi fikr va Quvondiq Ro‘ziyevning asosiy tarkibda harakat qilishi. Mana shu ikki qaror Kuperning rejalarini sal bo‘lsa-da, tushuntirgandek bo‘ladi.

Suriyaga qarshi o‘yindan so‘ng, matbuot anjumanida jurnalist savol berdi:

- O‘yinimiz asosan Shomurodov tomonga to‘pni yetkazib berishdan iborat bo‘lib qolmoqda?

Kuper bu savolga javoban, Eldor hozir juda yaxshi formada ekani va bundan albatta, foydalanish lozimligi haqida gapirdi. Odatda murabbiylarning matbuot anjumanidagi fikrlari va o‘yin haqidagi asl tasavvurlari farqli bo‘lishini ham hisobga olgan holda, baribir, xulosa qilsak, Ektor Kuper uchun bu o‘yinlarda natijaga erishish, gol urish ahamiyatli bo‘lganini ko‘ramiz. Ya'ni hujum tashkil qilishning boshqa variantlarini sinab ko‘rish, yangi bog‘lamlar ustida ishlash o‘rniga Eldorning yaxshi sport formasidan foydalanishni ma'qul deb bilmoqda. Axir bunday o‘yinlarda murabbiy uchun yagona imkoniyatdan foydalanib g‘alaba qozonishdan ko‘ra, o‘yin davomida ko‘plab vaziyatlar yaratib, yakunda gol ura olmaslik yaxshiroq bo‘lishi kerak emasmi? Chunki tayyorgarlikning asosiy mazmuni gol urish va o‘tkazib yubormaslik emas, vaziyat yaratish va raqibga vaziyat yaratishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lishi kerak, mening fikrimcha.

Chunki jamoada hujum tashkil qilish uchun bir necha variantlar bo‘lishi, ya'ni himoyalanish, o‘yinni nazorat qilish va vaziyat yaratishda o‘z ASOSlariga ega bo‘lishi juda muhim sanaladi. Axir ertaga Eldor yoki Jalol yaxshi sport formasida bo‘lmasligi yoki safdan chiqishi o‘yin kartinasiga qanday ta'sir ko‘rsatadi? O‘yinlarga ishlab chiqilgan STRATeGIYa ish bermay qolganda, jamoa suyanadigan asosiy TAKTIKA nimadan iborat? Afsuski, bu savollar javobsiz qolmoqda.

Va masalaning ikkinchi tomoni, Kuper faqat mana shu rejalariga suyanib qolmagani va o‘rtoqlik o‘yinlarda faqat g‘alaba qozonishni niyat qilmagani odamni xursand qiladi. Bu o‘sha Quvondiq Ro‘ziyevning asosiy tarkibda maydonga tushishidir.

BAAdagi musobaqada, barcha o‘yinlarda Javohir Sidiqov asosiy tarkibda harakat qilgan va Kuper jamoasining asosiy o‘yinchilaridan biriga aylangandi. U jarohat olgach, Kuper Sidiqovning maydondagi o‘rnini keyingi navbatda turgan yarim himoyachi bilan to‘ldirmay, aynan Sidiqovning o‘yin uslubiga juda o‘xshash harakat qiluvchi Ro‘ziyevni tanlashida ma'no bor. Tan olish kerak, hozirda autsayder jamoa tarkibida to‘p surayotgan Quvondiq, aytaylik, ancha tajrilabiroq bo‘lgan bir qator yarim himoyachilardan kuchli emas. Kuper esa, unga balki Sidiqovning vazifalarini yuklash orqali, jamoaning o‘sha ASOSini saqlab qolishga uringanini tushunish mumkin. Ya'ni, balki dekabr oyidan beri jamoa o‘yini qurilayotgan poydevor ustiga g‘ishtlar to‘g‘ri qo‘yilishini ta'minlash maqsadida, Quvondiqqa imkoniyat berilgan. Bu yerda tarkibning saviyasidan ko‘ra, ko‘proq, shakli saqlanib qolinishiga harakat qilingan. Ro‘ziyev o‘z darajasi uchun umuman boshqa saviyadagi o‘yinda maydonga tushganiga qaramasdan, o‘yinni buzib qo‘ymaganining sababi ham shu yerda – u maydonga aniq ko‘rsatma va vazifalar asosida tushirilgandi. Ya'ni, ikkinchi bo‘limlarda shunchaki, sinab ko‘rish uchun va epizodlar uchun tushirilgan boshqa nomzodlardan farqli holat edi.

Mana shu ikki nuqtai nazarni jamlasak, aslida Kuperning o‘zi ham, endigi faoliyatida milliy jamoamiz uchun asos yaratishga urinayotganini, lekin shu bilan birga, bu harakatlar hozircha naf bermayotganini tushunishimiz mumkin.

