Light | 12:00 / 18.06.2019
26042
13 daqiqa o‘qiladi

50 maslahat: samarali ishlash uchun buni o‘qing

Layfxaker kuchni muhim ishlarga yo‘naltirishda yordam beradigan barchaga ma'lum va kutilmagan usullar bilan o‘rtoqlashdi.

Vaqt va vazifalarni boshqaring

Foto: Layfxaker

1. Vaqtni sekinlashtiring

Odatda bir daqiqada 12 tadan 15 tagacha nafas olamiz. Agar chuqurroq nafas olinsa, vaqtni qabul qilishni «sekinlashtirish» mumkin. Buning uchun diafragma va qorin mushaklarini ishga solgan holda nafas oling. Ish kunining boshi, murakkab vazifaga kirishishdan oldin yoki asabiylashganda 7-9 marta ana shunday chuqur nafas oling.

2. Keyin qayta ishlamaslik uchun ishni sinchkovlik bilan tekshiring

«Yetti o‘lchab, bir kes» maqoli yodingizdami? Barini to‘g‘ri bajarganingizni ikki marta tekshiring. Ana o‘shanda xatolarni to‘g‘rilash uchun vaqt sarflamaysiz.

3. Televizorni kamroq ko‘ring

Agar film, serial va boshqa ko‘rsatuvlar uchun sarflagan vaqtimizni qo‘shib hisoblasak, yillar hosil bo‘ladi. Axir tomosha qilish uchun ko‘rsatuvlarni tanlash, keyin esa ularni muhokama qilish uchun ham vaqt ketadi. Yaxshisi uni biror foydali narsaga sarflang.

4. Erta uyg‘oning

Bu sizga ish oldidan ko‘proq vaqt beradi. Xabarlarga javob berish va kunni rejalashtirish yoki o‘zingizga vaqt ajratish mumkin: kitob o‘qish va sport bilan shug‘ullanish.

5. Vaqt kundaligini yuriting

Bir necha oy davomida vaqtingizni nimaga sarflayotganingizni qayd eting.  Vaqt qaysi paytlarda bekorga sarflangani, qaysi tanaffuslar ayniqsa samarali ekanini payqaysiz.

6. Kutish vaqtini foydali o‘tkazing

Navbat kutish vaqtida maqola o‘qish, pochtani tartibga keltirish, muhim hujjatning qoralamasini yozish mumkin.

Foto: Layfxaker

7. Barini boshingizda saqlamang

Ishlar, xaridlar va ijodiy g‘oyalar ro‘yxatini qog‘ozga tushiring. Ana o‘shanda ular sizni ishdan chalg‘itmaydi. Ularni boshingizda saqlashga harakat qilib, o‘zingizga ortiqcha zo‘riqish yaratasiz.

8. Kelajakda vaqtni tejash uchun bir marta biroz vaqt ajrating

Bu qoidani barcha narsalarga nisbatan qo‘llash mumkin. Kechki ovqatni pishirayotganda ikkita porsiyaga ko‘proq tayyorlab, muzlatgichga solib qo‘ying. Foydalanganingizdan keyin har safar rakovina va dush kabinasini arting. Ana o‘shanda dam olish kunlari ularni tozalashga ko‘p vaqt sarflamaysiz.

9. Qarorlarni tezroq qabul qiling

Ikkilanish, plyus va minuslarni o‘lchashga ketadigan vaqtni haqiqatan ham muhim bo‘lgan biror narsaga sarflash mumkin. Shunday ekan, qaror qabul qilib, olg‘a harakatlaning.

10. Vazifalar ro‘yxatini boshqaring

Odatda ro‘yxatdan bajargan ishlarimiznigina o‘chiramiz. Biroq aniq ulgurmaydigan ishlarni ham o‘chirish kerak, aks holda ro‘yxat kattalashib, sizga bosim o‘tkaza boshlaydi.

Foto: Layfxaker

11. Bir-biriga o‘xshash vazifalarni guruhlarga biriktiring

Masalan, bir kunni tozalash va boshqa uy ishlariga ajrating. Boshqa kunni esa majlisga, yana boshqasini – kontent yaratishga bag‘ishlang.

