Sport | 13:30 / 18.06.2019
30889
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Mishel Platini hibsga olindi

UYeFAning sobiq prezidenti Mishel Platini JCh-2022 mezbonligini aniqlashda korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgani bo‘yicha ish doirasida Fransiyada qo‘lga olindi. Bu haqda suddagi manbalariga asoslangan holda Mediapart nashri xabar bermoqda.

63 yoshli sobiq futbolchi va sobiq amaldor Nanterredagi aksilkorrupsiya boshqarmasiga olib kelingan.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, sobiq amaldor 18 iyun kuni hibs qilingan. Tekshiruv doirasida fransuz siyosatchisi, Nikolya Sarkozi prezidentligi vaqtida hukumat tarkibida bo‘lgan, Yelisey saroyining sobiq bosh kotibi Klod Gean ham so‘roq qilingan.

Ma'lumot uchun, 2010 yilning dekabrida FIFA ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi qaroriga ko‘ra 2022 yilgi jahon chempionati mezbonligini Qatar qo‘lga kiritgan. O‘sha vaqtdayoq ingliz matbuotida ushbu jarayonda korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgani ehtimoli bo‘yicha tekshiruvlar chiqa boshlagandi. Xabarlarda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan ayrim amaldorlar Qatar vakillaridan 5 million dollar miqdorida pora olingani aytilgandi.

FIFA mustaqil komissiyaga ushbu ishni tekshirishni topshirgandi. 2014 yilda bu ishda korrupsion kelishuvni isbotlovchi dalillar topilmagani e'lon qilingandi.

1980-yillarda jahonning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lgan, 1984 yilgi Yevropa chempionati g‘olibi Mishel Platini UYeFAga 2007 yilda rahbar bo‘lgan, 2015 yilda FIFAning sobiq rahbari Yozef Blatter bilan birgalikda 6 yil muddatga futboldan chetlatilgandi. Keyinroq bu muddat 4 yilgacha qisqartirilgandi.

FIFAning tartib-intizom bo‘yicha qo‘mitasi qarori 2011 yilda Blatter tomonidan Platini nomiga 2 mln dollar o‘tkazib berilgani munosabati bilan chiqarilgandi. Platini va Blatter esa bu o‘tkazma maosh sifatida mutlaqo qonuniy bo‘lganini aytishgan va barcha ayblovlarni rad etishgandi.

Iyun oyi boshida Platini shu yilning oktyabrida 4 yillik taqiq tugashi munosabati bilan futbolga qaytishini ma'lum qilgandi. Bu haqda New York Times muxbiri UYeFAning sobiq rahbari bilan uchrashuvdan keyin aytgandi.

U nashr muxbiriga o‘z nomini butunlay oqlash niyatida ekanini bildirgandi. Uning advokatlari 4ta sud instansiyasi, shu jumladan - inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga murojaat qilishgan.

Mavzuga oid