Terma jamoamiz to‘pni raqib maydoniga olib o‘tishda, uni saqlab turishda va eng ahamiyatlisi, o‘ylangan pozitsion hujumlarni tashkil qilishida qoniqarli darajani ko‘ra olmadik. Shimoliya Koreya va Suriya bilan o‘yinni ko‘z oldingizga keltiring: umumiy 6:0 hisobi qayd etilgan bo‘lsa-da, agar gollarni bir chetga sursak, o‘yinning o‘zida bir jamoaning ikkinchisidan bir bosh ustunligini payqamadim. Aytaylik, Turkiya bilan o‘yinda bu jihat yaqqol ko‘zga tashlangan, raqib hatto aralash tarkib bilan to‘p sursa-da, maydonning har yerida va o‘yinning har jabhasida boshqa saviya ekani sezilib turdi. Bu futbolchilarning individual harakatlarida emas, aynan murabbiy chizgilari – to‘p bilan va to‘psiz harakatlanish, sherigini qo‘llab-quvvatlash, to‘pni nazorat qilishda bilindi.

Darvoqe, aynan aralash tarkib deganda, bizda tarkibdagi o‘zgarishlardan so‘ng, o‘yin kartinasi umuman yo‘qolib qolganini, ko‘rishimiz mumkin. Masalan, Ahmedov va Shomurodov chiqib ketib, o‘rniga Sergeyev va Musayev tushirilganda, o‘yin saviyasi tushib ketmoqda – shu o‘rinda savol tug‘iladi: o‘yin kartinasi va rejasi aynan Ahmedov, Shomurodov yoki boshqalarning individual mahorati ustiga qurilgani isbotlanib qolmayaptimi? Aslida esa, tarkibda nafaqat o‘yinchilar, balki rollar ham almashishi, Masharipov rolini Aliboyev, Shomurodov vazifasini Sergeyev bajarishi kerak. Xo‘p, Sergeyev Shomurodov kabi mahorat bilan vaziyatdan foydalana olmas, ammo farq aynan o‘sha yerda ko‘rinishi kerak, ya'ni hech bo‘lmasa, Sergeyev uchun vaziyatlar yaratilishi shart.

ShUKUROV – MUHIM FIGURA

Bugungi milliy jamoamiz uchun, Kuper uchunam, Sidiqovdan ko‘ra, Shukurovning juda muhim figura ekanini so‘nggi o‘yinlar isbotladi. Hamrobekov ham, Musayev ham to‘psiz harakatlanganda, jismoniy ko‘rsatkichlari bilan juda foydali bo‘lishi mumkin, ammo aynan plastikasi, to‘pni nazorat qila olishi va eng muhimi, to‘pni raqib maydoniga olib o‘tishdagi ahamiyati nuqtai nazaridan Shukurovning o‘rni katta ekan.

Osiyo kubogida to‘p bilan eng ko‘p muomala qilgan, o‘yinda eng ko‘p ishtirok etgan va aniq paslarni amalga oshirgan futbolchi tarkibimizda Otabek Shukurov edi. Kuchliroq bosim ostida, ayniqsa, Avstraliyaga qarshi o‘yinda Shukurov jamoamizda eng yaxshi o‘yinchi bo‘lgandi. Ya'ni raqib tomonidan bosim kattaroq bo‘lganida, to‘pni saqlab qolish, markaziy himoyachilarimiz bilan bog‘lamlar orqali, o‘yin tempini boshqarishni hech kim u kabi amalga oshira olmayapti. Bu uchun Ahmedov orqaga qaytishga majbur bo‘lyapti va bu o‘z navbatida, hujumni davom ettirishda muammolar yaratmoqda. Odil orqaga qaytganda, oldingi chiziqda boshqa Odil yo‘q, Ro‘ziyev va Hamrobekov bu yo‘nalishda hali yetarli ishonch va tajribaga ega emas. Ahmedov hujumlarni Sayfiyev yoki Masharipov yordamida davom ettirishga majbur bo‘lyapti. Bu esa, birinchidan, o‘yinni raqib uchun bir xil va tushunarli qilib qo‘ysa, ikkinchidan, hujumning keyingi rivoji uchun variantlar kamaymoqda. E'tibor bersangiz, Odil aynan dribling orqali, maydon markazini bosib o‘tganida, hujumlarimiz xavfli tus olib, bir qator farqli variantlarga ega bo‘ldik. Shukurov esa, bu vazifaning yarmini o‘z zimmasiga olar va to‘pni oldinroqdagi Ahmedovga yetkazib berish bilan shug‘ullanardi.

Albatta, o‘ng qanotning oqsaganini, ya'ni Doston Hamdamovning yo‘qligi ham ta'sir qilganini e'tirof etish kerak. Natijada, aksariyat hujumlarimiz Masharipov tarafga tortib ketaverdi – bu esa, raqib vazifasini osonlashtirdi. Jaloliddinga qarshi doimiy ravishda ikki nafar himoyachi juda diqqatli to‘p surishi oqibatida, hujumdagi variantlarimiz yana o‘sha, yuqorida tilga olingandek, Shomurodovning mahoratiga tayanib qolaverdi.

DeNISOV USTIDAN ChIZILDIMI?

