O‘zbekiston | 19:40 / 27.06.2019
86828
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud Rashid Qodirov sheriklari ichida eng kam qamoq muddatini olganiga izoh berdi

26 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi O‘zbekiston Respublikasining sobiq bosh prokurori Rashid Qodirov (1952 y.t.) va boshqalarga oid (jami 13 nafar shaxs) jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmini e'lon qildi.

Sud hukmi bilan, Rashid Qodirov Jinoyat kodeksining qator moddalarida ko‘zda tutilgan bir nechta og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.

Rashid Qodirovga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Ayrim ommaviy axborot vositalari va ularning o‘quvchilarida Rashid Qodirovga nima uchun jinoiy sheriklariga nisbatan yengilroq jazo tayinlangani borasida savol paydo bo‘ldi.

Shuningdek, mazkur ish ikki yillik sud jarayonidan so‘ng 14 yilga ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 400 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan, xalq orasida “Ahmadboy” nomi bilan tanilgan Ahmad Tursunboyev ishi bilan solishtirilgan. Qayd etish joizki, A. Tursunboyev (1977 y. t.) va bir guruh shaxslar bo‘yicha bo‘lib o‘tgan ishda yirik miqdordagi mablag‘larini yo‘qotgan 12 mingga yaqin jabrlanuvchi qatnashgan hamda sudlanuvchi qilmishiga yarasha jazo olgan.

Rashid Qodirovga nisbatan tayinlangan jazoga qaytadigan bo‘lsak, qayd etish joizki, hukm chiqarilayotganida sud amaldagi qonunchilikka qat'iy rioya qilgan. Ya'ni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 50-moddasi 6-qismiga muvofiq “Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotgan ayollarga hamda oltmish yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan tayinlanayotgan jazo muddati ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum etish eng ko‘p muddatining uchdan ikki qismidan ortiq bo‘lishi mumkin emas”.

Rashid Qodirovga hukm chiqarilayotgan vaqtda uning yoshi oltmishdan oshgan bo‘lganligi uchun sudlanuvchiga nisbatan nima uchun bunday jazo tayinlanganligi oydinlashadi. 

Ta'kidlab o‘tamanki, ish bo‘yicha raislik qilgan sudya sud jarayoni ishtirokchilariga hukm o‘qiyotganida qabul qilingan qaror mazmuni va ma'nosi, unga nisbatan shikoyat berish muddati va tartibi batafsil tushuntirilgan.

Shu bilan birga, shuni qayd etish lozimki, sud hukmiga nisbatan faqatgina mazkur sud jarayoni ishtirokchilari shikoyat berish huquqiga ega.

Aziz Obidov,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati vakili.

Mavzuga oid