12. Uzoq xabarlar yubormang

Qisqa va tushunarli bo‘lsin: ko‘pgina xabarlarni beshta gap bilan bayon etish mumkin.

13. Jadvaldan ayrim narsalarni chiqarib tashlang

Juda ko‘p narsani zimmangizga yuklab olgan bo‘lsangiz kerak. Kalendarga qarang, nimadan voz kechish mumkinligi haqida o‘ylang. Masalan, maqsaddan uzoqlashtiradigan ishlar, ko‘p kuch oladigan vazifalar va hayot tarzingizga mos kelmaydiganlar.

14. Ko‘p vazifaga egalikdan voz keching

Bir ishdan boshqasiga o‘tganda sekinroq ishlaysiz va ko‘proq charchaysiz. Bitta vazifani tanlang va unga bor diqqatingizni qarating.

Samaradorlik uslublarini sinab ko‘ring

15. Pomodoro texnikasini o‘zlashtiring

25 daqiqa ishlab, besh daqiqa tanaffus qiling. Ishlash vaqtida hech narsaga chalg‘imaslikka harakat qiling, tanaffusda esa dam oling. 

16. Zanjir usulini qo‘llang

Kalendarda belgilangan vazifalar yoki katta ishni bajarishga muvaffaq bo‘lgan sanalarni o‘chiring. Bir necha kundan keyin siz uzishni istamaydigan zanjir hosil bo‘ladi.

17. Ikki daqiqa qoidasini e'tiborga oling

Agar vazifani ikki daqiqa yoki undan kam vaqt davomida bajarish mumkin bo‘lsa, bajaring va ortga surmang. Get ThingsDone tizimi asoschisi Devid Allen ana shu qoidani qo‘llaydi.

Foto: Layfxaker

18. «Majburman, bajarishim shart, istayman» usulini odatga aylantiring

Har kuni tongda o‘zingizga uchta savol bering. Ishga maksimal hissa qo‘shish uchun nima qilishga majburman? Kelajagimni yaxshilash uchun nima qilishim shart? Kunni huzur bilan yashash uchun nima qilishni istayman?

19. Parvoz rejimiga kirishga harakat qiling

Tasavvur qiling, samolyotdasiz va hech nimaga chalg‘imaslik uchun internetni o‘chiring. Bir soat davomida yaxshilab kirishib, 2-3 soatlik oddiy vaqt o‘tkazishga qaraganda ko‘proq ish bajarish mumkin.

20. Ultradian sur'atlarni hisobga oling

Bu organizmning tabiiy biosur'atlari bo‘lib, har 90-120 daqiqadan takrorlanadi. Quvvatingiz ortishi va tushishini kuzating. Ana o‘shanda murakkab vazifalar va qachon tanaffus uyushtirish kerakligini rejalashtira olasiz.

21. Majlissiz kunlar tashkil eting

Haftasiga bir kunni asosiy ishga bag‘ishlang. Bu kuni yig‘ilishlarga chalg‘imaysiz. Agar shaxsan o‘zingizda buning uchun vakolat bo‘lmasa, g‘oyani rahbaringizga taklif eting.

22. Yakshanba tekshiruvini o‘tkazing

Jamoangiz bilan xabarlashib, dushanbaga hamma narsa tayyor ekaniga ishonch hosil qiling. Yoki o‘zingiz uchun qisqa tekshiruv o‘tkazing. Hafta uchun reja mavjudligi, hech narsani unutmaganingizga ishonch hosil qiling.

O‘z-o‘zingizga diqqatni jamlashda yordam bering

23. Xabarnomalarni o‘chiring

Muhim vazifa ustida ishlayotganingizda pochta va ijtimoiy tarmoqlarga chalg‘imang. Xabarlarni tekshirish va ularga javob berish uchun alohida vaqt ajrating.

24. Sizni chalg‘itishlari mumkinligini hisobga oling

Busiz iloji yo‘q, shuning uchun ish jadvalida bo‘sh joylarni qoldiring. Ana o‘shanda asabiylashmaysiz.