Vitaliy Denisov hali futbol faoliyatini yakunlagani yo‘q va hali ham O‘zbekiston fuqarosi sanaladi. Osiyo kubogi paytida Kuperning unga munosabati baribir biroz mavhum qolgan, lekin turnirdan keyin Denisov varianti doim borligini va kelajakda undan foydalanish mumkinligini murabbiyning o‘zi ta'kidlagandi. Lekin so‘nggi yig‘in bu variant balki hech qachon ko‘rib chiqilmasligi va balki Kuper davrida Denisov uchun eshiklar yopiq ekanini ko‘rsatgandek.

Osiyo kubogidagi qaror tushunarli: Kuper ayni o‘sha paytda va o‘sha musobaqa uchun Zoteyevni birinchi, Sayfiyevni ikkinchi tanlov deb bilgan. Denisovdan ko‘ra, bu ikki futbolchi samaraliroq deb bilish murabbiyning haqqi, bunga qarshi bo‘lish mumkin, ammo talab qila olmaymiz. Tushunarli.

Ammo shaxsan men uchun keyingi yig‘inlarda Denisovning yo‘qligi tushunarsiz. Chunki Zoteyev ishonchni to‘liq oqlolmadi, endi Sayfiyev varianti birinchi tanlovga aylandi. Bu yerda Sayfiyevning «Paxtakor» tarkibida mavsum boshida sezilarli o‘sishga erishgani bilan birgalikda, Zoteyevning pasayishi ham bor. Demak, mantiqan olganda, bunday paytda, ya'ni dastlabki tanlov ishonchni oqlamaganda, Denisov ham chaqirilishi va uch futbolchi ichidan ikkitasi tanlanishi to‘g‘riroq emasmi? Ya'ni gap konkret palladagi yoki aniq bir turnir pallasidagi holat emas, umumiy tayyorgarlik, nomzodlarning ko‘rib chiqilishi haqida borganda, hali ham yuqori saviyadagi chempionatda bo‘lib turgan futbolchini be'etibor qoldirishga qanday qarash mumkin?

Albatta, tarkibni murabbiy aniqlaydi, lekin ochiq ko‘rinib turilgan variantlar sinab ko‘rilmayotgani haqida fikr bildirish ham normal holat. Demak, Denisovning Osiyo kubogiga olib ketilmagani futbolchining yomonroq sport formasi sababli emas, balki Kuperning Denisovga nisbatan munosabatidan kelib chiqilgan qaror bo‘lganini taxmin qilish mumkin. Balkim Denisovning o‘yin uslubi Kuperning ASOSiy o‘yin tizimiga mos emasdir, balki xarakter jihatidan uning jamoada bo‘lishi muammo tug‘dirar, xullas, agar qandaydir kutilmagan voqealar chiqmasa, bundan keyin ham argentinalik mutaxassis Denisovni tarkibga jalb qilmasa kerak.

XULOSA

Agar terma jamoamizni maqola boshida o‘zimiz uchun asos qilib olgan o‘lchovlar yordamida tahlil qiladigan bo‘lsak,

Ha, Kuper jamoa poydevorini yaratish, bazaviy qadriyatlar va tarkibni rivojlantirish yo‘lida ish olib bormoqda, ammo hozircha, bu harakatlar u qadar samara keltirmayotganini ham tan olishimiz kerak. Terma jamoa klubdan farqli ravishda, yetarli vaqtga ega emasligi, ba'zi sistematik o‘yinchilarning jarohati bugungi vaziyatda Kuperning himoyasiga ishlatilishi mumkin bo‘lgan javoblardir. Ammo...

Har qanday jamoa ma'lum bir reja va ko‘rsatmalar asosida o‘yinlarga tayyorlanadi. Har qanday strategiyada futbolchilarning individual mahorati ham ahamiyat kasb etadi. Ba'zida Shomurodov, ba'zida Masharipov yoki Ahmedov, ba'zida raqib xatolari ham bizga o‘yinlarni yutib berishi mumkin. Kuper alohida o‘yinga juda yaxshi reja tayyorlashi va bu ish berib, ajoyib natijaga ham erishishimiz ham mumkin.

Ammo har qanday jamoada aniq rejalarning ishlamay qolishi, futbolchilarning o‘yini qovushmasligi, vaziyatlardan foydalanish yuqori ko‘rsatkichlarda bo‘lmasligi mumkin. Bunday holatlarda jamoa o‘zining bazaviy quroliga – boshqacha aytganda, avtomat darajasida shakllangan o‘yin qismiga ega bo‘lishi kerak. Ana o‘sha o‘yin jamoani qutqaradi, qiyin vaziyatlardan olib chiqib ketadi, har qanday holatda ham ma'lum bir saviyadan pasayib ketmaslikni ta'minlab beradi, yetakchilarning ahamiyatini pasaytiradi, yangi qo‘shilgan futbolchilarga ishonch beradi.   

Muhim saralash musobaqalari oldidan Kuper oldidagi eng asosiy vazifa mana shu, menimcha.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid