Sport | 10:11 / 23.06.2019
15733
2 daqiqa o‘qiladi

Andrey Kanchelskis «Navbahor»dan iste'foga chiqarildi

Foto: Tribuna.uz

«Navbahor» bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis va uning yordamchisi Aleksey Belenkov iste'foga chiqarildi.

Namangan klubi Superligada 11-turdan keyin 8-o‘rinni egallab turibdi. Jamoa oxirgi to‘rtta turda durang natija qayd etgan.

«Lochinlar» o‘z maydonida «Metallurg» (0:0) va «Andijon» (1:1) klublariga qarshi kechgan o‘yinlarda durangga imzo chekish bilan birga, Olmaliqda OKMK (1:1) bilan bo‘lgan uchrashuvda hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtda o‘z darvozalaridan to‘p o‘tkazib yuborib, tayyor g‘alabani qo‘ldan boy berishgandi.

«Bu esa joriy mavsumda o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygan jamoaga yarashmas, shuningdek, klub rahbariyatini ham qoniqtirmasdi, albatta», – deyiladi klub rasmiy saytida.

Kanchelskis 2018 yil 7 oktyabrida Ilhom Mo‘minjonov o‘rniga «Navbahor» bosh murabbiyi etib tayinlangan edi.

Image
Foto: "Navbahor" FK

Rossiyalik mutaxassis o‘rnini kim egallashi hozircha noma'lum. Namanganliklar bugun Superliga 12-turi doirasida «Buxoro»ni qabul qilishadi. O‘yin soat 19:30da boshlanadi.

Mavzuga oid