25. So‘nggi muddatni oldinga surib qo‘ying

Agar vazifani bajarish uchun bir soat zarur deb hisoblasangiz, dedlaynni 40 daqiqadan keyinga belgilang. Tezroq ishlashga to‘g‘ri keladi, demak tashqi narsalarga chalg‘imaysiz.

26. Bekor bo‘lgan vaqtlarda bajariladigan ishlar ro‘yxatini tuzing

Masalan, stolni tartibga keltirish, hujjatlarni saralash, sohangizga oid yangiliklarni o‘qish.

Foto: Layfxaker

27. Bajarish kerak bo‘lmagan ishlar ro‘yxatini tuzing

Unga ko‘p vaqt oladigan va samaradorlikka xalaqit qiladigan zararli odatlarni kiriting. Bu ro‘yxat doim ko‘z oldingizda tursin.

28. Parollar menejyerini qo‘llang

Ana o‘shanda pochta qutisining parolini eslash yoki saytga kirish uchun ma'lumotlarni tiklashga vaqt sarflamaysiz.

Quvvat oling

29. To‘g‘ri ovqatlaning

Fastfud, shirin va tez uglevodlarni chetlab o‘ting. Ular oz vaqt uchungina quvvat beradi. Tarkibida kletchatka bo‘lgan mahsulotlarni tanlang.

Foto: Layfxaker

30. Sport bilan shug‘ullaning

Bu jismoniy salomatlikni mustahkamlab, yaxshi kayfiyat beradi. Biroz erta uyg‘onish, yugurishga chiqish va yoga bilan shug‘ullanishga harakat qiling.

31. Kofein qabul qilish vaqtini hisobga oling

Kofein organizmga tushganidan taxminan 40 daqiqa o‘tgachgina ta'sir qilishni boshlaydi. Shunday ekan, qahva va choyni ishga kirishgandan keyin emas, avvalroq iching.

32. Meditatsiya qiling

Bu sizni tinchlantiradi va e'tibor qaratish ko‘nikmasini rivojlantirishda yordam beradi. Eng oddiy usuldan boshlang – ko‘zlarni yuming va diqqatni nafasga qarating.

33. Xonada maqbul haroratni tanlang

Agar juda issiq va sovuq bo‘lsa, samarali ishlolmaysiz. Ko‘pchilik uchun eng qulay harorat - 21–22 ℃.

O‘zingizni to‘g‘ri sozlang

34. Istalgan natijani oldindan aniqlang

Biror kimsaga qo‘ng‘iroq qilish yoki ishga kirishishdan oldin ana shu harakat natijasida nimaga erishmoqchi ekaningiz haqida o‘ylang. Keyin esa kutilgan natijaga erishgan yoki erishmaganingizni baholang. Agar yo‘q bo‘lsa, nima noto‘g‘ri bo‘lgani, uni qanday to‘g‘rilash mumkinligi haqida o‘ylang.

35. O‘sish tafakkurini rivojlantiring

Ishoning, kerakli ko‘nikmalarni rivojlantirib, yaxshiroq odamga aylanishingiz mumkin. Barcha qiyinchiliklarga biror yangi narsa o‘rganish imkoniyati sifatida qarang. Ana shuni o‘sish tafakkuri deyiladi.

Foto: Layfxaker

36. Hafta yakunida kelasi haftaga tayyorlaning

Pochtani tartibga keltiring va barcha hal etilmagan masalalarni yechishga harakat qiling. Ish stolini tozalang. Kelasi hafta uchun ishlar ro‘yxatiga ko‘z tashlang. Ehtimol, ularni anchadan beri ortga surib kelinayotgan ishlar bilan almashtirarsiz.

37. Shukronalik kundaligini yuriting

Har kuni kechki payt bugungi kun uchun uchta shukronalikka sabab bo‘ladigan narsani kiriting. Bu hayotdagi imkoniyat va ijobiy jihatlarni ko‘rishda yordam beradi. Agar uchta narsa chiqmasa, bittasini batafsil yozing.

