Jamiyat | 17:20 / 18.06.2019
30343
6 daqiqa o‘qiladi

«Sergelimas, «Probkali». Yana Toshkent yo‘llaridagi tirbandliklar haqida

2019 yil. May. Bahorning so‘nggi kunlarini kuzatayotganimizga qaramasdan jazirama issiq, yozdan qolishmayapti. Yuniformadagi kishi, yelkasiga doka ro‘molini qo‘yib tong sahardan ish boshlashga hozirlanib turibdi. 12 yildan beri «Do‘stlik 2» - «Qoraqamish 2/5» yo‘nalishida qatnaydigan 131-avtobus haydovchisi, bugun hech qanday favqulodda vaziyat bo‘lmasa o‘rtacha 12-15 marta yo‘l qatnovini amalga oshirishi kerak. Chunki bola-chaqasining noni uning «plan»ni bajarishiga bog‘liq. Eh, ishqilib tirbandlikka uchrab vaqt yo‘qotmasin-da.

Uzoq o‘tgan zamondan beri esa Sergeli tumanida avtomobillar tirbandligi kamina yuqorida ta'kidlab o‘tgan favquloddagi vaziyat emas, balki kunda odamlarni «qonini qaynatadigan» muammo. Balki, ko‘pchilik kunning «pik» paytida ko‘p yo‘llarda «probka» balosi bo‘lishini aytib, pinagini buzmas. Lekin bu yerda «Sergeli moshina bozori» degan dong‘i ketgan hudud borki, changalidan eson-omon chiqib olsangiz marra sizniki!

Tonggi, kunduzgi, kechki paytda avtomashinalar serqatnov bo‘lib, yo‘lda ana shunday tirbandliklar kuzatiladi. Biroq Sergeli «probka»lari vaqt tanlamaydi. Yo‘lda bitta yengil avtomashina ishdan chiqsa yoki bahaybat yuk tashish mashinalari eshilib o‘rnashib olsa, yana o‘sha eski tos boshlanadi.

«Tirqish»lar oralab uyga tomon yo‘l

Kattalar asab tolalari uzilib-uzilib bo‘lsa ham amallab chidab turishadi, lekin agar go‘dagingiz bilan yo‘lda tirbandlikda qolib ketsangiz, sabr bersin. Axir chaqaloqni soatlab qanday aldab turasiz? Achinarlisi, hatto tez tibbiy yordam mashinalari ham sirenalar kuchi bilan «o‘rgimchak to‘ri»dan qutulib chiqib keta olmaydi. Mashina ichidagi bemorning holati esa...

Sergelida tirbandlik bir emas, ikki joyda, asosan, Yangi Sergeli ko‘chasining xalq tilida O‘zgarish temiryo‘l ko‘prigi ostidagi qismi va mashina bozori oldida yuzaga keladi. Bugungi kunda tuman hokimiyati binosi yaqinidagi chorrahadan Yangi Sergeli ko‘chasigacha olib borilayotgan quvur tuzatish ishlari ham «itning keng oyog‘iday» bitmasdan rosa haydovchilarni xunob qildi.

Hatto Facebook ijtimoiy tarmog‘ida ham ushbu holat yuzasidan izohlar to‘lib ketdi. «Potrebiteli.uz» sahifasidagi achchiq haqiqatdan parchalar: «Sergelidagi kommunalchilarning yilda ikki marta asosiy prospekt yo‘lini kavlash odati bor. Sergeli xuddi bir yopiq tuman kabidir, uni shahar bilan birgina yo‘l birlashtirib turadi, xolos». Shu post ostida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari faol ravishda fikr bildirishgan: 

«Bu haqiqiy chegaradan chiqishdir. Salkam ikki oydan beri tirbandlik. Tumanimizni Sergeli emas, «Probkali» deb nomlash kerak» (Nigora Shomansurova).

Har kuni amallab Sergelini tark etasiz va yuragingiz bezillab, yana shu yerga qaytasiz, chunki uyga qaytish «darcha»si bitta, avtomobillar esa million!

Hokim buva vertolyotda uchib kelar...

Ochig‘i, odatda, har kuni soat 7:45da uydan oliygoh sari yo‘lga tushaman. Agar 5 daqiqa kech qolsam, bu menga keyin ancha qimmatga tushishi mumkin. Sergeli tumanidan shahar markaziga olib boruvchi asosiy yo‘l bitta. 2017 yilgi gov.uz sayti statistikasiga ko‘ra, tumanda 169 500 nafar kishi istiqomat qilishi ko‘rsatilgan. Yangi uylar qurilishi yakunlansa, tumanda yana 8ta yangi daha, minglab oilalar, yuzlab haydovchi va yo‘lovchilar istiqomat qila boshlaydi. Ana unda ahvol nima bo‘ladi? Yangi yer usti metrosi-chi, deysizmi? To‘g‘ri, metroning ham fuqarolarga mislsiz foydasi tegishi aniq. Lekin bugungi kunda har bir oilaga bittadan avtomashina to‘g‘ri kelishi haqidagi fikrdan kelib chiqib, shuni aytish mumkinki, Sergeli tumaniga kirish va chiqish uchun endi yagona asosiy yo‘l ko‘plab muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Yana bir savol. Bizning hokim militsiya kuzatuvi hamrohligida kelarmikin yoki uchib kelarmikin o‘z ish joyiga? Oddiy aholi kabi kunda tirbandlikda qolib ketsa, oxiri bir kun yo‘q qilardi-da bu muammoni. Yana bir g‘aliz holat, yangi uylar qurilishini tekshirgani kelgan janob prezidentning ko‘zlarini qanday shamg‘alat qilishgan ekan?

Yozsam satrlar satrlarga ulanadigan bu mavzuga haydovchilar bildirgan takliflar bilan xulosa yasasam: yuqoridagi kabi holatni bartaraf etish uchun asosiy yo‘lni kengaytirish, yana kamida bittadan qator qo‘shish, DAN xodimlari yo‘lni nazorat qilishini ta'minlash, avtomashinalar uchun ko‘prik va piyodalar uchun yer usti o‘tish yo‘li qurish lozim. Qancha tez boshlasak, muammoni shuncha tez hal qilish mumkin.

Jamoat transporti haydovchilarining rizqini qirqmang, ish joyiga maishiy sabablar bilan kech qolgan xodimning ma'muriyatdan hayfsan olishiga sababchi bo‘lmang. Xalqning dardi bilan yashab, unga malham bo‘lishni o‘zingiz uchun sharaf deb biling.

Farzona HAMROYeVA

Mavzuga oid