38. «Yo‘q» deyishni o‘rganing

Ko‘pchilik yangi majburiyatlarni rad etolmaydi, biroq ana shunday qilish kerak bo‘lgan fursatlar bo‘ladi. Aks holda o‘zingizni yonish holatiga olib borasiz.

39. Dam olish uchun o‘zingizga vaqt bering

Masalan, dam olish kunlari telefonni o‘chirish va kechki vaqtlarda ish bo‘yicha qo‘ng‘iroqlarga javob bermaslikni odat qiling. Ayrim hollarda ish bilan bog‘liq narsalarni unutib, kuchga to‘lish kerak bo‘ladi.

40. Jarayonli maqsadlarni belgilang

Bu katta maqsad yo‘lida amalga oshirish kerak bo‘lgan harakatlar. Masalan, agar savdolarni 25 foizga oshirishni istasangiz, jarayonli maqsadingiz – kuniga muayyan miqdordagi istiqbolli mijozlarga qo‘ng‘iroq qilish bo‘ladi.

41. Xatolarni tan oling va olg‘a harakatlaning

O‘z-o‘zingizni ayblash bilan shug‘ullanmang. Xatolardan xulosa chiqaring va yashashda davom eting.

Ish jarayonini tashkil qiling va ustuvorliklarni belgilang

42. Juda ko‘p ilovalardan foydalanmang

Hozirda samaradorlikka yordam beradigan kalendar, treker va boshqa yordamchilar juda ko‘p. Agar ularning baridan bir vaqtning o‘zida foydalansangiz, hayotingizni murakkablashtirasiz. Shuning uchun eng keraklilari bilangina cheklaning.

43. Kalendaringiz doim ochiq holda bo‘lsin

Ana o‘shanda majlislarni rejalashtirish va hamkorlikdagi dedlaynlar haqida unutmaysiz. Oilaviy kalendarni ham yuritish mumkin. Unda umumiy tadbirlar va uy vazifalari qayd etiladi.

44. Kuniga uchtadan ortiq vazifani rejalashtirmang

Ishlarning uzun ro‘yxati samarali emas: bir kunda juda ko‘p vazifani bajarishga kuchingiz yetmaydi. Eng muhim uchtasini belgilang, qolgan vaqtni esa mayda ishlarga bag‘ishlang.

45. Yoningizda doim qog‘oz va ruchka bo‘lsin

Agar ish vaqtida miyangizga foydali fikr kelsa, uni yozing va muayyan muddat davomida u haqida unuting. Miyada ushlashga harakat qilib, chalg‘ishni boshlaysiz.

46. Ish jadvaliga yo‘l va dam olish uchun ketadigan vaqtni ham kiriting

O‘ta tig‘iz ish jadvalini tuzmang. Deyarli har doim turli o‘zgarish va kutilmagan vaziyatlar bo‘ladi. Buni kun uchun tuzgan rejangizda hisobga oling.

47. O‘zingizga ustoz toping

U sizga maslahatlar berishi, yo‘lingizda turgan xatolar haqida ogohlantirishi mumkin.

48. Katta maqsadga e'tibor qaratib, qotib qolmang

Mayda qadamlar bilan davom eting. Birinchi navbatda bajarish kerak bo‘lgan ishga diqqatni qarating. Aks holda ish hajmi sizni qotirib qo‘yadi va vaqtni bekorchi narsalarga sarflashni boshlaysiz.

Foto: Layfxaker

49. Perfeksionizm haqida unuting

Ideal mavjud emas. Bu tasavvuringiz mahsuli. Ishni yaxshi bajaring va keyingisiga kirishing.

50. O‘zingizni rag‘batlantiring

Maqsadga erishganlik yoki muhim bosqichdan o‘tganlik uchun mukofot ishtiyoqni oshiradi yoki kayfiyatni yaxshilaydi. Muhimi, o‘zingizni shirinliklar bilan mukofotlamang – yaxshisi tinchlantiruvchi massajga boring.

Mavzuga oid